O‘zbekiston | 16:36 / 01.09.2015
17889
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik siyosatshunos: Agar siyosatshunoslik fan bo‘lmasa, unda davlatimiz o‘qitgan bu mutaxassislar kim endi?

O‘zbekistonlik siyosatshunoslar o‘z fanlarini himoya qilib chiqishdi.

Bundan oldinroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyrug‘iga binoan O‘zbekistonda Siyosatshunoslik fani bakalavriat yo‘nalishi o‘quv rejalaridan chiqarilgani haqida xabar berilgandi.

Bunga mustaqillik davrida Siyosatshunoslik fani bo‘yicha olimlar tomonidan bir qator adabiyotlar chop etilgani, lekin ularning tahlili bu darslik va o‘quv qo‘llanmalar mavzularining yoritilishi, mazmun-mohiyatining talabalarga yetkazib berilishi bo‘yicha bir-biridan deyarli farq qilmasligini ko‘rsatgani, shuningdek, mazkur adabiyotlarning ba'zilarida bir qator mavzular G‘arbda keng tarqalgan nazariyalar to‘g‘risida ma'lumot berishga asoslangan bo‘lib, o‘zimizga xos taraqqiyot yo‘limiz, “O‘zbek modeli”ning asosiy tamoyillarini atroflicha tushuntirish, islohotlarning mazmun-mohiyatini talabalar ongiga yetkazish, eng muhimi, ularda yoshlarimizning mamlakatdagi bunyodkorlik ishlarida faol va ongli ishtirokini ta'minlashning amaliy mexanizmlari yetarli darajada ko‘rsatilmagani sabab sifatida keltirilgandi.

O‘zbekistonlik siyosiy fanlar nomzodi Farhod Tolipov o‘zining feysbukdagi sahifasida bu fan va shu fan doirasidagi hamkasblari manfaatlarini himoya qilgan holda vazirlikning qaroriga o‘z qarshiligi va e'tirozlarini bildirib o‘tgan.

"Sukunat – rozilik alomati. Biz esa O‘zbekistonda siyosatshunoslikni o‘qitish bekor qilinishiga rozi emasmiz.

O‘zbekiston siyosatshunoslari uchun “ko‘z ochish” vaqti keldi.

Biz Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri A.Vahobovning mamlakat oliy o‘quv yurtlarida siyosatshunoslik fani o‘qitilishini bekor qilish haqidagi o‘taketgan noo‘rin qaroriga qarshimiz. Bu qaror, a'zolari siyosatshunoslik faniga deyarli aloqasi bo‘lmagan ishchi guruhning taklifi asosida qabul qilingan. Ilm-fanga o‘z hissasini qo‘shmasdan, arang siyosiy fanlar doktori ilmiy darajasini olishga erishib, kursiga o‘tirib olgan bu qadimchi amaldorlar siyosatshunoslik fanini soxta fan deb e'lon qildilar. Aslida, bu bilan ular o‘zlari soxta olim ekanligilarini isbotladilar.

Lekin biz bu qarorga rozi emasmiz va o‘z fanimizning muhofazasiga bel bog‘ladik. Biz siyosatshunoslikni o‘z kasbimiz deb tanlaganmiz va bu fanni kasb va o‘quv fani sifatida bekor qilinishi bizni qattiq ranjitdi. Mustaqil O‘zbekistonning ilk yillaridanoq minglab yosh siyosatshunos mutaxassislar diplom olgan, ularning salmoqli qismi fan nomzodi yoki doktori ilmiy darajalariga ham ega. Agar siyosatshunoslik fan bo‘lmasa, unda davlatimiz o‘qitgan bu mutaxassislar kim endi?

Ishchi guruh siyosatshunoslik fanining predmeti boshqa fanlarda ham takrorlanayotganligi, siyosatshunoslikda ilmiy metodologiya yo‘qligi va nihoyat, ilmiy adabiyot G‘arbda keng tarqalgan nazariyalar to‘g‘risida ko‘proq ma'lumot berib, o‘zimizga xos taraqqiyot yo‘limiz, “O‘zbek modeli”ning atroflicha tushuntirilmayotganligi iddao etib, siyosatshunoslikning mazmuni va tarkibi zamonaviy talabga javob bermayotganligi haqida xulosaga kelgan.

Biz bu ishchi guruhga eslatib o‘tmoqchi edik:

Birinchidan, aniq fanlarda ham, gumanitar fanlarda ham fan predmeti takrorlanishi mumkin bo‘lgan chegaradosh sohalar doimo mavjud bo‘lgan va bu bir-biriga yaqin muammolarni chegaradosh sohalar doirasida o‘rganish uchun juda ham asqotadi. Ma'lumki, xalqaro ilm-fan hozirda tor ixtisoslashish yo‘lidan ketayapti, buning natijasida ko‘pgina yangi fanlar paydo bo‘lgan, xususan antropologiya, etnologiya va siyosatshunoslik kabi fanlar. Shuning uchun ham, go‘yoki takrorlanishi iddaosi bilan mavjud fanlarni bekor qilish emas, aksincha, yangi fanlarni kiritish maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchidan, ilg‘or chet el ilmiy va o‘qituv markazlarida siyosatshunoslik nafaqat alohida fan sifatida (Political Science) faoliyat yuritadi, balkim siyosatshunos mutaxassisligi eng obro‘li mutaxassisliklardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston vakillari a'zo bo‘lgan Siyosiy Fanlar Xalqaro Assotsitsiyasi (IPSA) muntazam ravishda o‘z kongresslarini o‘tkazadi. Jahon siyosatshunosligi faqat o‘ziga xos, boshqa fanlarda mavjud bo‘lmagan fundamental prinsiplar, metodologik asoslar, kategorial apparat va ilmiy maktablarga ega. Ishchi guruh a'zolari buni bilmasliklari, ilm-fanning butun boshli alohida sohasini inkor qilishga asos bo‘la olmaydi.

Uchinchidan, davlat taraqqiyoti, siyosiy jarayonlar va munosabatlarning ichki qonuniyatlari siyosatshunoslikning predmeti hisoblanadi. Obekti esa siyosiy institutlar, sub'yektlar, munosabatlar, islohotlar, boshqaruv turlari va hokazolar. Bunday predmet va obekt boshqa hech qaysi gumanitar fanda mavjud emas. Boshqa fanlar esa ushbu masalalarga bilvosita va faqatgina o‘z ilmiy vazifasi doirasida murojaat qiladi. Buni vrach-terapevt kardiologiya, nevrologiya va hattoki akusherlikdan ham xabardor bo‘lishi kerakligiga; ximik esa fizika, matematika va texnologialarni ham bilishi shartligiga qiyoslash mumkin. Hayronmiz, nega bu oddiy haqiqatlarni 21-asrda ham isbotlab o‘tirishimiz kerak.

To‘rtinchidan. Balkim ishchi guruh a'zolari bundan bexabardirlar yoki qasddan o‘zlarini bilmaslikka olayotgandirlar, lekin O‘zbekistonda xalqaro siyosatshunoslikda e'tirof etilgan, ilmiy ishlari eng nufuzli va yuqori impakt-faktorga ega bo‘lgan jurnallarda chop etilgan yuqori malakali bir qator siyosatshunos-olimlar faoliyat yuritadi. Ular o‘ziga yarasha salmoqli ilmiy tadqiqotlar ham olib borishgan.

Beshinchidan, g‘arbiy yoki milliy fizika, g‘arbiy matematika bo‘lmagani kabi, g‘arbiy yoki milliy siyosatshunoslik ham bo‘lmaydi. Nizom-ul-Mulk, Al-Farobiy yoki Amir Temir kabi vatandoshlarimizning qarashlari o‘quv jarayonida yetarlicha joy olmagan deb hisoblayotgan ishchi guruh a'zolari bu yerda ham adashayapti, milliy siyosiy qarashlar o‘quv rejalarda o‘rin olgan. Shu bilan birga aytib o‘tish kerakki, siyosatshunoslik hattoki G‘arbda ham nisbatan yangi fan hisoblanadi, uning arsenali asosan zamonaviy olimlar tomonidan takomillashtirilmoqda. “O‘zbek modeli” ham siyosatshunoslik va boshqa chegaradosh fanlarda yetarlicha yoritilayotgan edi.

Mayli, ishchi guruhning xulosalariga rozimiz ham deyli, lekin “burgaga achchiq qilib, ko‘rpani yoqish” kerak emasdi. Butun boshli fanni bekor qilish o‘rniga, xalqaro amaliyotda qabul qilinganidek, ishchi guruh bu fanning sifatini oshirish uchun aniq choralarni taklif etishi kerak edi. Boshqa fanlarda kamchiliklar va muammolar yo‘qmi? Yoki kamchiliklar faqatgina siyosatshunoslikda mavjudmi, uni bekor qilish kerak?

Sobiq Sovet Ittifoqida 1930-yillarda “soxta fan” deb e'lon qilingan genetika, kibernetika va geopolitika kabi fanlarga qarshi kurashilgan. 21-asr fani bo‘lmish siyosatshunoslikni ham O‘zbekistonda shunday taqdir kutmayotganligidan umid qilamiz.

Mustaqilligimizning ilk davridan boshlab, siyosatshunoslik O‘zbekistonda yangi davr ramzi sifatida o‘qitilishi boshlangan edi. Yosh, mustaqil davlatni taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shish niyatida minglab yoshlar siyosatshunoslikni o‘z kasbi sifatida tanladi. Yangi davlat va yangi fan bir-biriga hamohang edi. Siyosatshunoslik fani O‘zbekiston uchun aynan hozir, global o‘zgarishlar va xalqaro beqarorlik davrida kerak. Zamonamizning muammolariga taqdim etilgan innovatsion yechimlar orqali siyosatshunoslar ham milliy taraqqiyotda samarali ishtirok etishlari kerak.

Biz Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va shaxsan vazir A.Vohobovga mamlakat oliy o‘quv yurtlarida siyosatshunoslik fanini o‘qitilishini bekor qilish haqidagi qarorini qayta ko‘rib chiqishini talab qilamiz. O‘z tarafimizdan, siyosatshunoslik fanini o‘qitish va ilmiy izlanishlarni sifatini oshirish yo‘lidagi bahslarda amaliy ishtirok etishga tayyormiz.

Shuningdek, mamlakat siyosatshunoslarini ushbu murojaatni qo‘llab-quvvatlab, unga qo‘shilishni taklif qilamiz”, deb yozadi Farhod Tolipov.