Jamiyat | 19:08 / 23.09.2015
31076
11 daqiqa o‘qiladi

Hayit bayramidagi go‘zal odatlar

Bizda “Qurbon hayiti” yoki “Kichik hayit” deb nomlanadigan kun diniy manbalarimizda “Iyd al-Azha” deb yuritiladi. “Iyd” so‘zi arab tilida “qayta-qayta takrorlanish”, “foyda-manfaat” ma'nolarini bildiradi. Hayit kuni har yili takror, qayta-qayta kelgani va bu kunda Allohning ne'matlari bandalari uchun serob bo‘lgani bois, uchun uni “iyd” deb atashadi. “al-Azha” esa “qurbonlik qilish”, degan ma'noni anglatadi.

Xalqimiz qadimdan, Islom dini bilan musharraf bo‘lgan kundan boshlab Qurbon hayitini tantanali ravishda bayram qilib nishonlab kelgan. Iyd namozini o‘qish uchun butun shahar ahli bir namozgohga yig‘ilgan. Namozdan so‘ng beva-bechoralar holidan xabar olish, faqiru kambag‘allarga moddiy yordam ko‘rsatish, bolalarga hayitlik sovg‘alari ulashish xalqimiz ichida an'anaga aylangan.

Olimlar bu kunda quyidagi amallar eng chiroylilari, deb hisoblashgan:

1. Iyd kechasini ibodat bilan o‘tkazish

Iydga o‘tar kechaning ham o‘ziga yarasha fazilati bor. Uni butunlay yoki bir qismini, xususan, kechasining uchinchi qismini Qur'on tilovati, zikr, tasbeh va nafl namozlar bilan bedor o‘tkazish ko‘plab yaxshiliklarga, ulkan savoblarga sabab bo‘ladi.

Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kim ikki iyd kechalarini Allohdan savob umidida qoim qilsa, qalblar o‘ladigan kunda uning qalbi o‘lmas”, – dedilar”.

Ibn Moja va Tobaroniy rivoyat qilgan.

2. G‘usl qilish 

Islom poklik dini. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining bir hadislarida: “Poklik iymonning yarmidir”, deganlar. Mana shunday ibodatlar oldidan, ko‘pchilik to‘planadigan joylarga borishdan oldin g‘usl qilish dinimizda alohida ta'kidlangan. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr kuni g‘usl qilar ekanlar.

3. Tishlarni tozalash

Tishni toza tutishga Islom dinichalik e'tibor bergan birorta din yoki ta'limot yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar ummatimga mashaqqat bo‘lishidan qo‘rqmaganimda, ularni har namoz oldidan misvok qilishga buyurgan bo‘lar edim”, deganlar. Shu bois har namoz oldidan misvok qilish sunnat amal hisoblanadi. Hayit namozi uchun esa, bu narsa yanada muhimdir.

4. Bayram uchun yasanish

Musulmon kishi hayitga eng yaxshi kiyimlarini kiyishi, iloji bo‘lsa, yangisini sotib olishi mustahab. Bu ham bo‘lsa, Alloh bayram qilib bergan kunni nishonlash, uni qadrlash ramzi hisoblanadi. Bu ish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan meros bo‘lib qolgan amaldir.

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikki iydda hibara chopon kiyar edilar”.
“Hibara” – Yamanning mashhur kiyimi.

Shu bois iyd uchun eng yaxshi kiyimlarni kiyish musulmonlar ichida keng tarqalgan. Sahobai kiromlar ham ushbu sunnatga doimo amal qilganlar. Xalqimiz qadimdan ushbu sunnatni go‘zal tarzda amalga oshirib kelgan. Hayit arafalarida kiyim-kechak bozorlarimizda savdo-sotiq qizg‘in avjiga chiqishi ham shundan. Bu ishda Alloh taolo bergan ne'matlarga shukr qilish bor.

5. Xushbo‘ylik surtish

Bu ham Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan. U zot alayhissalom asli xushbo‘y edilar. Shu bilan birga, doimo xushbo‘ylik surtib yurar edilar va: “Menga dunyoyingizdan xo‘shbo‘ylik mahbub ko‘rsatildi”, deb qo‘yar edilar. Jamoatchilik joyga kirishda xushbo‘ylik surtib olish yuksak odob namularidan biri bo‘lib, ko‘plab noqulayliklarning oldini oladi.

6. Hayit namoziga chiqish

Iyd namozi har bir balog‘atga yetgan, sog‘-salomat va o‘z yurtida muqim bo‘lgan mo‘min-musulmon er kishiga vojibdir. U, hayit kungi eng asosiy, muhim amal hisoblanadi. Hayit kunining asosiy fazilati ham Iyd namozini o‘qish bilan ro‘yobga chiqadi.

7. Qurbonlik qilish

Qurbon hayitining nomidan ham ma'lumki, bu bayramda asosiy amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ish Alloh yo‘lida jonliq so‘yishdir. Qurbonlik qilish o‘z yurtida muqim bo‘lgan, ayni vaqtda zakot nisobidagi mulkka ega bo‘lgan har bir mo‘min¬musulmon erkagu ayolga vojib hisoblanadi. Uning vaqti hayit namozi o‘qilgandan so‘ng boshlanib, uchinchi hayit kuni quyosh botishidan oldin tugaydi.

8. Xonadonda bayram qilish

Hayit kunlari oila ichida ham bayram kayfiyatini tiklash kerak. Uyga qilinadigan xarajatlarni odatdagidan yaxshiroq qilish lozim. Iloji bo‘lsa, ularga sovg‘a va maxsus hadyalar ulashilsa, yanada a'lodir. Bunda hadyalarni qo‘ni-qo‘shni va boshqa musulmonlarga ham berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“O‘zaro hadya berishinglar, bir-biringizga muhabbatingiz bo‘ladi”, – deganlar”.

Bayhaqiy va boshqlar rivoyat qilgan.

9. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, beva-bechoralarga xursandchilik ulashish

Hayit munosabati bilan ustoz va olim kishilarni ziyorat qilish ham juda katta savobli ishlardan hisoblanadi. Shuningdek, bemor ko‘rish, yo‘qsil, qambag‘allar holidan xabar olish, ularning ham hayitni nishonlashlariga ko‘maklashish ayni savob ish bo‘ladi.
Hayit kunlari sila rahm qilish, qarindosh-urug‘, quda-andalarni ziyorat qilish har qachongidan ham ko‘ra ta'kidlangan bo‘lib, savobi ko‘proq bo‘ladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
“Kimni rizqini kengaytirilishi va ajalini ortga surilishi masrur qilsa, qarindoshlariga silai raqm qilsin”, – dedilar”.

Uchovlari rivoyat qilishgan.

Shuningdek, uzoqlashib ketgan qarindoshlar bilan, ayrim arazlashgan do‘st-yaqinlar bilan hayit bahonasida aloqalarni tiklash, yarashib olish lozim.

10. Bolajonlarga hayitlik berish

Bolalarga munosib hadya va sovg‘alar ulashilsa, ayni maqsadga muvofiq bo‘ladi. Farzandlar yil davomida hayitni eslab yursin, uni orziqib kutsin, uning buyukligini his qila bilsin, ana shunda yaxshi bo‘ladi. Bu kabi ishlar bolalar ongida milliy-diniy qadriyatlarimizga nisbatan ehtirom tuyg‘usining shakllanishiga, ularning Vatan va millatga haqiqiy sadoqatli insonlar bo‘lib tarbiya topishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ulamolar quyidagi amallarni hayit kuni qilib bo‘lmaydi, deb hisoblashgan:

1. Ro‘za tutish
Hayit kuni bayram bo‘lgani, hamma musulmonlar turli uslub va amallar bilan bu kunni nishonlashi e'tiboridan, bu kunda ro‘za tutishdan qaytarilgan. Qurbon hayiti kuni va undan keyingi uch kunda ro‘za tutish makruh hisoblanadi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bundan qaytarganlar.

Abu Sa'iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki kunning – Fitr kuni va Nahr kuni ro‘zasidan qaytardilar”.
Muslim rivoyat qilgan.

2. Gunoh ish qilish
Hayit kuni qilingan yaxshi amallarning savobi ko‘p bo‘lgani kabi, bu kunda qilingan gunohlarning javobi ham qattiq bo‘ladi. Shu bois hayit ekan deb, bo‘lar-bo‘lmas ishlarni qilib, shunday ulug‘ kunda gunohga o‘tib ketmaslik kerak.
Hazrati Ali roziyallohu anhu: “Alloh taologa osiylik qilmagan har bir kunimiz biz uchun hayitdir”, degan ekanlar.

4. Hayit kunlari ayollarning qabristonlarga borishi
Dinimizda aynan hayit kuni qabristonga borish haqida ko‘rsatmalar yo‘q.
Qabr ziyoratiga Islom nuqtai nazaridan qaraladigan bo‘lsa, avvalo, qabrni ibrat uchun, oxiratni eslash maqsadida ziyorat qilinishi lozimligi ta'kidlanadi. Shu bois dinimizda qabrlarni ziyorat qilish ma'lum kun yo soatga belgilangan emas. Balki tez-tez, xususan, qalb g‘aflati ortganini sezgan chog‘da qabristonlarni ziyorat qilish tavsiya etiladi.

5. Hayit kunlarini azaga aylantirib olish
Ikki iyd kunlari mo‘min-musulmonlarning eng ulug‘ bayramlari hisoblanadi. Diniy manba'larimizda bu kunlarni xursandchilik, shodlik ruhida, bayram kayfiyatida o‘tkazilishi kerakligi ta'kidlangan. Ammo hayit kunlari fotihaxonlik qilish haqida ko‘rsatmalar yo‘q. Bugungi kunda bu odat azadorlarga ham ko‘plab qiynchiliklar tug‘dirayotgani hech kimga sir emas. Ba'zan bu narsa azadorlarning yarasini yangilash, mashaqqatlari ustiga yana mashaqqat tug‘diradi. Shuning uchun ham ulamolarimiz uch kundan keyin ta'ziya bildirish uzoqdagi kishilar uchun, boshqalarning mazkur muddatdan keyin ta'ziya bildirishi musiybatni yangilash bo‘ladi, bu esa musiybat ahliga og‘ir keladi, ko‘zlangan maqsadga zid ish bo‘ladi, deb aytganlar.

Qurbon hayiti bayramini mazkur odoblarga rioya qilgan holda o‘tkazsak, ushbu ulug‘ kunni munosib nishonlagan bo‘lamiz, ko‘plab yaxshiliklarga, ajru savoblarga ega bo‘lamiz, xalqimiz orasida ezgulik, mehr-oqibat bardavom bo‘lishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz, eng muhimi, ushbu kunlarni bizga bayram qilib bergan Robbimizning roziligiga musharraf bo‘lamiz. Mana shu haqiqatni ututmasligimiz lozim.

XABARDOR.UZ / Internet materiallari asosida Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi