Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Norvegiya dunyodagi eng chuqur suvosti tunnelini qurmoqda
Norvegiya g‘arbiy sohilida dunyodagi eng uzun va eng chuqur suvosti avtomobil tunneli hisoblanuvchi Rogfast loyihasini amalga oshirmoqda. Uzunligi 27 kilometr bo‘lgan mazkur inshoot qurib bitkazilgach, dengiz sathidan qariyb 390 metr pastlikkacha tushadi va mamlakat transport tizimida tub burilish yasashi kutilmoqda.
Rogfast tunneli Norvegiyaning g‘arbiy qismida joylashgan yirik Bokna-ford osti orqali o‘tadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, tunnelning eng chuqur qismi bilan suv yuzasi orasiga hatto Nyu-Yorkdagi mashhur Empire State Building osmono‘par binosini ham joylashtirish mumkin.
Loyiha nafaqat o‘zining ulkan ko‘lami, balki muhandislik murakkabligi bilan ham e’tiborga loyiq. Norvegiya fordlari muzliklar ta’sirida shakllangan chuqur vodiylar bo‘lib, ular avtomobil yo‘llari qurilishini ancha qiyinlashtiradi.
Muammo shundaki, fordlar nafaqat keng, balki juda chuqur ham hisoblanadi. Ayrim joylarda ularning tubi atrofdagi tog‘lar balandligidan ham pastga tushib ketadi. Shu sababli muhandislar oddiy ko‘prik yoki sohil bo‘ylab avtomobil yo‘li qurish o‘rniga suvosti tunneli barpo etish qarorini qabul qilgan.
Loyihaning eng murakkab qismlaridan biri marshrut o‘rtasidagi Kvitsey oroli ostida qurilayotgan ko‘p sathli transport tuguni hisoblanadi. Taxminan 200 metr chuqurlikda joylashadigan mazkur chorraha to‘rt yo‘nalishga tarqaluvchi yirik muhandislik inshooti bo‘ladi.
Loyiha rahbari Anne-Merete Gilening ta’kidlashicha, muhandislar tunnelni fordning eng chuqur qismi orqali emas, balki suvosti balandliklari bo‘ylab o‘tkazishni tanlagan. Bu esa qurilish chuqurligini qisqartirish imkonini bergan.
Shunga qaramay, tunnelning ayrim nuqtalari dengiz sathidan qariyb 400 metr pastlikkacha tushadi. Bu esa dunyodagi aksariyat suvosti tunnellaridan bir necha barobar chuqurdir.
Geologiya qurilishning asosiy sinoviga aylandi
Mutaxassislarning aytishicha, loyihadagi eng katta qiyinchilik chuqurlik emas, balki tog‘ jinslarining murakkab tuzilishi hisoblanadi.
Tunnel turli xil tog‘ jinslari qatlamlari orqali o‘tadi. Ayrim joylarda mustahkam fillit qatlamlari uchrasa, boshqa hududlarda suv bilan to‘lgan yoriqlarga ega gneys jinslari mavjud.
330 metrdan ortiq chuqurliklarda suv bosimi 33 bargacha yetadi. Bu oddiy suv ta’minoti tizimidagi bosimdan qariyb o‘n baravar yuqori hisoblanadi.
Loyiha geologi Anne-Brit Moenning ma’lum qilishicha, yaqinda tunnel qurilishi vaqtida bir daqiqada 5-6 ming litr suv oqib kirgan holat qayd etilgan.
«Agar tog‘ jinsida ochiq yoriq uchrasa, suv tunnel ichiga katta bosim bilan yorib kiradi», — deydi mutaxassis.
Norvegiyaning o‘ziga xos qurilish usuli
Ko‘plab zamonaviy megaloyihalarda tunnel qazuvchi ulkan mashinalardan foydalaniladi. Biroq Rogfast qurilishida boshqacha yondashuv tanlangan.
Mutaxassislar «Norvegiya tunnel qazish usuli» deb ataluvchi burg‘ilash va portlatish texnologiyasidan foydalanmoqda. Bu usul sekinroq bo‘lsa-da, murakkab geologik sharoitlarda ancha samarali hisoblanadi.
Avval maxsus Jumbo burg‘ilash majmuasi yordamida tog‘ jinsida o‘nlab quduqlar ochiladi. Keyin muhandislar jinslarning barqarorligini baholaydi va suv kirib kelish xavfini tekshiradi.
Shundan so‘ng maxsus mikrosement aralashmasi yuqori bosim ostida yoriqlarga yuborilib, suv o‘tkazmaydigan himoya qatlami hosil qilinadi. Ba’zi hollarda bir operatsiya uchun 75 tonnagacha sement aralashmasi sarflanadi.
Keyingi bosqichda quduqlarga portlovchi moddalar joylashtirilib, nazoratli portlatish ishlari amalga oshiriladi. Har bir portlatish qurilishni taxminan 5 metrga ilgari surish imkonini beradi.
Portlatishdan keyin tog‘ jinsi chiqarib tashlanadi, devorlar gidroizolyatsiya materiallari va maxsus beton bilan mustahkamlanadi. Tunnel ichiga o‘rnatiladigan 60 mingga yaqin beton panelning har biri alohida loyihalashtirilgan.
Loyiha 2033 yilda tugallanishi kutilmoqda
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Rogfast qurilishida shoshilish imkoni yo‘q. Har bir yangi ochilgan qatlam geologlar tomonidan qayta o‘rganiladi va keyingi ishlar shunga qarab rejalashtiriladi.
Loyiha to‘liq yakunlangach, Norvegiyaning g‘arbiy sohilidagi transport aloqalari sezilarli darajada yaxshilanadi, safar vaqti qisqaradi va fordlar orqali parom qatnoviga ehtiyoj kamayadi.
Qurilish ishlarini 2033 yilda yakunlash rejalashtirilgan. Shundan so‘ng Rogfast dunyodagi eng uzun va eng chuqur suvosti avtomobil tunneli sifatida tarixga kirishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
08:59 / 28.05.2026
Norvegiya Fransiyaning yadroviy “qalqoni”ga qo‘shildi
10:35 / 25.04.2026
Norvegiyada bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlanadi
08:40 / 23.03.2026
Norvegiya O‘zbekistonda chiqindilarni qayta ishlash loyihalariga qiziqish bildirdi
13:37 / 14.03.2026