Jahon | 09:15
1686
2 daqiqa o‘qiladi

Putin va Netanyahuga order bergan prokuror vaqtincha ishdan olindi

Xalqaro jinoyat sudi (XJS) bosh prokurori Karim Xonga nisbatan jinsiy ta’qib haqidagi ayblovlar bo‘yicha tekshiruv olib borilayotgani munosabati bilan uni lavozimidan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qaror darhol kuchga kirgan.

Foto: AP

Xalqaro jinoiy sudning Rim statuti ishtirokchi davlatlari assambleyasi byurosi tomonidan qabul qilingan qaror haqida 8 iyun kuni sudning rasmiy sayti orqali ma’lum qilindi.

Bayonotga ko‘ra, Karim Xonning vakolatlari vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, uning ishi yuzasidan yakuniy qaror keyinroq Rim statuti ishtirokchi davlatlari assambleyasi tomonidan qabul qilinadi.

56 yoshli Karim Xon so‘nggi yillarda Xalqaro jinoyat sudining eng ko‘zga ko‘ringan shaxslaridan biri sifatida tanilgan. U 2023 yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin hamda Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Mariya Lvova-Belovaga nisbatan hibsga olish orderi chiqarilishini ta’minlagan edi.

2024 yilda esa uning tashabbusi bilan Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mamlakatning sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantga nisbatan ham hibs orderlari chiqarilgan.

Biroq o‘sha yilning o‘zida XJS xodimalaridan biri Karim Xonni jinsiy ta’qibda aybladi. Ayolning ta’kidlashicha, prokuror uzoq vaqt davomida unga nisbatan noo‘rin harakatlar qilgan va jinsiy xususiyatga ega munosabatlarga majburlashga uringan.

Ushbu ayblovlar ortidan Rim statuti ishtirokchi davlatlari assambleyasi tomonidan mustaqil tekshiruv boshlangan. 2025 yil may oyida Karim Xon tergov jarayoni tugaguniga qadar ma’muriy ta’tilga chiqishi va o‘z vazifalarini bajarmasligi ma’lum qilingan edi.

Karim Xon esa o‘ziga qo‘yilayotgan barcha ayblovlarni rad etib kelmoqda. Uning ta’kidlashicha, ayblovlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va u tergov bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Kuzatuvchilar fikricha, mazkur qaror Xalqaro jinoyat sudi tarixidagi eng rezonansli voqealardan biri bo‘lib, tashkilotning nufuzi va faoliyatiga jiddiy e’tibor qaratilishiga sabab bo‘lmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid