Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Senegal vakillari AQShda qattiq tekshiruvdan o‘tkazildi
JCh-2026 arafasida mojarolar davom etmoqda.
AQSh hukumati va FIFA rasmiylari JCh-2026 arafasida futbol bo‘yicha O‘zbekiston va Senegal milliy jamoalariga ko‘rsatilgan munosabat tufayli tanqidga uchramoqda: ikki jamoa vakillari ham metall detektorlar va iskovuch itlar yordamida qattiq tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, O‘zbekiston vakillarini Nyu Yorkda, Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuviga yetib kelishgani tekshirishga qaror qilishgan. Videoda jamoa avtobusidan tushib kelayotgan Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi vakillaridan smartfonlarini berish va cho‘ntaklarini ochib ko‘rsatish so‘ralgani aks etgan.
Shuningdek, jamoa vakillarining sumkalari yerga to‘plangan va iskovuch it yordamida tekshirilgan.
Shundan keyingina jamoaga stadionga kirishga ruxsat berilgan.
O‘z navbatida, Niderlandiya futbolchilari bunday tekshiruvdan o‘tkazilmagan.
Afrikaliklar jamoasi bilan bog‘liq vaziyat esa undan ham o‘tib tushdi – Texas shtati San-Antonio shahridagi aeroportga qo‘ngan futbolchilar samolyotdan tushishi bilanoq tekshirilgan.
Videoda futbolchilar va delegatsiyaning boshqa vakillari to‘g‘ridan to‘g‘ri tekshiruv maydonida sinchiklab tekshiruvdan o‘tkazilayotganini ko‘rish mumkin: xavfsizlik xizmati xodimlari mehmonlarni qo‘l metall detektor bilan tekshirishgan, keyin esa ular oyoq kiyimlarni yechish hamda sumkalarni ochib ko‘rsatishga majburlangan.
Ko‘plab muxlislar bunday choralarni haqoratomuz deb baholamoqda.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bunday tekshiruvlar Yevropa yoki boshqa qit’alardagi oldingi jahon chempionatlarida kuzatilmaganini qayd etishmoqda. Shuningdek, Afrika va Osiyo vakillariga ayricha munosabatda bo‘linayotgani haqida ayblovlar yangramoqda.
«Bu delegatsiyalarning barchasi ortiga qaytishi va FIFA jahon chempionatini yakka o‘zi o‘tkazishiga qo‘yib berishi kerak. Bu o‘ta qo‘pol hurmatsizlik», – deydi AkumaCelest nikli foydalanuvchi.
«FIFA uyalishi kerak. Bu osiyoliklar, janubiy amerikaliklar va afrikaliklar bilan sodir bo‘ladi. Hech bir yevropalik mulozim yoki sportchi bunday kamsitilishga duchor bo‘lmaydi», – deya uning fikriga qo‘shiladi dimotc.
«Ularga jinoyatchilardek muomala qilishdi. Eron jamoasi bilan yanada yomonroq bo‘ladi», – deya qayd etgan KvThgio.
Bu birinchi mojaro emas
Shu kunlarda somalilik arbitr Umar Artanni AQShga kiritishmagani ma’lum bo‘lgandi. U Afrikaning 2025 yildagi eng yaxshi hakami sifatida e’tirof etilgani va diplomatik pasportga egaligiga qaramay, hech qanday izohsiz unga rad javobi berilgan va Istanbulga qaytarib yuborilgan.
Artan Somalining jahon chempionati o‘yinlariga tayinlanadigan ilk vakili bo‘lishi kerak edi. FIFA bu vaziyatda hech qanday chora ko‘ra olmadi.
«FIFA qabul qiluvchi mamlakatning immigratsiya jarayonlarida, jumladan, viza berish to‘g‘risidagi qarorlarda ishtirok etmaydi va rasmiylar bizga janob Artanning maqomi hozirda o‘zgarmasligini ma’lum qilishdi», – degan federatsiya vakili Sky Spors telekanaliga bergan izohida.
Arbitrning o‘zi yuzaga kelgan vaziyatga qaramay, ijobiy kayfiyatni saqlab qolgan.
«Futbol oilasiga qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorchilik bildiraman, hamkasblarimga jahon chempionatida muvaffaqiyatlar tilayman. Kelgusidagi turnirlarda ularga yana qo‘shilishga umid qilaman», – deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters.
Boshqa shov-shuvli holatlar ham bo‘ldi. Xususan, Iroq milliy jamoasi hujumchisi Ayman Husaynni ham uzoq tekshirishdi: Chikago aeroportidagi chegarachilar uni qariyb yetti soat davomida so‘roq qilishgan va shundan keyingina mamlakatga kirishga ruxsat berishgan. Iroqliklar jamoasi fotosuratchisi Talal Salohning esa omadi kelmadi – uni ortga qaytarib yuborishgan.
2026 yilgi jahon chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. Ochilish o‘yini Meksika va JAR milliy jamoalari ishtirokida bo‘lib o‘tadi.
Mavzuga oid
20:30
“O‘g‘limning o‘rnidan boshqa bolani imtihonga kiritishgan” - Koreyaga ishga jo‘natish “biznesi” qurboni
10:10
Jahon chempionati hakami AQShga kiritilmadi
02:23
O‘zbekiston so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib, Niderlandiyaga mag‘lub bo‘ldi
19:11 / 08.06.2026