Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya Ukrainaga «Oreshnik» bilan zarba berdi
Rossiya Kiyev shahri va Kiyev oblastiga 90 ta raketa va 600 ta dron uchirdi. Hujumda «Oreshnik» raketasi ham qo‘llangan.
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
24 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shini Kiyev shahri va Kiyev oblasti bo‘ylab o‘nlab raketalar (jumladan, ballistik raketalar) va yuzlab zarbdor dronlar, shuningdek «Oreshnik» qo‘llagan holda yopirilma zarba berdi. Bu urush boshidan buyon Ukrainaga «Oreshnik» bilan uchinchi bor hujum qilinishi bo‘ldi.
Ukraina qurolli kuchlariga ko‘ra, Rossiya hujumda 90 ta raketa va 600 ta drondan foydalangan. Ukraina tomoni aniqlik kiritishicha, 54 ta lokatsiyada jami 16 ta raketa va 51 ta zarbdor dron kelib urilishi qayd etilgan. Zarbalarning asosiy yo‘nalishi Kiyev bo‘lgan.
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA
Poytaxt meri Vitaliy Klichkoning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida Kiyevda ikki kishi halok bo‘lib, 69 kishi yaralangan, jabrlanganlar orasida bolalar ham bor. Shundan 36 kishi shifoxonaga yotqizilgan, qolganlarga joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Ukraina poytaxtining barcha rayonlarida vayrongarchiliklar qayd etilgan; nisbatan eng keng ko‘lamlisi – Shevchenkovo rayonida. «Lukyanovskaya» metrosi atrofidagi «Kvadrat» savdo markazi hamda uning yonida joylashgan Lukyanovskiy bozori deyarli to‘liq yonib ketgan. Bu savdo obektlari «Artyom» harbiy zavodi yaqinida joylashgan bo‘lib, zavod oldin ham bir necha bor Rossiya zarbalari nishoniga aylangandi.
Reuters / Scanpix / LETA
Bundan tashqari, bir necha muzey va madaniy muassasalar, xususan, Ukraina Milliy san’at muzeyi, «Chernobil» milliy muzeyi va Ukraina uyi shikastlangan. Volodimir Zelenskiy ichki ishlar vaziri Igor Klimenko bilan birga zarbaga uchragan «Chernobil» muzeyiga tashrif buyurgan.
Shuningdek, Kiyevdagi portlashlar oqibatida tashqi ishlar vazirligi binosiga biroz zarar yetgan. «Bugun ertalab singan derazalarga qarab, men to‘liq ishonch bilan butun diplomatik jamoamiz nomidan aytishim mumkin: rossiyalik terrorchilar bizni to‘xtatishga majbur qilmaydi», – deb yozdi vazirlik rahbari Andrey Sibiga.
Kiyevda UNIAN nashri tahririyati ofisi ham hujumga uchragan.
Hujum Kiyev oblastini ham qamrab olgan. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Mikola Kalashnikning so‘zlariga ko‘ra, Bucha va Obuxov rayonlarida ikki kishi halok bo‘lib, yana to‘qqiz kishi yaralangan.



Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Yuriy Ignat Kiyev oblasti bo‘ylab «Oreshnik» bilan ham zarba berilganini (Kiyevdan 80 kilometr janubdagi Belaya Tserkov shahri hududida) ma’lum qildi. Ignatning so‘zlariga ko‘ra, raketa Kapustin Yar poligonidan uchirilgan. Zarba oqibatlari haqida ma’lumot yo‘q. Mikola Kalashnik Belaya Tserkov rayonida garajlar kooperativi va korxona binosi shikastlangani haqida yozgan.

Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaga «Oreshnik» bilan zarba berilganini tasdiqladi va Rossiya qo‘shinlari «harbiy boshqaruv obektlari»ga hujum qilganini bildirdi. Hujum davomida «Iskandar», «Kinjal» va «Tsirkon» raketalari ham qo‘llangan. Vazirlik zarba «Ukrainaning Rossiya hududidagi fuqarolik obektlariga terroristik hujumlari»ga javoban berilganini qo‘shimcha qilgan.



22 may kuni Vladimir Putin Ukraina qurolli kuchlarining LXR hududidagi Starobelsk shahrida joylashgan kollej bo‘ylab zarbasi yuzasidan bayonot bergandi. U bu hujumni «terakt» deb atagan va Rossiya mudofaa vazirligiga javob bo‘yicha «takliflarni ishlab chiqish»ga topshiriq bergandi. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Rossiya tomonining Ukraina harbiylari Luhansk oblastidagi fuqarolik infratuzilmasi obektlariga zarba bergani haqidagi xabarlarini «manipulyatsiya» deb atadi va zarba «Rubikon» dronlar bo‘linmasining Starobelsk shahri yaqinidagi «shtablaridan biriga» berilganini aytdi.

Volodimir Zelenskiy o‘z telegram-kanalida tungi hujum yuzasidan shunday munosabat bildirdi:
Putin allaqachon «ura» so‘zini to‘g‘ri talaffuz qila olmaydi – shovqin ko‘taradi – va hali ham o‘z raketalari bilan turar joy binolarini nishonga olmoqda. Rossiyaning uchta raketasi suv ta’minoti obektiga qarshi, bozor yoqib yuborildi, o‘nlab turar joy binolari, bir nechta oddiy maktablar zarar ko‘rdi. Belaya Tserkovga qarshi «Oreshnik»ni qo‘lladi. Haqiqatan ham noadekvat.
Mavzuga oid
10:11
Luhansk oblastidagi kollej binosiga zarba oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi
23:17 / 23.05.2026
AQShning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainaga keng ko‘lamli hujum bo‘lishi haqida ogohlantirdi
14:50 / 23.05.2026
Narkotuzoq, urush va tirik qolish uchun kurash – Luhansk va Donetskdan qaytgan ikki yigit hikoyasi
09:52 / 23.05.2026