O‘zbekiston | 12:19
1034
2 daqiqa o‘qiladi

Sud xodimlarining daromad va mol-mulki deklaratsiya qilinadi

O‘zbekistonda sud apparati xodimlari va ularning oila a’zolari daromadlari hamda mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularning oldini olish bilan shug‘ullanuvchi Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi.

Sun’iy intellekt chizgan surat

Prezidentning «Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va tartibga solish uchun Oliy sud tizimida Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi. Mazkur xizmat korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, sud apparati xodimlarining kasb etikasiga rioya etishini monitoring qilish hamda ishga qabul qilish jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Farmon bilan sud apparati xodimlari, shuningdek ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimini joriy etish vazifasi belgilandi. Bundan tashqari, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini deklaratsiya qilish mexanizmi ham ishga tushiriladi.

Belgilangan rejaga muvofiq, 2027 yil 1 mayga qadar sud apparati xodimlari tomonidan deklaratsiyalarni taqdim etish, ularni tekshirish va tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimi ishga tushiriladi.

Shu bilan birga, sud tizimida korrupsiya, shubhali sxemalar va intizom buzilishlariga olib keluvchi omillarni aniqlashga xizmat qiluvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish elektron axborot tizimi ham yaratiladi.

Farmon sud tizimida shaffoflikni oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini kuchaytirish va jamoatchilikning sudlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid