11:50 / 13.11.2015
10240

Noyabr premerasi: yangi “007” kino ishqibozlarini hayron qoldira oldimi?

Britaniya razvedkasining superagenti Jyeyms Bond haqidagi yigirma to‘rtinchi film.

Bosh rollarda: Deniel Kreyg, Lea Seydu, Kristof Valts, Reyf Fayns, Naomi Xarris, Endryu Skott, Ben Uishou; kameoda Monika Beluchchi; rejissyor – Sem Mendes. Hollivud kinolarining ishqibozlariga bu nomlar juda yaxshi tanish. Ulardan tashkil topgan ijodiy jamoadan nafas yutib navbatdagi durdonani kutayotgan edik. Kutganimizday bo‘lib chiqdimi?

Voqealar Mexikoda, xalq sayli chog‘ida boshlanadi. Ajabtovur niqob taqib olgan Bond o‘n minglab odamlar ichidan o‘ziga kerakli shaxsni – shaharda ko‘poruvchilik harakati uyushtirishni rejalashtirayotgan terrorchi Marko Skyarrani osonlik bilan topadi. Lekin uni yo‘q qilish unchalik oson kechmaydi – avval ulkan bino kunpayakun qilinadi, so‘ng ikki raqib saylga chiqqan aholining boshi uzra vertolyot ichida dumalashib kurashadi.

G‘alabaga, har doimgiday, Bond erishadi.
Bu filmdagi eng birinchi va eng yaxshi sahna bo‘ldi. Undan keyin esa mutlaqo tushunarsiz va bema'ni yugur-yugurlar boshlanib ketdi (eslatib o‘tamiz, qahramonlarning deyarli barchasi kitobdan olinganiga qaramay, syujyet Bond haqidagi romanlarga aloqador emas). Marhum M (Judi Dench) o‘z videovasiyatida Vanga havas qilsa arziydigan aniqlik bilan kelajak voqealarini bashorat qiladi-yu (hammasini bilar ekansan, nega yillar davomida asosiy dushmanlaringni yo‘q qilishga harakat qilmading?), Bond hech qanday ehtiyojsiz dunyo keza boshlaydi, yo‘l-yo‘lakay uni bir-biridan mantiqsiz sarguzashtlar ta'qib qiladi...

Bu Deniel Kreyg ijrosidagi oxirgi Bond edi. Lekin tetralogiya ijodkorlari bir-biri bilan chiroyli xayrlashishni istamagan ko‘rinadi: ssenariynavislar qiziqroq syujyet ustida bosh qotirib o‘tirishmagan, rejissyor esa original topilmalar bilan muxlislarni quvontirish o‘rniga xronometrajni kinematografda million marta takrorlanayverib siyqasi chiqib ketgan kinoshtamplarga to‘ldirgan. Film shu qadar jo‘n, zerikarli va soddaki, qahramonlarning xatti-harakatlarini va syujyet burilishlarini bemalol oldindan topib o‘tirdim: mana hozir razvedkaning yangi boshlig‘i Maks Denbi (Endryu Skott) shoshilib kabinetiga kiradi, chiroqni yoqadi, xonaning bir chetida esa uni o‘zi qidirayotgan raqibi – yangi M (Reyf Fayns) kutib o‘tirgan bo‘lib chiqadi; bosh qahramon yigit bosh qahramon qiz o‘zini mudofaa qila olishi uchun unga to‘pponcha beradi, bundan oldin bu o‘yinchoqni qanday ishlashini ko‘rsatadi, tepkining qayerdaligini ko‘rsatishdan boshlaydi, albatta; bir qarashda beozor qizaloq esa qurolni shartta qo‘liga olib, safarbarlikdagi harbiy xizmatchi misoli sanoqli soniyalarda sochib tashlaydi; Bond jiddiy taftish arafasida turibdi, lekin nimagadir rahbariyat bunga qarshi, loyiha juda “vaqtida” yopiladi, natijada bosh qahramon bir o‘zi qolib ketadi.

Tetralogiyaning birinchi qismi bo‘lmish “Royal” kazinosi”da ilgarigi Bondlarga xos ba'zi bir shtamplardan (“Bond. Jyeyms Bond”; “Aroqli martini. Silkiting, aralashtirib yubormang”) qochilgani eng katta muvaffaqiyatlardan biri deb topilgan edi. Taassufki, “Spektr”da ularning barini o‘z o‘rniga qaytarishga qaror qilinibdi.

Film syujyetini ilgarigi qismlar bilan bog‘lashga harakat qilingani uni yanada beo‘xshov qilib qo‘ygan, negaki bu bog‘lanish tamoman sun'iy bo‘lib, aqlini biroz ishlatgan tomoshabinning kulgisigagina sabab bo‘ladi. Go‘yoki ilgarigi qismlarda chiqqan raqiblar “Spektr” a'zolari emish-u, ular Frants Oberxauzer (Kristof Valts) tomonidan ataylab Bondning yo‘liga tashlangan emish. Lekin ular o‘rtasida quruq so‘zlardan boshqa birorta mantiqiy bog‘lama yo‘q: bu dushmanlar Bondni qidirib kelgani yo‘q, aksincha, agent o‘zi ularning iziga tushgan. Ularning qilgan ishlari ham “Spektr”ning faoliyati va maqsadlariga mutlaqo mos kelmaydi. Bosh dushmanning Bondga tutingan aka bo‘lib chiqishi esa bolaligimda urf bo‘lgan hind filmlarini eslatib yubordi. “Amerikacha go‘zallik”, “La'natlangan yo‘l”, “O‘zgarishlar yo‘li” singari durdona filmlarni faxriy ro‘yxatiga yozib qo‘ygan Sem Mendesday kuchli rejissyor bunday ikkilamchi va sifatsiz kartinani tasvirga olishi uyat!

Mayda xatolarni (Mexikoning markazida butun boshli bino to‘kilib tushsa-yu, undan bir chaqirim naridagi odamlar hech narsadan bexabar bayramni davom ettirsa!) sanab o‘tirmadik endi, bunga vaqt ham, toqat ham yo‘q.

Ruscha taqrizlarda filmning jang sahnalari va maxsus effektlar ko‘p maqtovlarga sazovor bo‘ldi. Ammo, bu epizodlarning keng miqyosli va qimmat ekanligiga qaramay, ularda hech qanday original sahna, bir dona ham o‘ziga xos kaskadyorlik tryuki yo‘q, barchasi eski an'anaviy arsenaldan ko‘chirilgan. Poyga sahnalarida shaxsan men mashinalarning g‘uvillashidan boshqa narsani ko‘rmadim, jang sahnalari esa shu qadar jo‘n va ahmoqona olinganki, beixtiyor Jyeyms Bond qo‘rqinchli ko‘rinishga urinayotgan masxarabozlarga qarshi kurashayapti, deb o‘ylaysiz. Darhaqiqat, kinotasma Bond haqidagi filmlarning parodiyasiga o‘xshab qolgan.


Bu safar “Eng yaxshi aktyor” nomiga munosib birorta nomzodni ko‘rsata olmayman. Aktyorlarning xatti-harakatlari, mimikasi, fe'l-atvori eski filmlardan qolib ketgan ko‘nikmalarning takroridan iborat bo‘lib qolgan. Rejissyor ulardan xarakterlari ustida ishlashni umuman talab qilmagan chamasi. Darvoqe, filmdagi Madlen Suonn obrazi bir necha yillar muqaddam “Fransiyaning eng istiqbolli aktrisasi” bo‘lgan Lea Seyduning Hollivuddagi karerasining bebaxt yakuni bo‘lsa ajab emas – bunday no‘noq ijro bilan u o‘ziga bunday miqyosdagi boshqa ish topa olmaydi. “Royal” kazinosi”da Vesper obrazini gavdalantirgan Yeva Grin uni changida qoldirib ketgan.

Mayli, Deniel Kreyg, Ben Uishou, Naomi Xarris, Reyf Fayns, Lea Seydu – bular bondiananing an'anaviy qolipidan chiqib keta olmaydigan obrazlarni jonlantirgan, deylik, Monika Beluchchiga esa shunchaki yetarli ekran vaqti ajratilmagan. Lekin Kristof Valtsday buyuk aktyordan ko‘proq narsani kutishga haqli edik.

“Yomonotliq razillar” filmida shtandartenfyurer Gans Landani gavdalantirgan avstriyalik yulduz butun dunyoni hayratga solib, bir urinishdayoq Oskarga sazovor bo‘ldi; “Ozod qilingan Jango”da ham eskisidan qolishmaydigan maftunkor rolni ijro eta oldi. U hatto franshizaning ilgarigi qismi bo‘lmish “Koordinatalar: “Skayfoll”da bosh yaramas obrazini yaratgan betakror aktyor Xaver Bardemni ham ortda qoldirib ketsa kerak, deb o‘ylagan edim. Lekin ishonch oqlanmadi.

Syujyetga ko‘ra, Kristof Valts Bondning ilgarigi barcha dushmanlariga boshchilik qilgan, o‘ta aqlli, ayyor va xavfli jinoyatchi. Biroq aktyor bu vazifaning uddasidan chiqa olmagan. Valts ijrosidagi Oberxauzer o‘zini eplay olmaydigan bolakayga o‘xshaydi, hazilkash biznesmenga o‘xshaydi, lekin yuqorida tasvirlangan shaxsga o‘xshamaydi. U ulkan sindikat rahbari, dunyoning eng xavfli jinoyatchisi emas, shtandartenfyurer Landaga taqlid qilishga chiranayotgan masxarabozga o‘xshab qolgan. Bir so‘z bilan aytganda, Bondlar tarixidagi eng beozor va zararsiz jinoyatchi.

Valtsga “Eng yomon rol” nominatsiyasini berib qo‘ymaslikka bor kuchi bilan harakat qilgan boshqa bir insonni yodga olmay bo‘lmaydi. Oberxauzerning o‘ng qo‘li, Bondning ashaddiy ta'qibchisi mister Xinks obrazini yaratgan taniqli restler, yakkakurash ustasi Deyv Batista filmdagi boshlig‘ini sharmandali nominatsiyadan asrab qoldi. Bu odam 30 yoshidan buyon 13ta filmda qatnashdi, lekin haligacha kino uchun tug‘ilmaganini tushunib yetmadi. Saviyasizligi bois Batista Bondning ashaddiy ta'qibchisini yuqorida tilga olingan masxarabozlar to‘dasining rahbariga aylantirib qo‘ydi: Bond qayerda bo‘lsa, Xinks ham o‘sha yerda, lekin, yonida o‘nta odami va bir dunyo quroli bo‘lishiga qaramay, agent uni juda oddiy usullar bilan yoki tasodiflar tufayli dog‘da qoldiradi, natijada “zo‘ravonlar qiroli” Afrika cho‘llarida ahmoqona o‘lim topadi. Umid qilamanki, Mendes bu beso‘naqay mushaklar uyumini rostanam o‘sha cho‘llarda adashtirib kelgan va endi uning ayanchli ijrosini katta ekranlarda boshqa ko‘rmaymiz.

Kamdan-kam yutuqlardan biri saund-trekdir. Tomas Nyuman ijodidan bo‘lgan dilbar ashula film boshida yangrab, tomoshabinlarni biroz ovutadi.
Eng yaxshi kadr – birinchisi. Mexikodagi festival. Uzundan-uzoq kadr ulkan skelet mulyajidan boshlanib, bir daqiqadan so‘ng yer bilan bitta bo‘ladigan bino tomida tugaydi.

Eng yomon kadr – mister Xinksning bo‘yniga chirmalib qolgan arqon uni poyezddan tashqariga tortib ketishidan oldin o‘rta planda Batistaning qiyofasi ko‘rsatiladi. Bu qiyofa bir soniyadan so‘ng hayot bilan vidolashadigan odamning his-tuyg‘ularini aks ettirmaydi; u parodiyalarda uchraydigan “kulgili o‘lim” sahnalariga mos, Bond haqidagi filmga emas!

Xulosa: Yomon. Juda yomon. Qo‘l uchida olingan.

Muallif: Eldor Asanov

Top