12:27 / 18.11.2015
21136

Abdulla Oripov fojiali o‘lim topgan qarindoshi xotirasi uchun she'r yozdi

O‘zbekiston qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov o‘z jiyani Abduvahob Oripov (shoirning katta akasi Razzoq Oripovning o‘g‘li) xotirasiga bag‘ishlab she'r yozdi.

O‘zbekiston Adliya vazirligi huzuridagi sud qarorlarini ijro etish departamentining Xorazm viloyati bo‘yicha bo‘limi rahbari, 45 yoshli Abduvahob Oripovning jasadi o‘tgan haftada Urganch markazidan o‘tadigan Shovot kanalidan topilgandi.

Ayni vaqtda bu hodisa bo‘yicha tekshiruvlar olib borilmoqda.

TIRIKLIK QIYMATI

Ukam Abduvahob Oripov xotirasiga

(1970-2015)

Beshikdan chiqiboq himoyaga o‘t,
Durustdir, tiriklik g‘amini yesang.
Har lahza yovuzning tajovuzin kut,
Agar bu dunyoda sog‘ yuray desang.

Hovling devorini terak bo‘yi qil,
Kuchukning o‘rniga bog‘lab qo‘ygin fil.
Tank ham sotib olsang, tinchiydi ko‘ngil,
Agar bu dunyoda sog‘ yuray desang.

Yerto‘la qazdirib, shunga kirib yot,
Atrofga elektr simlarini tort.
Shuni talab qilar, afsuski, hayot,
Agar bu dunyoda sog‘ yuray desang.

Temurning o‘q o‘tmas sovutini kiy,
O‘rta asrlardan kelgandek harbiy.
Ko‘zni ehtiyot qil, tepangda qirg‘iy,
Agar bu dunyoda sog‘ yuray desang.

Qotil bajaradi ishin qotirib,
O‘ldirar, boshingni suvga botirib.
Hushyor boq, qaydan bu nayrang va firib,
Agar bu dunyoda sog‘ yuray desang.

Butkul yer yuzining ahvoli shuldir,
Seni o‘ldirarlar yoki sen o‘ldir.
Qulog‘ing kar bo‘lsin, ko‘zlaring so‘qir,
Agar bu dunyoda sog‘ yuray desang.

Xudoyim negadir bandasin urgan,
Inson ko‘p, bir-birin poylashib turgan.
Hech qursa, bekinib yashashni o‘rgan,
Agar bu dunyoda sog‘ yuray desang.

Sharqda ham, G‘arbda ham bir xil muammo,
Muftiy, kardinallar qilsinlar duo.
Qo‘llasin Tangrining O‘zi, avvalo,
Agar bu dunyoda sog‘ yuray desang.

2015 yil, 6 noyabr.

Top