Jamiyat | 12:33 / 24.03.2016
1864
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: 7 yoshdan kichik 87 mln bolaning butun umri urush sharoitida o‘tmoqda

Dunyo bo‘yicha 7 yoshdan kichik 87 mln bolaning butun umri qurolli ixtiloflar sharoitida o‘tmoqda, bu esa ularning aqliy rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu haqda BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) 23 martda ma'lum qildi. Jamg‘arma mutaxassislari jangovar harakatlar hududlaridagi hayot bilan bog‘liq stress oqibatlarini tahlil qildilar.

"7 yoshdan kichik 86,7 mln dan ko‘proq bola butun umrini qurolli ixtiloflar sharoitida o‘tkazmoqda, bu esa ularning aqliy rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ixtiloflar hududida yashaydigan bolalar aksariyat ruhiy iztiroblarga duchor bo‘ladilar, bu esa doimiy vayron qiluvchi stress sharoitidagi hayotga olib kelishi mumkin. Bu holat bosh miya asab hujaylari o‘rtasidagi almashuvni tormozlaydi, buning oqibati butun hayot davomida his qilinadi va aqliy, ijtimoiy va jismoniy rivojlanishga ta'sir qiladi", deyilmoqda YUNISEF xabarida.

YUNISEFda ta'kidlanishicha, bola tug‘ilgan paytda uning miyasida bir-biri bilan bog‘langan 253 mln ga yaqin asab hujayralari bo‘ladi. Birinchi 7 yil umrda inson har soniyada bosh miyaning qo‘shimcha 1000 neyronini faollashtirishi mumkin. Bu hujayralardan har biri har soniyada 10 ming boshqa neyron bilan impulslar bilan almashishga qodir.

Bosh miyaning 1 mlrd o‘zaro bog‘langan asab hujayralariga teng to‘liq funksionallikka erishishi ko‘p jihatdan insonning erta rivojlanishiga bog‘liq. YUNISEFda tushuntirishlaricha, bunga ko‘krak bilan emizish va to‘g‘ri ovqatlanish, bolaning uquvlarini rivojlantirish, o‘ynash va "xavfsiz va sog‘lom sharoitda" ta'lim olish imkoniyati ko‘mak beradi.

YUNISEF ixtiloflar hududlarida yashaydigan bolalarga ularning aqliy rivojlanishiga ko‘mak beradigan sharoitlarni yaratish uchun sa'y-harakatlar amalga oshirayotganini ta'kidlamoqda. Shu maqsadda YUNISEF tarqatadigan shoshilinch yordam to‘plamiga o‘yinlar va ta'lim olish uchun materiallar kiritilgan. O‘tgan yili dunyoning turli burchaklaridagi 800 mingdan qo‘proq bolaga bunday to‘plamlar berilgan.