Jamiyat | 10:29 / 07.04.2016
2513
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosida nega hojatxonalar yo‘q?

Kundalik hayotida metro transportidan tez-tez foydalanadigan har bir insonning xayoliga Toshkent metrosida nega hojatxonalar yo‘qligi haqidagi savol kelgan bo‘lishi tabiiy.

Xo‘sh, nega O‘rta Osiyoda birinchi qurilgan Toshkent metro transporti hududida ommaviy hojatxonalar ko‘zda tutilmagan? Bu savolga vot.uz sayti javob qidirib ko‘rdi.

Tabiiy ehtiyoj istalgan paytda paydo bo‘lishi mumkin. Agar jyeton olishga ulgurmagan bo‘lsangiz, metrodan tashqarida umumiy hojatxona izlab ko‘rish kerak. Agar jyeton sotib olib metroga tushib bo‘lgan bo‘lsangiz, yoki sabr qilasiz, yoki yana bir jyetonning bahridan o‘tib tashqariga chiqib kelishga to‘g‘ri keladi. Bu esa, albatta ma'lum noqulayliklar tug‘diradi. Metroda hojatxona qurishga nima to‘siq bo‘lish sabablarini tahlil qilinadi.

Avvalo, metro – strategik muhim obekt ekanini eslatib o‘tish joiz. Bu yerda surat, video tasvirga tushirish taqiqlangan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan hojatxona qurilishida foydalaniladigan moslamalar yong‘in, portlash ehtimolini oldini olish maqsadida metro hududida tualetlar bo‘lishi mumkin emas.

1966 yili sodir bo‘lgan mudhish zilziladan so‘ng, shahar qisqa muddatda qayta qurilishga hamda tezkor va qulay transport vositasiga katta talab bo‘lgan. Toshkent shahri hududining uncha katta emasligi tufayli metro liniyalari qisqa bo‘lgan. Tabiiyki, qisqa muddatlarda hojatxonaga ehtiyoj ham bo‘lmagan.

Qolaversa, Toshkent metro qurilishida hojatxonalar bo‘lishi inobatga olib loyihalashtirilmagan.

Kanalizatsiya qurilishi, suv tozalash moslamalarini o‘rnatish jarayoni o‘ta murakkabligi sababli, qoida bo‘yicha metroning tozalov uskunalari ham metro tashqarisida joylashgan.

Yuqoridagi sabablardan tashqari yana bir inkor etib bo‘lmaydigan holat bor. Havo tabiiy ravishda aylanmaydigan yopiq joyda hojatxonalarning bo‘lishi noxush hidlar anqib turishiga olib keladi. Tan olish kerakki, hamma ham birdek tozalikka, gigiyena qoidalariga amal qilavermaydi.

O‘ta zarur holatlarda, masalan, bolalar, bolali ayollar, qariyalar yoki homilador ayollarga hojatxonaga zarurat tug‘ilib qolsa, xizmat tualetlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Yer osti yo‘llarida tualetlar bo‘lishi mumkinligini xalqaro tajriba inkor qilmaydi. Biroq, metro atrofida umumiy foydalanishga mo‘ljallangan tualetlar qurilishi rejalashtirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Aslida qaysidir xalqning turmush tarzi va madaniyati haqida bilmoqchi bo‘lsang, bozori va umumiy hojatxonalariga nazar solish kerak, degan ibora bor. Afsuski, O‘zbekiston hududidagi hojatxonalarning soni va ahvoli bilan maqtanib bo‘lmaydi.