Sport | 22:32 / 09.06.2026
1835
5 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya bilan o‘yin ishonch berdi: O‘zbekiston JChga tayyor ekan!

Bugundan futbol mavzusiga ko‘proq to‘xtalamiz, jahon chempionati boshlanmoqda axir. Mundial kundaligi ruknida asosan O‘zbekiston milliy jamoasining JChdagi ishtirokiga e’tibor qaratamiz. Birinchi sonimizda jamoamizning eng oxirgi tayyorgarlik doirasidagi ikki o‘yiniga va umumiy jamoaning holatiga to‘xtalmoqchiman.

To‘g‘risini aytay, Kanadaga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limidan keyin xavotirlanib qolgandim, biroq Niderlandiyadek dunyo futboli giganti bilan o‘yindan keyin Kannavaro boshchilik jamoaga ishonchim oshdi. Bu gapni aytish uchu kechagi o‘yinni kutib turgandim – O‘zbekiston jahon chempionatiga tayyor ekan!

Sovuq dush

Kannavaro O‘zbekiston milliy jamoasini qabul qilib olgandan keyin birorta rasmiy o‘yin o‘tkazilmadi. O‘rtoqlik o‘yinlari bilan esa xulosa qilib bo‘lmaydi. Shu sabab bu murabbiydan nima kutishni ko‘pchilik bilmaydi. U kelganidan buyon faqat iliq so‘zlar eshitdi, tanqid bo‘lmadi, chunki tanqid qiladigan hech narsa yo‘q, go‘yoki barchasi risoladagidek ketayotgandi. Biroq Kanada bilan o‘yin bunday emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Jahon chempionati mezboni jahon darajasidagi jamoaga qarshi o‘yin nimaligini, jahon chempionatida qanaqa raqiblar bo‘lishini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu o‘yin jamoamiz uchun sovuq dush bo‘ldi, barcha xatolarimiz, xususan, katta tempga dosh berishda qiynalishimiz ko‘rinib qoldi.

Kannavaro «JChda xato qilgandan o‘rtoqlik o‘yinlarida xato qilgan yaxshi ekanini» aytdi. Kanadaga qarshi yomg‘irli havoda o‘tgan o‘yin biz uchun juda foydali bo‘ldi. Niderlandiya bilan o‘yin mundial oldidan eng oxirgi repititsiya bo‘ldi, shu bilan Meksikada Kolumbiyaga qarshi birinchi tur o‘yinida maydonga tushamiz.

Niderlandiya juda kuchli va to‘g‘ri tanlangan raqib edi, chunki guruhda Yevropaning yana bir jamoasi Portugaliya bilan o‘ynashimiz kerak. Quvonarlisi, Kannavaro boshchilik jamoamiz Niderlandiyadek gigant jamoa bilan juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Ayniqsa ikkinchi bo‘lim yakunida ustunlik to‘liq biz tomonda bo‘ldi.

Ha, o‘yinda yutqazdik, lekin raqiblar ikkita golni ham penaltidan urdi. Markaziy himoyachilarimiz ikki penaltiga sababchi bo‘ldi. Biz esa chiroyli hujumdan keyin gol urdik, o‘sha payt ustunlik to‘liq biz tomonda edi. Aytgancha, Niderlandiyaning ikkinchi golini hisoblamaslik kerak edi, menimcha. Chunki Gapko zarbadan oldin pauza qilib oldi, bu esa yangi futbol qoidalariga zid.

E’tibor bering, biz Niderlandiyaga yutqazdik va raqib g‘alaba golini o‘yin tugaganidan keyin belgilangan shubhali penaltidan katta ehtimol qoidaga zid tarzda urdi. Jismonan kuchli, tezkor Yevropa grandiga qarshi o‘yinda ustunlikni qo‘lga olib gol ura olishimiz, o‘yinni nazorat qilishimiz mumkinligini ko‘rdik. Bu o‘yin shaxsan menga yaxshigina umid berdi, endi Kolumbiya bilan ham, Portugaliya bilan ham bemalol o‘ynay olishimizga ishondim.

Murabbiylar shtabi Kanada va Niderlandiya bilan o‘yindagi xatolardan xulosaga chiqarishiga shubha yo‘q. Birinchi o‘yingacha o‘n kun vaqt borligi, bu vaqt ichida futbolchilar Amerika havosi, vaqt tafovutiga yanayam moslashib olgan bo‘lishi inobatga olinsa, mundialdan yaxshi natija kutsak arziydi. Avvali bu biz uchun birinchi jahon chempionati, unda guruhdan chiqolmasak ham, jamoani ayblash adolatdan bo‘lmaydi. Lekin Van Deyk boshchilik Niderlandiya bilan tengma-teng o‘ynay oldikmi, demak natija kutsak ham bo‘ladi!

Aytgancha, tarkibdagi muammolar haqida. O‘ng qanotni kim yopishi hamon noaniq: Alijonov tiklanish jarayonida, Karimov bir necha oy futbol o‘ynamagan. Bu muammolar fonida Aziz Turg‘unboyev qoldirib ketilgani yana muhokama qilinmoqda. Lekin hozir ko‘p jamoada bor bunaqa muammolar. Jahon chempionatida bir futbolchi boshqa futbolchining o‘rnini yopib o‘ynashi yangilik emas. Endi qolganiga qo‘shimcha jarohatlar bo‘lmasa, kifoya.

Futbolchilar hozir faqat tiklanish va Kolumbiyaga qarshi o‘yinga eng yaxshi holatda yetib borishni o‘ylashi kerak. Tarkibdagi muammoni murabbiy o‘zi hal qiladi...

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid