Elektr hisoblagichlari Uzmobile sim-kartalari bilan jihozlanishi mumkin
Uzmobile mobil aloqa milliy operatori va "O‘zbekenergo" kompaniyalari O‘zbekistonda elektr energiya sarfini hisoblashning avtomatlashtirilgan tizimini yaratishda (EESHAT) birgalikda ishlash imkoniyatini muhokama qilmoqdalar, deb xabar berdi kompaniyadagi manba Sputnik nashriga.
Bugungi kunda mobil operator "M2M" tarif rejasini ishga tushirdi, u EESHATga ulangan obektlar uchun optimal yechim bo‘lishi mumkin. Bu yechim monitoringning avtomatlashtirilgan mexanizmi doirasida energiya zaxiralari sarfi haqidagi himoyalangan ma'lumotlarni uzatishni ko‘zda tutadi.
"Biz haqiqatan ham "O‘zbekenergo" bilan EESHAT tizimi hisoblagichlarini sim-kartalar bilan jihozlash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Kuni-kecha bu loyiha doirasida o‘zaro hamfikrlik memorandumi imzolandi, endi ish texnik bosqichga o‘tadi. Ko‘p narsa energetiklarning o‘ziga bog‘liq bo‘ladi, hozirda ular elektr energiyani hisoblovchi qurilmalarni yetkazib beruvchini aniqlash bo‘yicha tender natijalariga yakun yasashmoqda va shundan keyin to‘liq ma'lumot bera olishadi", deb aytdi kompaniya vakili.
"O‘zbekenergo" tarmoq imkoniyatlari va milliy operator sim-kartalari imkoniyatlarining bir qator sinovlarini o‘tkazdi. Suhbatdoshning aytishicha, milliy operator energetiklarga maxsus sim-kartalar taklif qilishdi, bu sim-kartalar -40 gradusdan +40 gradusgacha harorat o‘zgarishlarida ham ishlay oladi.
Bundan tashqari, sinovlar ham GSM standartidagi, ham CDMA-450 EV-DO tarmog‘idagi sim-kartalar bilan o‘tkazildi. CDMA-450 EV-DO tarmog‘idagi sim-kartalar GSM bilan muammolar bo‘lgan chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarda ishlatiladi. Yaqin orada tomonlar aniq kelishuvlarga kelib, loyihaning asosiy bosqichiga o‘tadilar.
O‘zbekistonda 2019 yilning oxirigacha Osiyo, Islom va Jahon banklari kreditlari hisobiga elektr energiya sarfini hisoblovchi zamonaviy qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha 3 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu loyihalarning umumiy qiymati 460 mln dollardan ko‘proqni tashkil qiladi. Natijada mamlakatning 9 ta viloyatida zamonaviy elektr sarfi hisoblagichlari o‘rnatiladi. Bu hisoblagichlar real vaqt rejimida operatorlarga elektr energiyani uzatish va hisoblashni nazorat qilish imkonini beradi.