Jamiyat | 14:02
573
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda YTHga uchragan o‘zbekistonlik qiz vatanga qaytarildi

Qozog‘istonning Atirau oblastida YTHga uchrab og‘ir jarohat olgan 17 yoshli o‘zbekistonlik vatanga olib kelindi. Shuningdek, Latviyada insultni boshdan kechirgan va Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan yana ikki fuqaro ham shifokorlar kuzatuvida O‘zbekistonga qaytarildi.

Foto: Videodan kadr

Migratsiya agentligi Qozog‘iston, Latviya va Rossiyada qiyin ahvolga tushib qolgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosini vatanga qaytardi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

17 yoshli qiz Rossiyaga Qozog‘iston orqali avtotransportda yo‘l olgan vaqtda Atirau viloyatida baxtsiz hodisaga uchragan. Oqibatda u og‘ir jarohatlar olib, bir nechta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassisi ma’lum qilishicha, bemorda beshinchi bo‘yin umurtqasi singan va orqa miya faoliyati buzilishi kuzatilgan.

«17 yoshli bemorimiz Atirau shahrida yo‘l-transport hodisasi tufayli jarohat olib, beshinchi bo‘yin umurtqasi singan. U ikki marta operatsiya qilingan. O‘zbekistonga murojaat qilingach, bemorni to‘liq intensiv terapiya nazorati ostida vatanga olib keldik», – deydi shifokor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bemor hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilgan, ahvoli qoniqarli.

Migratsiya agentligiga ko‘ra, Latviyaga mustaqil ravishda ishlash uchun ketgan yana bir o‘zbekistonlik ham vatanga qaytarilgan. U kafolatlangan ish o‘rni bilan ta’minlanmagan va kuchli ruhiy bosim oqibatida insultni boshdan kechirgan. Davolanishdan so‘ng unga shifokorlar nazorati ostida O‘zbekistonga qaytishga ruxsat berilgan.

Agentlik shu kabi holat Rossiyada ham kuzatilganini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, qiyin ahvolga tushib qolgan yana bir fuqaro ham Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ajratilgan shifokorlar kuzatuvida O‘zbekistonga olib kelingan.

Migratsiya agentligi fuqarolarni xorijga ishlash uchun faqat xavfsiz, qonuniy va kafolatlangan yo‘llar orqali borishga chaqirib, xorijda og‘ir ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga zarur yordam ko‘rsatish ishlari davom ettirilayotganini ta’kidlagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid