Yapon olimlari Kyusyudagi zilzila sabablariga izoh berishdi
15 apreldan 16 aprelga o‘tar kechasi Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi Kyusyu orollarini larzaga keltirgan 7,3 balli zilzila Futagava hududidagi tog‘ jinslarining deyarli 2 metrga surilishi oqibatida ro‘y bergan. Seysmolog-olimlar shunday xulosaga kelishgan. Bu haqida TASS agentligi ma'lum qildi.
"Futagava yorig‘ining bir qismida ko‘chish kuzatilgan va bu 7,3 balli zilzilaga sabab bo‘lgan", - deb hisoblaydi tog‘ jinslari faolligini o‘rganish bo‘yicha Yapon jamoati a'zosi Masasi Omata.
Uning fikrini Tsukubo universitetidan Yudzi Yagi ham tasdiqladi. Olimning fikricha, Futagava yorig‘ining ayrim qismlarida tog‘ jinslarining - 1,8 metr masofaga gorizontal ravishda ko‘chishi yuz bergan. Bunday vaziyat 50 km uzunlikda va 20 km kenglikdagi yer maydonida kuzatilgan.
Tog‘ jinslarining siljishi ketishi va ko‘chishi, shuningdek manbaning yuza qismini seysmologlar nazorat nuqtalarida o‘rnatilgan maxsus datchiklar yordamida o‘lchashadi. Olimlar bir hafta mobaynida yangi kuchli silkinishlar ro‘y berishi mumkinligi haqida ogohlantirishmoqda. Odamlardan xavfsizlik maqsadida ziyon yetgan binolarga kirmaslik so‘ralmoqda.
Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi Kyusyu orolida bir qator zilzilalar natijasida kamida 1262 bino zarar ko‘rgan, 400dan ortiq uylar butkul vayron bo‘lgan. Qo‘shni Oita va Miyadzaki prefekturalarida vayronagarchilik darajasi pastroq, bu hududlarda uchtagina uyga ziyon yetgan.
Yaponiya meteorologik markazi mutaxassislari Kyusyu hududida "yuqori seysmologik faollik" saqlanib qolayotganligidan ogohlantirishmoqda.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, zilzila natijasida 42 nafar kishi hayotdan ko‘z yumgan, 1096 nafari turli jarohatlar olgan, yetti kishi bedarak yo‘qolgan. 34 mingdan ortiq uylar elektrsiz qolgan, 272,2 ming uyga suv yetkazib berish to‘xtatilgan, 100,5 ming bino esa - gazsiz.