Jamiyat | 12:39 / 27.04.2016
2477
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar Xitoy uchun g‘arbcha hayot tarzi oqibatlarini o‘rganishdi

Xitoylik tibbiyot sohasi olimlari mamlakatdagi g‘arbcha hayot tarzi bolalar salomatligiga qanday ta'sir o‘tkazishini aniqlashdi. Tadqiqot European Journal of Preventive Cardiology jurnalida ma'lum qilindi.

G‘arbga xos hayot tarzining Xitoy uchun asosiy zararlari – fastfud mahsulotlarini me'yoridan ortiq iste'mol qilish hamda ortiqcha vaznga ega bolalar sonining ortib ketishi deb belgilandi.

Ortiqcha vazn va semizlik 1985 yili o‘g‘il bolalarda 0,74 va 0,03 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib bu ko‘rsatkich 16,35 va 17,20 foizni tashkil etdi. Qiz bolalarda esa ortiqcha vazn va semizlik 1985 yilda 1,45 va 0,12 foiz, 2014 yilda esa 13,91 va 9,11 foiz. O‘g‘il bolalar va qiz bolalar o‘rtasidagi nomutanosiblik demografik siyosat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

7-12 yoshli bolalar o‘rtasida bu muammo o‘smir (13-18 yoshli) bolalarga nisbatan ko‘proq uchraydi. Bu holatni o‘smirlarning o‘z tashqi ko‘rinishlariga ko‘proq e'tibor berishlari bilan izohlash to‘g‘ri bo‘ladi.

O‘z tadqiqot ishlarida olimlar Shandun provinsiyasi ta'lim departamenti tomonidan o‘tkazilgan maktab yoshidagi bolalarni 6ta milliy tahlilini metaanaliz qilishdi. Tadqiqot umumiy hisobda tana vazni indeksi belgilangan 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 27840 nafar qishloq o‘quvchilarini birlashtirgan.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, hukumat bolalar va o‘smirlarning sog‘lom hayot tarzini kechirishiga ko‘proq ahamiyat berishi lozim. Yuqori kaloriyali va yog‘larga boy oziq-ovqatlar iste'mol qilish Xitoy an'anaviy ovqatlanish madaniyatiga xos emas.

Tana vazni indeksi tana vazni (killogrammda) tana uzunligi (metrda) kvadratiga nisbati bilan aniqlanadi. Masalan, 1,7 metr balandlikda 67 kilogramm og‘irlik TVI 23 ga teng. O‘rtacha TVI 18,5-24,99 hisoblanadi. 18,5 dan past ko‘rsatkich tana vazni yetishmasligi bilan izohlansa, 25 dan yuqorisi ortiqcha vazndan darak beradi.