Hameneiy muzokaralar raketalarni yaratishdan muhimroq deydiganlarni sotqinlar deb hisoblashini aytdi
Eronning oliy yetakchisi oyatulloh Ali Hameneiy mamlakatning yadroviy dasturi bo‘yicha fikr bildirdi. Uning aytishicha, muzokaralarni raketa qurollarini yaratishdan muhimroq deb hisoblaydiganlarning barchasi sotqindir. Bu haqda xorijiy OAVda xabar berildi.
"Agar Islom Respublikasi texnologik rivojlanishga intilsa va mudofaasini mustahkamlay, muzokaralarga borsa, bu qolgan kam ahamiyatli davlatlar ko‘z o‘ngida chekinish bo‘ladi. Odamlar kelajak dunyosi – raketalar emas, muzokaralar dunyosi deydilar. Agar ular bunday so‘zlarni o‘ylamasdan gapirsalar, bu ularning ahmoqligidan, agar bilib gapirsalar, sotqinligidan darak beradi", deb aytilmoqda oyatulloh saytida.
Ma'lum qilinishicha, Hameneiyning bu gaplari sobiq prezident Akbar Hoshimi Rafsanjaniyning aytgan fikriga javoban aytilgan bo‘lishi mumkin. Rafsanjaniy bir necha kun avval Twitter’da "kelajak raketalar emas, muzokaralar ortida" deb aytgandi. Ta'kidlanishicha, Rafsanjaniy Eronning amaldagi prezidenti Hasan Ruhoniy bilan yaqindir.
10 martda Tehron raketalar sinovini hech qachon to‘xtatmasligini aytgan. Bundan bir kun avval Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi jangchilari Isroil hududiga yetib bora olishi mumkin bo‘lgan ikki ballistik raketa uchirganlar.
"Biz ta'sir doirasi 2 ming kilometrni tashkil qiladigan raketalarni yaratishimizga sabab dushmanimizga xavfsiz masofadan zarba berish imkoniga ega bo‘lishdir", deb aytgandi o‘shanda Eron brigada generali Amir Ali Hojizoda.
Shundan keyin AQSh Eronga qarshi bir qator cheklovlarni yana bir yilga uzaytirdi.
Tehronning raketa qurollarini yaratishdan voz kechishi 2015 yil yozida Erondan sanksiyalarning bekor qilinishi shartlaridan biri bo‘lgan. BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasiga ko‘ra, Eronga Xavfsizlik kengashi ruxsatisiz ballistik raketalarni yaratishda qo‘llanadigan texnologiyalar hamda tank va jangovar vertolyotlar kabi og‘ir qurol turlarini eksport qilish taqiqlanadi.
Tehronga raketa texnologiyalari va og‘ir qurollarni yetkazish bo‘yicha cheklovlar mos ravishda 8 va 5 yilga saqlab qolinadi.