Google, Apple va Microsoft AQShga foydalanuvchilar xabarlarini oshkor qilishdan bosh tortmoqda
Google, Apple va Microsoft singari AQSh texnologiya kompaniyalari mamlakat Adliya vazirligi hamda Federal qidiruv byurosi (FQB)ning foydalanuvchilar xabarlarini o‘qishga ruxsat so‘rab qilgan ko‘plab murojaatlarini rad etib kelmoqda. Bu haqda dushanba, 7 sentabr kuni New York Times gazetasining elektron shaklida e'lon qilingan.
Gazeta axborot manbasining so‘zlariga ko‘ra, Amerika hukumati so‘nggi oylarda muntazam ravishda yuqoridagi va boshqa kompaniyalarga o‘zlariga fuqarolar elektron xizmatlar orqali yuborgan xabarlarini taqdim etishni so‘rab murojaat qilib kelgan. Qoidaga binoan, mazkur so‘rovlar foydalanuvchilar ustidan olib borilayotgan tergov jarayonlari sabab qilib ko‘rsatilgan.
Nashrning qayd etishicha, adliya vazirligi giyohvand moddalar va qurol-yarog‘ savdosi bo‘yicha gumon qilinayotgan shaxslar iPhone smartfonlari orqali almashgan xabarlarni Apple kompaniyasi taqdim etishi to‘g‘risidagi sud qarorini qabul qilib olgan. Apple esa javob tariqasida iMessage xabar jo‘natish xizmati shifrlangan axborotlardan foydalanishi va shuning uchun “kompaniya sud qaroriga bo‘ysuna olmasligini” ma'lum qilgan.
Maqolada Adliya vazirligi ayni paytda sud tartibi asosida Microsoft`dan ham uning kompyuterlaridan birida saqlanayotgan ma'lumotlarni qo‘lga kiritishga urinayotgani keltirib o‘tilgan.
“Apple va Microsoft bilan bog‘liq mojarolar Amerika maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Sonuden tomonidan ko‘plab ma'lumotlar fosh qilinganidan so‘ng texnologiya korporatsiyalar hukumatga qarshilik ko‘rsatib, o‘z mijozlari axborotlarini himoya qilishga o‘tganini ko‘rsatmoqda”, deyiladi maqolada.
Nashrning mamlakat huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasining qayd etishicha, AQSh Moliya vazirligi va FQB xodimlari Oq uy mazkur masalaga hali-hamon aralashmayotgani va kompaniyalarni zarur ma'lumotlarni oshkor qilishga undamayotganidan ranjimoqda.