Jamiyat | 18:05 / 27.11.2015
35373
11 daqiqa o‘qiladi

"Ajdahoning yubileyi": Bryus Li tavalludiga 75 yil to‘ldi (Fotogalereya)

27 noyabr kuni, agar hozir tirik bo‘lganida artist va jangovar san'at ustasi Bryus Li 75 yoshga to‘lgan bo‘lardi.

U hozirgi kunga qadar butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlar uchun kumiri bo‘lib qolmoqda.

Bryus Li butun faoliyati davomida Sharq va G‘arb madaniyatini o‘zaro bog‘lab turdi, har ikki tomonda ham yulduz darajasiga chiqa oldi.

O‘zining ilk rolini u chaqaloqligidayoq ijro etgan (3 oylik chaqaloq roli), 14 yoshida esa cha-cha-cha raqsi bo‘yicha chempionatda g‘olib bo‘lgach, u kung-fu bilan shug‘ullana boshlagan. Unga bu jang san'atidan mashhur Ip Man saboq bergan.

Bryus Lining bu jang san'atini puxta egallashi kino olamiga yana qaytishiga sabab bo‘ldi. U 1960-yillar oxirida "Betmen" serialidagi ijrosida aynan shu mahoratidan foydalandi. Kino tarixida uning "Katta boss", "Ajdahoning chiqishi", "G‘azab mushti" hamda so‘nggi filmi bo‘lmish "O‘lim o‘yini"da ham u kung-fu ustasi sifatida namoyon bo‘lgan.

U 1978 yilda shubhali tarzda vafot etgan.

1. «Ajdarhoning chiqishi», 1973 yili.

2. Bryus Li 1940 yilning 27 noyabrida Xitoy taqvimi bo‘yicha Ajdarho yilining Ajdarho soatida (tonggi 6:00—8:00 oralig‘ida) San-Frantsiskoda, ota-onasi — Xitoy operasining komik-aktyori Li Xoy Chen va uning ayoli Greys Lining Amerikadagi gastrol safari vaqtida dunyoga kelgan. Greys Lining onasi kelib chiqishi nemislarga borib taqaluvchi gongkonglik, otasi esa xitoylik edi.

3. 18 yoshli Bryus Li va uning ustozi Ip Man.

4. Bryus va uning o‘g‘li Brendon

5. Bryus Li «Yashil qovog‘ari» serialidagi Kato rolida, 1966—1967 yillar.

6. "Katta boss", 1973 yil

7. "Ajdarhoning yo‘li", 1972 yil

8. "G‘azab mushti", 1972 yil

9. «O‘lim o‘yini» filmidan so‘nggi kadr; mazkur filmni suratga olish vaqtida aktyorning vafot etgani e'lon qilingan, 1978 yil.

10. Gongkongdagi Bryus Li haykali.

11. Gollivuddagi Shuhrat xiyobonida Bryus Li yulduzi.

12. Bryus Li

Bryus Lining suv falsafasi

Yoshligimizda holdan toyib qolsak ham, umuman iloji qolmagan taqdirda ham dunyoni bukib, ostimizga olishga o‘rgatishadi. Boshimiz bilan devorni teshishga urinayotgan bir paytimizda xuddi suv kabi kimdir undan bemalol o‘tib ketadi. Suv harakati bu nima? Afsonaviy Bryus Li bu haqda nima degan? Keling, bilib olamiz.

“O‘zimni o‘zim nazorat qilish uchun, avvalo, o‘zimni o‘zim qabul qilishim kerak. O‘z tabiatimga qarshi emas, aksincha, u bilan hamohang harakat qilishim lozim”.

Bryus Li (Li Chjenfan) nafaqat aktyor, rejissyor va jangovor sport ustasi sifatida tanilgan edi, balki u o‘zidagi kuchni metafizika falsafasi bilan uyg‘unlashtirgan faylasuf ham bo‘lgan. Shu sabab nomi tillardan tillarga doston bo‘lib kelayotgani ham bejiz emas.

Bryus Li birinchi bor kung-fu bilan 1950 yilning o‘rtalaridan shug‘ullana boshlagan. Uning birinchi ustozi Ip Man unga Vin-Chun uslubida jang san'atini o‘rgatgan.

1959 yili Li Gonkongni tark etib, Amerikaga yo‘l oldi. Avvaliga San-Frantsiskoda bo‘ldi, so‘ngra Sietl tomon yo‘l oldi. AQShda u o‘zining jang san'ati maktabini ochdi va o‘zi yaratgan kung-fu — Jit Kun-Do (“Mushtdan oldin harakat”) uslubida dars bera boshladi.

“Oddiy yo‘l — to‘g‘ri yo‘l. Kurashda chiroyli harakat hech kimni qiziqtirmaydi. Asosiysi ishonch. Sayqallangan harakat. Va aniq hisob-kitob. Shu sabab men Jit Kun-Do — “moslashgan odamning yashashi” uslubida dars beraman. Bu besamar xatti-harakat va quvvat sarf etmasdan faqat maqsad sari harakatlanishdir”.

1971 yili Bryus Li kino karerasining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan bir paytda “Longstrit” serialida suratga tushdi. Filmning bir epizodida Xitoyning u-vey falsafasiga taalluqlii bir iborani ishlatdi. (Keyinchalik bu ibora juda mashhur bo‘lib ketdi).

“Shaklsiz bo‘l! Xuddi suv kabi. Suvni piyolaga solsang, u piyolaga aylanadi. Agar uni choynakka solsang, u choynak bo‘ladi. Suv sokin oqishi mumkin, vayron ham qilishi mumkin. Suv kabi bo‘l, do‘stim!”.

Ammo bu mashhur aforizm Bryusning suv haqidagi falsafasini to‘liq ifodalab berolmaydi. Bryus Li haqida ko‘plab kitoblar yozgan Jon Littl (John Little) 2001 yilda u haqda “Bryus Li hayot rassomi” (Bruce Lee: Artist of Life) jamlanmasini chop etdi. Kitobda aktyorning bunda oldin chop etilmagan xatlari, eslatmalari, she'rlari joy olgan. Ularda Bryus Li hayot, muhabbat, bolalar tarbiyasi va jang san'ati haqida bebaho fikr-mulohazalar bildirgan.

Taxmin qilib, shuni aytishimiz mumkinki, Bryusda suv haqidagi falsafa ustozi Ip Man o‘rgatgan “xolislik san'ati” uslubini o‘zlashtira ololmayotgan paytida paydo bo‘lgan. Li bu haqda mana bunday deb yozadi:
Bryus Li:
“O‘z-o‘zimni his qilish darajam shu darajaga yetib bordiki, psixologlar buni ikki tomonlama aloqa deb atashadi. Ana shunda ustozim yonimga kelib, shunday dedi: “O‘zingni asra! Narsalarning egiluvchanligiga hamohang bo‘l. Xolis bo‘l! Yodingda tut, hech qachon tabiiy narsalarga qarshi borma. Muammolaringa ham qarshilik ko‘rsatma. Ammo ularni doim nazorat qil. Ular seni qaysi tarafga burishsa, o‘sha tomonga buril. Mashqlarni bir hafta to‘xtat, uyinga bor va bu haqda o‘ylab ko‘r”.

Bryus xuddi shunday qildi.

Bryus Li:
“Bir necha soat ruhiy malakalarimni meditatsiya holatida o‘tirib o‘yladim. Oxiri taslim bo‘ldim va yolg‘iz o‘zim suzish uchun jo‘nadim. Dengizda o‘z mashqlarim haqida bosh qotirdim va bu mening asablarimni buzdi. Men suvga musht tushirdim. Shu payt miyamga bir fikr urildi. Kung-funing asl mohiyati suv emasmikan? Men unga zarba berdim. U og‘riq sezmadi. Men uni yana bor kuch bilan urdim. U hech narsani his etmadi. Men uni ushlab turmoqchi bo‘ldim. Buni imkoni bo‘lmadi. Suv dunyodagi eng yumshoq narsalardan biri. Uni kichkina idishga ham joylab qo‘yish mumkin. U shunchaki sizga nimjon ko‘rinadi. Aslida esa suv yer yuzidagi eng qattiq moddani ham yemirishi mumkin. Men suv bo‘lishni xohlardim.

Shunda osmondan bir qush uchib o‘tdi va suvda uning aksi ko‘rindi. Shunda men bundan yana bir dars oldim. U menda afsonaviy bir fikr tug‘dirdi. Raqibing ro‘parasida turganingda fikr xayoling va his-hayajonlaring xuddi suvdagi qushning aksiga o‘xshashi kerak. Bu aynan ustozim aygan so‘z. “Xolis bo‘l”. Bu hech narsani his qilmaslik yoki yolg‘izlikda o‘zingni qisib bug‘ish degani emas. Bu o‘zingni-o‘zing nazorat qilishing uchun oldin o‘zingni qabul qilishing lozim degani. Tabiatingga qarshi emas, u bilan hamohang harakat qilishing kerak degani”.

Lao-tszinming so‘zlarini izohlab, Bryus Li shunday yozgandi:

Bryus Li:
“U-veydagi tabiiy narsalarni kung-fuda ifoda etadigan narsa bu suv.

Suv — dunyodagi eng yumshoq va nimjon modda. Ammo qattiq va mustahkam narsani yengib o‘tishda unga teng keladigani yo‘q.

Bu — “Dao De Tszin”dagi bir lavha. U suv moddasi haqida so‘zlab beradi. Suv qanchalar ajoyib, uni mushtga qisib bo‘lmaydi. Urib ham. Og‘riq sezmaydi. Pichoq bilan kesib bo‘lmaydi. Yaralab ham. Bo‘laklarga bo‘l, baribir foydasi yo‘q. Uning shakli yo‘q. U xohlagan shaklga kirishi mumkin. Xohlagan idishingizga soling, u o‘sha shaklga kiraveradi. Qaynatsangiz, u ko‘rinmas bug‘ holatiga aylanadi. Shunda u katta kuchga ega bo‘lib, qalin yerni ham qizdirib yuborishi mumkin. Muzlaganda u qattiq kristallga aylanadi. Bu esa qudratli kuch degani. Suv Niagara singari tez bo‘lishi yoki ko‘lmakdagi kabi sokin bo‘lishi mumkin. U sel kelish xavfi bilan qo‘rqitishi yoki issiq kunlarda salqinlik baxsh etishi mumkin. Bu esa u-vey prinsipidir.

Daryo va dengizlar yuzlab vodiylar hukmdori. Chunki ulardagi kuch va sokinlik bu yerlar ustidan qirollik qilish huquqini beradi. Uni yengmoqchimisiz? Unda unga ergashing.

Boshqacha so‘z bilan aytganda, jang san'at falsafasini oddiy hayot tarziga olib chiqadigan bo‘lsak vaziyatga qarshi kurashishdan oldin shu vaziyatga ko‘nikishni o‘rganishimiz lozim. Vaziyatga qarshi suv kabi yumshoq va o‘zgaruvchanlik zarur. Hayot oqimi o‘zi seni baxt sari yetaklaydi. Qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘lsang, haqiqiy to‘fonga qarshilik ko‘rsat. Doimo oqimga qarshi suzish, holdan toydiradi va ko‘p o‘tmay unda g‘arq bo‘lishing mumkin”.