Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi OTMlarda shartnoma qiymatining oshirilishi bo‘yicha izoh berdi
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi 1 sentabrdan OTM larda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdorlarining 15 foizga oshganligi sabablarini tushuntirdi.
Bundan oldinroq, O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalarida kontrakt narxlari 15 foizga oshgani haqida xabar berilgandi.
Hozirgi vaqtda stipendiyaning o‘rtacha oylik miqdori 300 ming so‘mni yoki yiliga 3,6 mln. so‘mni tashkil etadi va u o‘qitish qiymati kontrakt miqdoriga to‘liq kiritiladi. Bunda to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatining 40-60 foizini stipendiya tashkil etadi, ya'ni talabaga o‘zi tomonidan o‘qish uchun to‘langan mablag‘ning taxminan yarmi o‘quv yili davomida oylik stipendiya ko‘rinishida qaytariladi. Yuqoridagilarga asosan yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt qiymati miqdorini indeksatsiya qilishda, asosiy omil sifatida, o‘tgan o‘quv yilida stipendiya va o‘qituvchilarning ish haqi miqdorlarining 23,2 foizga, to‘lov-kontrakt miqdorlarining esa atigi 10 foizga oshganligi, aniqrog‘i oliy ta'lim muassasalari xarajatlari ularning tushumlaridan tezroq o‘sganligi inobatga olindi.
Shu bilan birga, to‘lov-kontrakt miqdorini 15 foizga oshirishda 2015 yilning 1 sentabridan stipendiyalar va o‘qituvchilarning ish haqi miqdorini 10 foizga oshirilganligini qoplash lozimligi, aks holda yangi o‘quv yilining yakuniga kelib oliy ta'lim muassasalarining byudjyetdan tashqari mablag‘lari bo‘yicha tegishli xarajatlar uchun mablag‘lar yetishmovchiligi kelib chiqishi ham hisobga olindi.
Jumladan, joriy yilning 1 sentabridan to‘lov-kontrakt qiymati bir talabani o‘qitish uchun kelib chiqadigan xarajatlar tanlangan ta'lim yo‘nalishi xarajatlaridan kelib chiqib, 5,8 mln. so‘mdan 8,5 mln. so‘mgacha miqdorda belgilandi. Masalan, “Pedagogika” yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdori 5,8 mln. so‘mni tashkil etgani holda, moddiy-texnik va laboratoriya bazasi hamda pedagogik stavkalar soniga (o‘qituvchilarga) talab yuqori bo‘lgan “Sog‘liqni saqlash” yo‘nalishida 7,65 mln. so‘mni tashkil etadi.
Ma'lum qilinishicha, talabaga to‘lanayotgan stipendiyani hisobga olmagan holdagi o‘qitish uchun to‘lovning xaqiqiy miqdori 2,2-4,9 mln.so‘mni yoki 850-1900 dollarni tashkil etmoqda, bu esa Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlatlari, ayniqsa uzoq xorijiy davlatlardagi oliy ta'lim muassasalarida o‘qitish qiymatidan bir necha bor pastdir.
Shuningdek, to‘lovlar oliy ta'lim muassasalarida moddiy-texnika bazani mustahkamlashga yo‘naltiriladi, deyiladi vazirlikning xabarida.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi talabalarni va ularning ota-onalarini qiziqtirgan barcha savollarga yozma shaklda hamda davlat interaktiv xizmatlari orqali javob berishga tayyorligini ma'lum qiladi.