Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Andrey Melnik Rossiya harbiylarini tashkilotning tinchlikparvarlik va politsiya missiyalarida ishtirok etish huquqidan mahrum qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina hududida sodir etilgan jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqidagi hisobotlardan so‘ng Rossiya qurolli kuchlari BMT bayrog‘i ostidagi operatsiyalarda qatnashmasligi kerak.
8 iyun kuni BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishida so‘zga chiqqan Andrey Melnik Rossiya harbiylarining xalqaro missiyalarda ishtirokini taqiqlash taklifini ilgari surdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT Bosh kotibi tomonidan qurolli mojarolar bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik holatlari uchun maxsus ro‘yxatga kiritilgan harbiy tuzilmalarga tashkilot nomidan faoliyat yuritish huquqi berilmasligi lozim.
Ukraina diplomati Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzyaning mazkur hisobot Rossiyaga qarshi qaratilgan va uni obro‘sizlantirish maqsadini ko‘zlaydi, degan fikrlarini ham tanqid qildi.
May oyi oxirida BMT tomonidan e’lon qilingan hisobotda Rossiya armiyasi ilk bor qurolli mojarolar davomida harbiy asirlar hamda tinch aholiga nisbatan sodir etilgan zo‘rlash va boshqa jinsiy jinoyatlar bilan bog‘liq holatlar tufayli maxsus «qora ro‘yxat»ga kiritilgan edi.
Melnik o‘z chiqishida Rossiyaning BMTdagi ishtiroki masalasini ham ko‘tarib, Moskva tashkilotning Bosh Assambleyasi qarorlari va uning institutlari xulosalarini muntazam ravishda rad etayotgan bo‘lsa, BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishi mumkinligini ta’kidladi.
«Ehtimol, xayrlashish va BMTni tark etish vaqti kelgandir», dedi ukrainalik diplomat.
Shuningdek, u Rossiya hozirga qadar urushni tugatish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlamayotganini qayd etdi. Melnikning aytishicha, Ukraina mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etish maqsadida ikki davlat rahbarlari uchrashuvini neytral hududda tashkil etishni taklif qilgan, ammo bu tashabbus Moskva tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.
BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig‘ilishi Ukraina tashabbusi bilan chaqirildi. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining 2 iyun kuni amalga oshirgan ommaviy hujumlari oqibatida Kiyev va Dnipro shaharlarida kamida 22 kishi halok bo‘lgan, mamlakat bo‘ylab 100 nafardan ortiq inson jarohat olgan. Jabrlanganlarning aksariyati Kiyev viloyati hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ukraina tomoni mazkur voqealarni so‘nggi vaqtlardagi eng yirik hujumlardan biri sifatida baholamoqda.
Mavzuga oid
10:25
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
22:09 / 08.06.2026
«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
20:34 / 08.06.2026
Xominaiy o‘ldirilgach, Rossiyada Putinni qo‘riqlash uchun yaratilgan kuzatuv tizimi o‘chirib qo‘yildi
20:04 / 08.06.2026