Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eng yaxshi AI startaplar Prezident sovrini uchun kurashadi
O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasidagi istiqbolli startaplarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezident sovrini uchun «President AI Award» tanlovi o‘tkaziladi. G‘oliblar pul mukofotlari, investitsiya jalb qilish imkoniyati hamda xalqaro bozorlarga chiqish uchun qo‘shimcha ko‘makka ega bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun «Sun’iy intellekt yo‘nalishida eng yaxshi startap» (President AI Award) tanlovini tashkil etish tartibini tasdiqladi.
Qarorga muvofiq, tanlov mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan innovatsion g‘oyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, texnologik yechimlarni amaliyotga joriy etish hamda sohada iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Tanlov sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash, raqamli mahsulotlar va xizmatlar yaratish, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, moliya, sanoat, logistika va boshqa ustuvor sohalar uchun innovatsion yechimlar ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, g‘olib jamoalarga quyidagi miqdorda mukofotlar taqdim etiladi:
-
1-o‘rin uchun — 100 ming AQSh dollari;
-
2-o‘rin uchun — 60 ming AQSh dollari;
-
3-o‘rin uchun — 40 ming AQSh dollari.
Shuningdek, tanlov g‘oliblari o‘z loyihalarini rivojlantirish uchun investitsiya jalb qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Loyihalarni moliyalashtirishda venchur jamg‘armalar va xususiy investorlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Tanlov bir necha bosqichda tashkil etiladi. Saralash jarayonlarida mutaxassislar tomonidan loyihalarning texnologik yangiligi, iqtisodiy samaradorligi, bozor salohiyati va amaliy ahamiyati baholanadi.
Hukumat qarori bilan mazkur tanlovni har yili o‘tkazish, uning shaffofligi va ochiqligini ta’minlash hamda sun’iy intellekt sohasida milliy startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Mavzuga oid
18:32 / 08.06.2026
Sun’iy intellekt yaratgan vaksina odamlarda muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi
09:05 / 06.06.2026
Qurilish sohasida sun’iy intellekt joriy etiladi
20:12 / 05.06.2026
Mashinalar isyoni yaqinmi? - Anthropic kompaniyasi sun’iy intellekt tizimlarini sekinlashtirishga chaqirdi
08:57 / 02.06.2026