Fan-texnika | 10:41 / 01.11.2015
16930
7 daqiqa o‘qiladi

Tokio avtosaloni: Biz yaqin kelajakda qanday avtomobillarda yuramiz

44-marta bo‘lib o‘tayotgan Tokio avtosalonining birinchi kuni uning tarixidagi eng katta ko‘lamdagi avtomobillar namoyishi o‘tdi. Avtosalonda namoyish qilingan yangi avtomobillarning katta qismi kelajak avtomobillari qanday bo‘lishi haqida tasavvur beruvchi yuqori texnologik kontseptlarga to‘g‘ri keldi. Quyida Tokio avtosalonida namoyish qilingan avtomobillar haqida qisqacha ma'lumotlar berilgan.

“Mazda”ning RX-modellari muxlislari va umuman barcha uchun yaxshi yangilik: kompaniya rotorli motorlarga qaytdi. Buning isboti sifatida Tokioda yangi avloddagi SkyActiv-R dvigatelli sportkar kontsepti namoyish qilindi. Biroq Mazda hozircha hech qanday texnik jihatlarni oshkor etmayapti, shunisi ma'lumki, 4,4 metr keladigan bu kupe orqa privodli, ya'ni orqa g‘ildiraklari tortuvchi qilib ishlangan.

Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, modelning RX-Vision seriyali versiyasi 300 ot uchiga ega dvigatel bilan jihozlanadi. Shuningdek, dvigatelning turbonadduvli yoki gibrid kuch qurilma tarkibidagi variantlari ham ishlab chiqarilishi ehtimoli bor. Mazda ushbu kontseptni “qachondir haqiqatga aylanadigan kompaniyaning kelajagi” deb atadi.

 

Nissan kelajak haqidagi tasavvurlarini IDS kontsepti orqali ifodaladi. Ushbu kontsept karbon kuzovga ega to‘liq elektrik xetchbekdir. Mashina avtopilot tizimi bilan ta'minlangan va haydovchisiz, mustaqil ravishda parkovka qilishni biladi.

Biroq IDS’ning eng qiziq jihati uning old paneli o‘zgartiriladigan intereridir. Avtopilot yoqilganda rul to‘liq olinadi. Mashinadagi oldi o‘rindiqlar bir-biriga ozgina buriladi.

“Mersedes” ham avtosalonga kelajak avtomobili – avtopilotli va vodorodda ishlaydigan dvigatelli minivenini olib keldi. Bu miniven Vision Tokyo deb nomlandi. Vodorod uchun mo‘ljallangan baklar to‘la bo‘lganda mashina deyarli ming qilometr yo‘l bosa oladi. Bu yo‘lning dastlabki 200 kmini mashina zaxiralab qo‘yilgan elektr yordamida bosib o‘ta oladi.

Avtomobil salonda yangrayotgan musiqaga monand chiroqlari bilan yonib-o‘cha oladi hamda maxsus datchiklar to‘plami, kameralar va GPS yordamida mustaqil harakatlana oladi. Yo‘lovchilar bu orada butun multimedia tizimi boshqariladigan gologrammalar bilan ko‘ngilxushlik qilishlari mumkin. “Mersedes”da ta'kidlanishicha, bu imkoniyat o‘tgan asrning 90-yillardan keyin dunyoga kelgan Z avlod vakillari uchun ayniqca xush keladi.


“Yamaxa” o‘z tarixidagi ikkinchi to‘rt g‘ildirakli modelini namoyish qildi va bir vaqtning o‘zida o‘z kelajagi – ikki o‘rindiqli Sports Ride sportkar kontseptiga boqishga imkoniyat berdi. Platforma o‘lchamlari va kuzov panellarini tez o‘zgartirishga imkon beruvchi maxsus texnologiyada qurilgan kupening o‘lchami 3,9 metrni tashkil qiladi, karbon kuzov evaziga uning og‘irligi 750 kg ni tashil qiladi.

Mitsubishi eX kontseptual krossoveri keyingi avlod ASX modeli haqida tasavvur beradi. Prototip elektr jihozlari to‘liq yangilandi va qayta quvvatlashsiz 400 km bosib o‘ta oladi.

Mashinada boshqa avtomobillar bilan o‘zaro harakatlanish funksiyasiga ega avtopilot tizimi hamda to‘liq privod va ilg‘or xavfsizlik tizimi paketi ko‘zda tutilgan. Ko‘rinishicha, yangi ASX juda keskin ko‘rinishda bo‘ladi.

Toyota kelajakka o‘zining yangi vodorod yoqilg‘isida ishlaydigan FCV Plus kontsepti bilan boqdi. Mashinaning texnik ko‘rsatkichlari hozircha sir saqlanmoqda, biroq o‘ta futuristik ko‘rinishga ega avtomobildan foyda dastlab tasavvur qilinganidan ko‘proqni tashkil qiladi. Hamma gap yoqilg‘i yacheykalarida ishlovchi tizimning bir qiziq jihati, ya'ni elektr energiya bera olishidadir.

“Toyota”da FCV Plus foydalanmay qo‘yilgandan keyin undan generator sifatida foydalanish, ya'ni unga qandaydir elektr jihozlar yoki hattoki uyning elektr tarmog‘ini ulash ham mumkin, deyilmoqda.

“Leksus” Tokioda keyingi avlod LS sedanining prototipini namoyish qildi. LF-FC prototipi vodorod yoqilg‘i elementlarida ishlovchi kuch qurilmalari va to‘rtta g‘ildirakning ishlashi uchun javob beruvchi elektr motorlar bilan jihozlangan.

Biroq kontseptning saloni va avtomobilni boshqarish funksiyalari barchasidan ko‘ra ko‘proq o‘ziga jalb qiladi. Bu yerda barcha narsa faqatgina imo-ishora yordamida boshqariladi, bunga esa markaziy konsoldagi golografik displey yordam beradi.

Subaru yangi avloddagi “Impreza”ning qanday bo‘lishini ko‘rsatuvchi kontseptini namoyish qildi.

Avtomobil to‘liq privodli bo‘lib, u hozirdagi 5 eshikli Impreza’dan 15 mm ga qisqaroq, 140 mm ga kengroq va 25 mm ga balandroqdir.

“Z” avlodga mo‘ljallangan yana bitta avtomobil Nissan Teatro for Dayz bo‘lib, gadjyetlar fanatlari hattoki orzu qilmagan personallashtirish imkoniyatlarga ega kelajak avtomobilidir. Mashinaning old paneli, eshik qoplamalari va hattoki o‘rindiqlar ham o‘zidan smartfonlar va internetdan tasvirlarni chiqara oladigan displeyni namoyon
qiladi.

Misol uchun interer uchun turli fonlar tanlash mumkin. Avtomobilning tashqi tomonida ham displeylar mavjud – eshiklarning pastki qismida elektr kuch qurilmasi batareyalarining quvvatlanganlik darajasi aks etib turadi.

“Xonda” uchun kelajak kirib bo‘ldi – kompaniya avtosalonda vodorodda harakatlanuvchi Clarity Fuel Cell avtomobilini namoyish qildi. 177 ot kuchiga ega Honda’ni keyingi yilda sotib olish mumkin bo‘ladi.

Avtomobil narxi hozircha e'lon qilinmagan, biroq ba'zi boshqa raqamlar ma'lum: model qayta quvvatlanishsiz siqilgan vodorod bilan 700 km dan ko‘proq yo‘l bosa oladi. Avtomobilni to‘liq quvvatlash uchun bor-yo‘g‘i 3 daqiqa vaqt sarflanadi.

Subaru’ning yana bir kontsepti Viziv Future modeli – Viziv seriyasidagi yo‘ltanlamasning navbatdagi kontsepti 1-2 yildan keyin chiqadigan katta seriyali modelga ishora qilmoqda. Mashina gibrid kuch qurilmasiga ega va shosse bo‘ylab mustaqil ravishda yura oladi.