11:13 / 15.12.2015
2214

AQSh hukumati vizalar berilishida ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni o‘rganib chiqish huquqiga ega bo‘ladi

Chet el fuqarolariga viza berish haqidagi murojaatnomalarni ko‘rib chiqish chog‘ida AQSh davlat muassasalari xodimlari, agarda zarur deb topishsa, murojaatchilarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘ladi. Buni Davlat departamentining rasmiy vakili Jon Kirbi 14 dekabr kuni o‘tgan brifing chog‘ida tasdiqladi.

Uning so‘zlariga qaraganda, har bir murojaatnomaga amaldorlar alohida yondashadilar. Bunday ishni nafaqat Davlat departamenti, balki ichki xavfsizlik departamenti ham amalga oshiradi.
Kirbining ta'kidlashicha, ko‘p odamlar o‘zi haqidagi axborotlarni ijtimoiy tarmoqlarda yashirishadi, jumladan, ism o‘rniga niklar qo‘llaydi. Ular shaxsiy sozlamalarni yashirib qo‘yishi, buning natijasida konsullik xodimi uning mundarijasi bilan tanishi imkoniyatiga ega bo‘la olmasligi mumkin.

AQSh vizasiga da'vogarlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini tekshirish masalasi Kaliforniyada sodir bo‘lgan otishmadan so‘ng ko‘tarildi. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan pokistonlik Sayyed Rizvon Faruq va uning rafiqasi Tashfin Maliklar aslan pokistonlik bo‘lishgan. Faruq AQShda, Malik esa Saudiya Arabistonida tug‘ilib, 2014 yili AQShga ko‘chib kelgan.

Jinoyatni sodir etishdan bir muddat avval Tashfin Malik Facebook’da IShID rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyning nomini ko‘klarga ko‘targan. Bundan tashqari, Malik 2012-2014 yillarda shu ijtimoiy tarmoq orqali tor doirada ikkita xabar yo‘llab, bir kuni jihodga qo‘shilishini yozgan.

San-Bernardinodagi otishma 2 dekabrda sodir bo‘ldi. Jinoyatchilar ijtimoiy ta'minot markazining konferens-zaliga bostirib kirib, u yerdagi odamlarga qarata o‘t ochdi. Buning oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi, 21 kishi jarohat oldi. Faruq va Malik FQB bilan otishma chog‘ida o‘ldirildi. Bu voqea terakt sifatida baholandi.

Top