Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan telefon orqali muloqot o‘tkazganini ma’lum qildi. U suhbatni «juda ijobiy» deb baholab, Vashingtonning urushni yaqin vaqt ichida tugatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarni faollashtirishga tayyorligini yuqori baholadi.
Zelenskiyning ma’lum qilishicha, suhbat 8 iyun kuni bo‘lib o‘tgan. Ukraina rahbari ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan bayonotida amerikalik mulozimlarning yaqin haftalarda faol ishlashga tayyorligiga minnatdorlik bildirgan.
«Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga barham berish uchun diplomatiyaga turtki berish maqsadida yaqin haftalarda imkoni qadar faol ishlashga tayyorlik uchun minnatdorman», deb yozdi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot davomida Kiyevda mavjud bo‘lgan va Moskva kayfiyati hamda pozitsiyasiga oid ma’lumotlar ham muhokama qilingan. Zelenskiy AQSh vakillariga Ukrainaning qarashlari va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun tashakkur bildirgan.
Mazkur suhbat Zelenskiyning Londonda Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan o‘tkazgan muzokaralaridan keyin bo‘lib o‘tdi. Ukraina rahbari Kishinyov aeroportida to‘xtab turgan vaqtida Trampning maxsus vakillari bilan telefon orqali muloqot qilgan.
Londondagi uchrashuv chog‘ida Yevropa yetakchilari va Zelenskiy Ukrainada barqaror tinchlikka erishish shartlarini muhokama qildi. Tomonlar Rossiya iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirish, Ukrainaga harbiy yordam hajmini oshirish hamda havo hujumidan mudofaa va uzoq masofali zarbalar uchun zarur bo‘lgan raketa ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Bundan bir necha kun avval Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, urushni tugatish bo‘yicha shaxsiy uchrashuv o‘tkazish va aniq sana belgilashni taklif qilgan edi. Shuningdek, u muzokaralarga Yevropa davlatlari va AQSh ham qo‘shilishi mumkinligini bildirgan.
Biroq Kreml rahbari mazkur taklifga ehtiyotkor munosabat bildirib, hozircha bunday uchrashuvdan ma’no ko‘rmayotganini aytdi. Putin, shuningdek, harbiy harakatlar Rossiya o‘z maqsadlariga erishguniga qadar davom etishini ta’kidladi.
Shu tariqa, Kiyev diplomatik sa’y-harakatlarni faollashtirishga urinmoqda, ammo Moskva hozircha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga tayyor emasligini bildirmoqda.
Mavzuga oid
13:13
Ho‘rmuz yaqinida AQSh armiyasining «Apache» vertolyoti qulab tushdi
10:10
Jahon chempionati hakami AQShga kiritilmadi
09:45
Sud Trampning viza siyosatiga qarshi qaror chiqardi
09:13