Jahon | 09:45
1179
3 daqiqa o‘qiladi

Sud Trampning viza siyosatiga qarshi qaror chiqardi

AQSh federal sudi prezident Donald Tramp ma’muriyati tomonidan H-1B mehnat vizasi uchun joriy etilgan 100 ming dollarlik yig‘imni noqonuniy deb topdi. Sud qaroriga ko‘ra, mazkur to‘lov ijro hokimiyati vakolatlaridan tashqarida joriy etilgan.

Foto: Getty images

8 iyun kuni Massachusets shtati federal okrug sudi sudyasi Leo Sorokin H-1B vizasi uchun ariza topshirishda undiriladigan 100 ming dollarlik yig‘imni bekor qilish haqida qaror chiqardi. Mazkur yig‘im Donald Tramp ma’muriyati tomonidan 2025 yil sentabr oyida joriy etilgan edi.

Sud qarori 20 ta shtat tomonidan kiritilgan da’vo arizasi asosida qabul qilindi. Sudya Sorokin o‘z qarorini asoslar ekan, ushbu yig‘im amalda yangi soliq turi hisoblanishini va prezidentda bunday soliqni mustaqil joriy etish vakolati mavjud emasligini ta’kidladi.

«Prezident H-1B vizasi uchun ariza berish jarayoniga soliq joriy etish bo‘yicha na konstitutsiyaviy, na qonun bilan berilgan vakolatlarga ega emas», deyiladi sud qarorida.

Shu bilan birga, AQShning boshqa bir federal sudi avvalroq ushbu yig‘imni qonuniy deb topgan edi. Hozirda mazkur qaror ustidan shikoyat qilinib, apellyatsiya jarayoni davom etmoqda.

H-1B vizasi AQShda yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga jalb qilish uchun mo‘ljallangan dastur hisoblanadi. Undan asosan axborot texnologiyalari, muhandislik, tibbiyot va ilmiy tadqiqot sohalarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar foydalanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har yili tasdiqlanadigan H-1B vizalarining qariyb uchdan ikki qismi Hindiston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tramp ma’muriyati mazkur yig‘imni migratsiya siyosati doirasida joriy qilgan bo‘lib, Oq uy bu qarorni amerikalik fuqarolar uchun ish o‘rinlarini himoya qilish zarurati bilan izohlagan edi. Unga qadar H-1B vizasini rasmiylashtirish xarajatlari odatda 5 ming dollardan oshmasdi.

Kuzatuvchilar fikricha, sud qarori AQSh mehnat bozori uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, yuqori malakali xorijiy kadrlarni jalb qilish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid