21 mart kuni Abdulla Oripov 75 yoshga to‘ldi
21 mart kuni O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston qahramoni, mustaqil O‘zbekistonning madhiyasi muallifi Abdulla Oripov tavalludiga 75 yil to‘ldi.
Shu kunlarda o‘zbek xalqining buyuk shoiri, turkcha she'riyatning yorqin siymosi Abdulla Oripovning 75 yoshiga to‘lgani she'riyat muxlislari tomonidan keng nishonlanmoqda. XX asr o‘zbek she'riga bamisoli Navro‘zday uyg‘onish olib kirgan shoirni muborak yoshi bilan chin yurakdan qutlaymiz, salomatlik va yangi she'rlar tilab qolamiz.
Hayoti va ijodi. Abdulla Oripov 1941 yilning 21 martida Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida tug‘ilgan. Qishloq Qo‘ng‘irtov etagiga o‘rnashgan bo‘lib, oqar suv taqchil bo‘lsa-da, seryomg‘ir kelgan yillarda ko‘kat-u maysalarga ko‘milib qoladigan kengish joy edi. Bu haqda shoirning o‘zi: "Ayniqsa, bahor paytlarida bu yerlarga yog‘in ko‘p tushar, Qo‘ng‘irtov etaklari ming xil o‘t-o‘lan, chuchmoma-yu qizg‘aldoqlar bilan, quyonto‘pig‘-u ismaloq bilan, karrag-u hazorisfand bilan, qo‘zigullar bilan qoplanar, atrof-tevarak jannatiy bir manzara kasb etardi. Sel suvlari to‘planib qolgan kichik-kichik ko‘llarni "qoq” deyishardi. Uning toza suvini odamlar tashib ichishar, bola-baqra chuchmomay-u ismaloq, zamburug‘ terib, Qo‘ng‘irtov etaklarida kunlarini kech qilar edi”, — deb yozadi.
Abdulla Oripovning otasi Orifboy Ubaydulla o‘g‘li ishbilarmon dehqonlardan bo‘lib, jamoa xo‘jaligi raisi edi. Onasi Turdixol momo ko‘pchilik o‘zbek ayollari singari sarishta, mehnatkash, mehribon, g‘oyat ta'sirchan va ezgulikka tashna ayol bo‘lgan. Oilada to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz bo‘lib, Abdulla o‘g‘illarning kenjasi bo‘lgan.
Abdulla Oripov o‘z qishlog‘idagi yetti yillik maktabda tahsil oladi.
1958 yilda qo‘shni Tayzan ovulidagi o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) "O‘zbek filologiyasi” fakulteti jurnalistika bo‘limiga o‘qishga kirgan va uni 1963 yilda imtiyozli diplom bilan bitirgan. Abdulla Oripov oliy maktabni tugatgach, Toshkentdagi sobiq "Yosh gvardiya” nashriyotiga muharrir bo‘lib ishga kiradi. Bu yerda to‘rt yil ishlagach, 1967—1974 yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda muharrir, katta muharrir bo‘lib xizmat qiladi. 1974—1976 yillarda "Sharq yulduzi” jurnalida bo‘lim boshlig‘i bo‘ladi.
Shoir 1976—1982 yillar orasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining adabiy maslahatchisi sifatida adabiyotga endi kirib kelayotgan yosh ijodkorlarga rahnamolik qildi. 1982—1983 yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyat bo‘limida mas'ul kotib bo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. 1983 yilda shoir o‘quvchilarning jurnali "Gulxan”ning bosh muharriri bo‘ldi va u yerda 1985yilgacha, ya'ni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi lavozimiga o‘tguncha ishladi. Uyushmaning kotibi sifatida uch yil ishlagan Abdulla Oripov 1988 yilda O‘zbekiston Respublikasi mualliflik huquqini himoya qilish qo‘mitasi raisi vazifasiga o‘tkazildi. 1996 yilning mart oyidan 2009 yilga qadar shoir O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi vazifasida mehnat qildi.
Abdulla Oripov 1983 yilda Hamza nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shu yili unga "O‘zbekiston xalq shoiri” unvoni berildi. 1994 yilda Alisher Navoiy nomidagi respublika davlat mukofotiga loyiq ko‘rildi, 1998 yilda esa shoir "O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasining muallifidir.
Birinchi marta respublika matbuotida "Qushcha” deb atalgan she'ri chiqqan paytda Abdulla Oripov talaba edi. Shoirning birinchi she'rlar to‘plami "Mitti yulduz” esa 1965 yilda chop etilgan. Undan keyin "Ko‘zlarim yo‘lingda” (1967), "Onajon” (1969), "Ruhim” (1971), "O‘zbekiston”, "Qasida” (1972), "Xotirot” (1974), "Yurtim shamoli” (1974), "Jannatga yo‘l” (1978), "Hayrat” (1979), "Hakim va ajal” (1980), "Najot qal'asi” (1981), "Yillar armoni” (1983), "Haj daftari” (1992), "Saylanma” (1996), "Sohibqiron” (1996), to‘rt tomlik "Tanlangan asarlar” (2000—2001) singari qator kitoblari bosilib chiqqan.
O‘tgan yilning avgustida uning jahon tarixida o‘chmas iz qoldirib ketgan sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlangan «Sohibqiron» she'riy dramasi nashr qilindi.
U Dantening "Ilohiy komediya” asarini, L.Ukrainka, T.Shevchenko, N.Nekrasov, Q.Quliev, R.Hamzatov singari shoirlarning she'rlarini o‘zbekchaga o‘girgan.
Men seni kuylamoq istayman
(Oq she'r)
Men seni kuylamoq istayman,
Sening yuzlaringni kuylamoq istayman,
Sening ko‘zlaringni kuylamoq istayman.
Yuzlarkim, malagi afsonada yo‘q,
Ko‘zlarkim, jannati rizvonada yo‘q.
Men seni kuylamoq istayman,
Ammo shunday kuylasamki,
Yirtilib ketsa ovoz pardalarim…
Men sendan bo‘salar olmoq istayman:
Ammo shunday bo‘salarkim —
Tirqirab qon oqsa lablarimizdan,
Zotan, odamlar sevgisini ham
Alami, nafrati, quvonchi kabi
Hayqirib, hayqirib ochib tashlasin.
Istaymanki, na'ra tortsin chaqaloqlar ham,
O‘liklar ham tinch yotmasin qabrlarida.
Men hamma narsani buyukligicha ko‘rmoq istayman
XX asr odamlarida.
Zotan, bu asr
Har qanday cheklanish, har qanday qullikni
Itqitib tashlamoqda o‘z yelkasidan…
Bu asrning talabi oddiy va sodda:
Yuraging buyurgan har qanday gapni,
Tilaging buyurgan har qanday gapni
Hech kimdan tortinmay o‘rtaga tashla,
Bo‘g‘zingda qolmasin ovozing aslo!
Men shu asrning bir mitti farzandiman,
Men uning butun qo‘polligini,
Butun nozikligini,
Butun sovuqligini,
Butun haroratini
Sening shu g‘unchadek nozik lablaringga
Jo qilmoq istayman, sevgilim…
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov Italiya hukumati tomonidan mukofotlandi
Abdulla Oripov fojiali o‘lim topgan qarindoshi xotirasi uchun she'r yozdi
Abdulla Oripovga "Italiya yulduzi" ordeni tantanali ravishda topshirildi