Jahon | 19:50
1033
6 daqiqa o‘qiladi

Rubio Eron bilan muzokaralarda «sezilarli o‘sish» borligini aytdi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Nyu Dehlida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Eron mojarosi atrofidagi so‘nggi voqealarga izoh berdi. U Eron bilan ehtimoliy kelishuv bo‘yicha muzokaralarda «sezilarli yutuqlar»ga erishilgani, ammo bu hali «yakuniy natija emasligi»ni ta’kidlagan.

Foto: Getty Images

Rubio AQShning «Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerakligi» haqidagi pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi va Donald Tramp bunga rozi bo‘lishi mumkinligi haqidagi variantni «absurd» deb atadi.

U Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha yaxshi xabarlarga ishora qilib, so‘nggi 48 soat ichida erishilgan taraqqiyot – agar u ish bersa – «bo‘g‘oz bojlarsiz to‘liq ochilishi»ga olib kelishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh urushni to‘xtatish uchun diplomatik kanallarni afzal ko‘radi. «O‘ylaymanki, biz ma’lum bir yutuqlarga erishdik», – dedi u.

Biroq, Rubio «hali ustida ish olib borilishi kerak bo‘lgan masalalar borligi»ni ta’kidladi va shu bilan birga, Trampning keyingi bayonotlarni kutish kerakligini qo‘shimcha qildi – prezident shu kunning o‘zida chiqish qilishi kutilmoqda.

Bir kun avval Tramp Eron bilan kelishuv yaqinligi va bu kelishuvga ko‘ra Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ham ochilishini aytgan, ammo tafsilotlarni keltirmagandi.

60 kunlik sulh

Amerika nashrlari AQSh va Eron o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuv tafsilotlari yuzasidan izoh bermoqda.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv asosida sulh 60 kunga uzaytiriladi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi qayta tiklanadi.

Nashrning amerikalik rasmiylardan biriga tayanib xabar berishicha, kelishuv quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Ushbu davrda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida qatnovlarni bojxona to‘lovlarisiz tiklash, bunda Eron barcha minalarni zararsizlantirish majburiyatini oladi;
  • Qo‘shma Shtatlar tomonidan Eron portlari qamalini bekor qilish va Eron neftiga nisbatan sanksiyalarda qator istisnolar taqdim etish;
  • Eronning yadroviy qurol yaratishga intilmasligi va uranni boyitish dasturi bo‘yicha muzokaralar olib borishi to‘g‘risidagi majburiyatlari loyihasi;
  • Sanksiyalarni bekor qilish va Eronning muzlatilgan aktivlarini blokdan chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borish;
  • Amerika qo‘shinlari mintaqada 60 kun davomida qolishi va yakuniy kelishuvga erishilgandan keyingina olib chiqilishi.

Kelishuv o‘zaro rozilik asosida 60 kundan ortiq muddatga uzaytirilishi mumkin.

New York Times gazetasi amerikalik ikki mulozimga tayanib xabar berishicha, taklif Tehronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralaridan voz kechish majburiyatini ham o‘z ichiga oladi.

Biroq hozircha bu borada rasmiy bayonot berilmadi.

Tehronning reaksiyasi

Erondagi Tasnim axborot agentligi xabar berishicha, AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar shartlari loyihasiga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi urushdan oldingi holatiga «qaytmaydi», biroq kemalar qatnovi harbiy harakatlar boshlanishidan oldingi darajada tiklanadi.

Agentlik ehtimoliy kelishuvda hali ham «ayrim» bahsli nuqtalar mavjudligi va «AQSh tomonidan to‘siqlar» natijasida bu masalalar bo‘yicha kelishib bo‘lmaganini qayd etgan.

Tasnim nashri xabariga ko‘ra, Eronning pozitsiyasi vositachi – Pokistonga yetkazilgan va agar «AQSh tomonidan to‘siqlar davom etsa», kelishuv tuzib bo‘lmaydi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador hisoblangan Fars axborot agentligi xabar berishicha, bahsli masalalar Eronning muzlatilgan aktivlari hamda neft va neft mahsulotlariga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalar bilan bog‘liq.

Shanba kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy davlat televideniyesi efirida so‘nggi bir hafta ichida AQSh va Eron pozitsiyalari yaqinlasha boshlaganini aytdi, biroq shu bilan birga AQShni «ziddiyatli bayonotlar»da aybladi.

Baqoiyning aytishicha, Eron «yakuniy kelishuvga erishish uchun» qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish imkonini beradigan «o‘zaro anglashuv memorandumi» ustidagi ishlarni yakunlamoqda.

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon yakshanba kuni Eron oliy rahbari Mujtaba Xominaiyning «ruxsatisiz» «birorta ham qaror» qabul qilinmasligini aytdi.

Bu bayonot shu hafta boshida Eronning qat’iy liniya tarafdori bo‘lgan siyosatchisi, deputat Kamron G‘azanfari Pizishkiyonni Xominaiyning «ruxsatisiz» o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishda ayblab, tanqid qilishi ortidan yangradi.

56 yoshli Xominaiy 8 mart kuni oliy rahbar lavozimiga kirishganidan beri omma qarshisida ko‘rinish bermagan. Buning o‘rniga u bir necha bor yozma bayonotlar berdi. Biroq, ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi haftalarda u Eronning bir qancha yuqori martabali mulozimlari, jumladan Pizishkiyon bilan uchrashgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid