Sport | 20:52 / 09.06.2026
2375
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp NBA finalida hushtakbozlikka uchradi

Tramp Amerikaning NBA finaliga tashrif buyurgan ilk prezidentiga aylandi. Bu unchalik to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqmadi: avvaliga muxlislar unga hushtakbozlik qilishdi, keyin esa u uxlab qoldi. Qolaversa, uning sevimli jamoasi yutqazib qo‘ydi.

Mark Schiefelbein / AP / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Donald Trampga 8 iyun kuni «Nyu-York Niks» va «San-Antonio Spers» basketbol jamoalari o‘rtasida Nyu Yorkdagi «Medison-skver-garden» stadionida o‘tkazilgan Milliy basketbol uyushmasi (NBA) finalida hushtakbozlik qilindi.

Tramp AQSh tarixida bunday finalga tashrif buyurgan ilk prezident bo‘ldi. U o‘yinni «Niks» jamoasi xo‘jayini Jyeyms Dolanning lojasida o‘z nabirasi Kay va shaxsiy maslahatchisi Boris Epshteyn bilan birga kuzatdi. Tramp – «Nyu York Niks»ning eski muxlislaridan hisoblanadi, u 1990-yillardan buyon ushbu jamoa o‘yinlarini kuzatib keladi.

Trampning tashrifi tufayli stadionda xavfsizlik choralari kuchaytirildi, Nyu York hukumati esa stadion atrofidagi ko‘chada katta ekranlarda o‘yinni namoyish etishni bekor qildi.

O‘yin boshlanishi arafasida milliy madhiya ijro etilayotganida prezidentga hushtakbozlik qilindi. Prezident arenadagi ekranda bir necha soniyaga ko‘rinish berganida muxlislar hushtakbozlik qilishdi – bu vaqtda Tramp tabassum qilib, harbiy salom yo‘llayotgandi. Kameralar «Niks» sportchilariga qaratilganidan keyingina hushtaklar o‘rnini olqishlar egalladi.

Trampning o‘zi bunday qabulga xotirjam munosabatda bo‘ldi. «O‘ylaymanki, bu asosan olqishlar edi», – dedi u o‘yindan so‘ng jurnalistlarga.

O‘yin vaqtida Tramp uxlab ham qoldi.

Tramp va NBA o‘rtasidagi munosabatlar avvaldan yaxshi emas. Milliy basketbol uyushmasi ko‘p yillardan buyon Amerikadagi to‘rtta professional sport ligalari orasida nisbatan «liberal» hisoblanadi, uning ko‘plab sportchilari esa Trampga qarshi chiqishlar qilishadi.

Liganing asosiy yulduzlari – Kevin Dyurant, Stiven Karri, Lebron Jyeyms kabilar prezidentni birinchi prezidentlik muddati davrida ham ko‘p marta tanqid qilishgan. 2017 yilda esa Tramp sportchilarning o‘zi haqidagi keskin fikrlari tufayli NBA chempioni bo‘lgan «Golden Steyt Uorriors» a’zolari uchun Oq uydagi an’anaviy qabulni bekor qilgandi.

Tramp tashrif buyurgan o‘yin to‘rt g‘alabagacha o‘ynaladigan finallar seriyasidagi uchinchi o‘yin bo‘ldi. Bu bahsda «San-Antonio» 115:111 hisobida g‘alaba qozondi. Hozircha «Nyu-York» seriyada hisobda oldinda bormoqda – 2:1. Keyingi bahs 11 iyunga o‘tar kechasi Nyu Yorkda bo‘lib o‘tadi.

Bu safargi final – 1999 yilgi hal qiluvchi seriyaning takrori bo‘lmoqda. O‘shanda ham finalda ushbu jamoalar to‘qnashgan va unda «San-Antonio» 4:1 hisobida g‘alaba qozongandi. O‘tgan vaqt mobaynida «Spers» yana to‘rt marta NBA chempioni bo‘ldi (oxirgi marta – 2014 yilda), «Niks» esa biror marta finallar seriyasiga chiqa olmagan. Ushbu jamoaning oxirgi chempionligi 1973 yilga to‘g‘ri keladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid