Iqtisodiyot | 09:11 / 28.08.2015
5460
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Xitoy indekslarining tushishi butun dunyoda to‘lqin effektini berdi

Jahon matbuotida xalqaro moliyaviy bozorlarida 24 avgustdan buyon kuzatilayotgan keskin tushish jarayoni qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Atlas-News gazetasida berilgan fikrga ko‘ra, Xitoy indekslarining tushishi butun dunyoda to‘lqin effektini bergan. “Yoz Xitoy uchun yomon keldi, iqtisodiyot o‘sishi sekinlashdi, eksport kamaydi. Indekslar tushishi 2007 yildan buyon eng past ko‘rsatkichni qayd qildi, bu butun dunyoda to‘lqin effektini keltirib chiqardi”, - deyiladi materialda.

Tagesspiegel’da yozilishicha esa, inqirozni Xitoy emas, YeI keltirib chiqargan. Yevropa makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Gustav Xornning aytishicha, Yevropaning iqtisodiyoti oxirgi yillarda barqaror rivojlanmayapti, bu, o‘z navbatida investorlarni bu mintaqaga pul kiritishdan cho‘chitmoqda.

“Devalvatsiya Xitoyning yuanni xalqaro valyutaga aylantirishga bo‘layotgan xatti-harakatlari erta amalga oshirilganidan dalolatdir. Xitoy iqtisodiyotining kun tartibida bundan ko‘ra muhimroq masalalar turgani ma'lum bo‘ldi”, - dedi Jahon banki katta maslahatchisi Brayan Pinto.

“Yevrosiyo” guruhi direktori Yan Bremmer esa, aksincha, Xitoyda inqiroz boshlangani haqidagi gaplarga qo‘shilmadi. “Xitoy iqtisodiyotining real tushishi haqidagi taxminlar o‘zini oqlaymaydi”, - ta'kidladi u.

Uning fikriga CNN telekanali tahlilchilari ham qo‘shildi. Ularning fikricha, jahon moliya bozorlarining qulashiga uchta omil sabab bo‘ldi. Birinchidan, Xitoy iqtisodiyotida o‘sish to‘xtayotgani bilan bog‘liq tahlika. Ikkinchidan, asosiy stavka ko‘tarilishiga ishonchning yo‘qligi. Uchinchidan, neft narxining tushib ketishi. Ma'lumki, AQShda neft olti yildan buyon birinchi marta 40 dollardan past narxda sotilmoqda. Global investorlar bu tahdidlardan qo‘rqib, pul tikmay qo‘yishi moliya bozorini orqaga surib tashladi.

“Qisqacha tanishuv shuni ko‘rsatdiki, Xitoy iqtisodiyoti liberallashuvga tayyor emas ekan. Har qanday moliyaviy tizimning asosini ishonch va ochiqlik tashkil etadi. Xitoyda unisi ham, bunisi ham yo‘q ekan”, - deyiladi The New York Times gazetasida chop etilgan maqolada.

Gonkong qimmatbaho qog‘ozlar bo‘yicha komissiyasining sobiq raisi Endryu Shen va Xalqaro moliya instituti direktori Syao Gen Project Syndicate nashrida chop etilgan tahliliy materiallarida Xitoy hukumatini moliya bozori qiyinchiliklardan chiqib keta olishi uchun unga o‘zini o‘zi boshqarish imkoniyati berishni tavsiya qilishdi. Ularning fikricha, Xitoydagi vaziyat og‘irlashib bormoqda. YaIM o‘sishining barqaror ravishda 7 foizlik darajada turganligiga qaramay, boshqa barcha asosiy ko‘rsatkichlarda – nominal YaIM, asosiy fondlarga investitsiyalar va h.k. – o‘sish to‘rt yildan buyon sekinlashib bormoqda.

Hukumatning ijtimoiy sohani, xizmat ko‘rsatish sektori va maosh darajasini qo‘llab-quvvatlash borasidagi xatti-harakatlari ma'lum vaqt kerakli natijani berganday edi. Bu omillar Xitoy fond bozoriga bo‘lgan ishonchni oshirdi. Lekin iqtisodiyotdagi muammolar yaqqol ko‘zga tashlanishi bilan bu ishonch g‘oyib bo‘ldi.

Agar Xitoy deflyatsiyadan qochishni va investitsiyalar miqdorini oshirishni istasa, bozorga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashi talab etiladi. Mamlakat iqtisodiyoti daromad keltirishiga ishonmagan investorlar bu bozorga pul tikmaydi. Xitoy rahbariyati davlat va bozor kuchlarining teng ishlashini kafolatlamog‘i lozim. Mana shunda yuan devalvatsiyasi Xitoy korxonalarining tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiluvchi omilga aylanadi.

Muallif: Eldor Asanov