Tadqiqotchilar samolyotlar uchun asosiy tahdid nomini aytishdi
Londondagi Oftalmologiya instituti tibbiyot tadqiqotlari sohasidagi ekspertlar lazer tayoqcha (ukazka) nurlari uchuvchilarning ko‘rish qobiliyatiga putur yetkazishi mumkinligining hech qanday isboti yo‘qligini ta'kidlamoqdalar. Biroq ko‘zlarning qisqa muddatli qamashishi va e'tiborning chalg‘itilishi yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari uchun ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu haqdagi maqola British Journal of Ophthalmology jurnalida chop etildi.
Oxirgi vaqtda yo‘lovchi samolyotlari uchuvchilarining ko‘zlarini lazer tayoqchalar bilan qamashtirish holatlari ko‘payib ketdi, bir yilning o‘zida 1500 ta bunday hodisa qayd qilindi. Lazer nuri uchuvchining ko‘z to‘r pardasini shikastlagan bir holat yuz bergani ma'lum qilingan, biroq shifokorlar bunday holat yuz berishi ehtimoli kamligini ta'kidlashmoqda. Ularning aytishicha, samolyot bilan yer o‘rtasidagi katta masofa nurning yetarlicha tarqalishiga olib keladi va ko‘zga tushuvchi yorug‘lik energiyasini kamaytiradi.
Olimlarning aytishicha, texnologiyalarning takomillashtirilishi lazer qurilmalarini yaxshilashga va ularning quvvatini oshirishga olib keldi, biroq ular ko‘zni bir necha metrlardangina jarohatlay oladi. Lazer tayoqchalar, ruchka va breloklar bir millivattli energiyaga ega qizil nurlar chiqaradi, bu esa ko‘zga jarohat yetkazishga yetarlilik qilmaydi. Biroq hozirda bunday qurilmalarning energiyasi 300 mVtgacha oshdi. Olimlarning fikricha, bunday lazerlarning xavflilik sinfini 3-darajaga ko‘tarish, qurilmalarni esa erkin sotuvdan olish kerak.
Internetda 1000 mVt va hattoki 6000 mVt li lazer tayoqchalar sotib olish mumkin. Bu qurilmalar 4-xavflilik darajasidagi qurilmalar bo‘lib, ular bir necha metrdan ko‘rish qobiliyatidan mahrum qilishi mumkin. Mutaxassislarning firicha, bunday lazerlar 150 nafar britaniyalik bolaning ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishiga sabab bo‘lgan.
Agar bunday kuchdagi lazerni uchayotgan samolyotga yo‘naltirilsa, yorug‘lik tutami uchuvchiga yetib borishi uchun katta masofani bosib o‘tib, kabina oynasidan o‘tishi lozim bo‘ladi. Bunday sharoitlar nurni uchuvchi ko‘zi uchun xavf tug‘dirmaydigan darajada tarqatib yuborishga yetarlilik qiladi. Biroq samolyot qo‘nishi vaqtida e'tiborning chalg‘itilishi falokatga olib kelishi mumkin. Shuning uchun tadqiqot mualliflarining ta'kidlashicha, parvozlar xavfsizligining yangi qoidalarini o‘rnatish emas, balki lazer qurilmalar savdosini nazorat qilish lozim.