Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahon chempionati hakami AQShga kiritilmadi
2025 yilda Afrikaning eng yaxshi futbol hakami deb topilgan somalilik referi Omar Artanga AQShga kirishga ruxsat berilmadi. FIFA tomonidan 2026 yilgi jahon chempionatida ishlaydigan hakamlar ro‘yxatiga kiritilgan mutaxassis Mayami aeroportida chegara nazoratidan o‘ta olmagan.
Reuters agentligining xabar berishicha, qaror o‘tgan hafta oxirida qabul qilingan. Omar Artan AQShga yetib kelganidan so‘ng mamlakatga kirish huquqidan mahrum qilingan va chegara xizmati tomonidan orqaga qaytarilgan.
FIFA ushbu holat bo‘yicha izoh berib, qabul qiluvchi davlatning migratsiya va viza masalalariga aralashmasligini ma’lum qildi.
«FIFA mezbon mamlakatning immigratsiya tartib-taomillarida, jumladan viza masalalarida ishtirok etmaydi. Vakolatli idoralar bizga janob Artanning maqomi hozircha qayta ko‘rib chiqilmasligini ma’lum qildi», dedi federatsiya vakili.
AQSh Bojxona va chegara xizmati ham bu voqeani tasdiqlagan. Biroq idora bayonotida hakamning ismi ochiqlanmagan va mamlakatga kirish rad etilganining aniq sabablari keltirilmagan. Faqat Mayami aeroportiga kelgan Somali fuqarosiga kirish taqiqlangani ma’lum qilingan.
Omar Artan esa vaziyatga qaramay, faoliyatini davom ettirish niyatida ekanini bildirdi. U o‘zini qo‘llab-quvvatlagan futbol jamoatchiligiga minnatdorlik izhor qildi va hamkasblariga jahon chempionatida omad tiladi.
«Qo‘llab-quvvatlov so‘zlari uchun futbol oilasiga rahmat aytaman. Hamkasblarimga jahon chempionatida muvaffaqiyat tilayman va kelajakdagi turnirlarda ular safiga yana qo‘shilishga umid qilaman», dedi Artan.
Omar Artan Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) tomonidan 2025 yilning eng yaxshi hakami deb e’tirof etilgan edi. U jahon chempionati final bosqichi o‘yinlariga jalb qilingan birinchi somalilik referi sifatida ham tarixga kirgan.
Kuzatuvchilarning fikricha, mazkur qaror sport va migratsiya siyosati kesishgan nuqtada yuzaga kelgan bahsli holatlardan biri bo‘lib, jahon chempionati oldidan katta muhokamalarga sabab bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
10:25
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
09:45
Sud Trampning viza siyosatiga qarshi qaror chiqardi
09:13
«Bibi, ehtiyot bo‘l, aks holda mutlaqo yolg‘iz qolasan» – Trampning chaqiriqlardan keyin Isroil va Eron to‘xtadi
17:53 / 08.06.2026