Jamiyat | 19:06 / 02.05.2016
48599
11 daqiqa o‘qiladi

Shahobiddin Xoliqov: "Ukam Husniddinning “O‘zbekiston” qo‘shig‘ini boshqalar aytishini taqiqlayman!"

“O‘lgan muhabbat”, “Xayol”, “Sevgi”, “Sevgi qo‘shig‘i”, “Sarson muhabbat”, “Fig‘onkim”, “Kel-kel”, “Shirin”, “O‘zbekiston”, “Sog‘inch” kabi mashhur qo‘shiqlar muallifi ushbu mashhur qo‘shiqlar muallifi, ularni maromiga yetkazib kuylagan shirali va jozibali ovoz sohibi Husniddin Xoliqovni yodga oldik... 

Shahobiddin Xoliqov (akasi, prodyuser): —  Xonandalarning ovozini kompyuter dasturi orqali tayyorlash bo‘yicha O‘zbekistonda birinchi mutaxassis Husniddin bo‘lgan. Kushen ismli yigit jahon standartlariga mos keladigan studiya ochgan edi. Ukam o‘sha studiyada operator bo‘lib, “Yalla” guruhi qo‘shiqlari musiqasini yozib, boshqa ko‘plab san'atkorlar bilan ham hamkorlikda ishlardi. Ukam Muhriddin Xoliqov ijodining yetmish foiz musiqasi ham Husniddinga tegishli edi. Qayerda bo‘lmasin, ukalarim birga edi. “Sumalakdan tosh topdim” Husniddinnig debyut qo‘shig‘i emas. Ilk marotaba u rahmatlik shoir Zohidjon Obidovning “Nozlana-nozlana” qo‘shig‘ini kuylab, klipi bilan efirga uzatgan edi. Bu klip 1989 yilda O‘zbekistonda yaratilgan ilk klip bo‘lgan. 
Qo‘shaloq dard  og‘irlik qildi...

—  Husniddin 90-yillarning oxirlaridayoq sog‘lig‘ini yo‘qota boshlagandi. Ko‘pchilikka sir emas, u sportning karate turi bilan ham shug‘ullanardi. Ilgari bizda bu sport unchalik yaxshi rivojlanmagan, shug‘ullanish taqiqlab qo‘yilgandi. O‘sha paytda ukam bizdan yashirincha Belorusga borib jangga tushgan va umurtqaning miyaga ulangan qismidan jarohat olgan. Buning ta'siri yillar o‘tganidan so‘ng sezildi. Avval o‘ng qo‘li ishlamay, keyinchalik bu oyoqlariga ham ta'sir ko‘rsatdi. Ukam musiqa chalishni to‘xtatib qo‘ydi, bosh og‘rig‘idan qiynaldi. Muhriddinning o‘limi esa uni yanada cho‘ktirib qo‘ydi... Bilmadim... (biroz sukut saqlab) balki bu ham Xudoning bir sinovidir?

Oz umr ko‘rgani, bois repertuarida uncha ko‘p qo‘shiq yaratilmadi. Qo‘shiqlari nari borsa 35 tadan ortadi. Bugungi kunda uning ijodiga yaqin yo‘nalishda Shoxruhxon, Ulug‘bek Rahmatullayev, Jasur Umirov, Umar Shamsiyev, Umid Shahobov kabi san'atkorlar ijod qilib kelmoqda. Agar ukam hayot bo‘lganida bugun uning shogirdlari ko‘p bo‘lishi mumkin edi...

Husniddin aslida 13 yoshligidayoq mashhurlikka da'vogarlik qilib, “Oyijonim yaxshilar” nomli qo‘shig‘i bilan ilk marotaba Kamoliddin Rahimov, Ortiq Otajonov, Sherali Jo‘rayevlar kabi gramplastinka chiqargan edi.

O‘sha paytda gramplatinkaga chiqish ma'suliyat talab qilar, faqat katta hofizlargina bunga loyiq topilardi.

Ushalmagan katta armoni...

— Husniddin musiqa sohasida nafaqat O‘zbekiston, balki jahon talablariga mos bo‘lgan bastakor edi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Glierda o‘qib yurgan paytlaridayoq jahon klassikasi, asosan, Bax, Betxovenlar ijodi bilan tanishib, o‘rganib chiqqan edi. Maykl Jyeksonning qo‘shiqlarini maroq bilan tinglardi. O‘zbek musiqalarini esa maromiga yetkazib chala olardi. Qirq yoshga to‘lganida ukam "Endi vaqti yetdi, maqom bilan shug‘ullanaman”, deb tor, soz chalish bilan shug‘ullana boshladi. Maqom yo‘llarini o‘rganib, kuylab, shu yo‘nalishga ham o‘zining oz bo‘lsa-da, hissasini qo‘shmoqchi edi. Afsuski, bu katta armon bo‘lib qoldi... 
“O‘zbekiston” qo‘shig‘iga tegmang, u yagona!

— Husniddining nafaqat “Sumalakdan tosh topdim”, balki boshqa juda ko‘plab qo‘shiqlarini bugungi kunda yosh san'atkorlar qayta kuylash uchun so‘rashyapti. Men ularga “O‘zbekiston” qo‘shig‘iga tegmang, boshqa istalgan qo‘shiqni kuylang, deb ruxsat beraman. Bir singlimiz bir marotaba “O‘zbekiston” qo‘shig‘ini kuylab chiqdi, baribir tilga tushmadi. Chunki o‘z vaqtida Husniddin ushbu qo‘shiqni maromiga yetkazib kuylab, ko‘plab tinglovchi va san'atkorlar tomonidan tan olingan edi. Shu bois bu qo‘shiq ham, uning ijrochisi ham yagona bo‘lib qoladi. Boshqa kimdir uni kuylab, efirga uzatishini taqiqlayman!

San'at dunyosidan tashqarida...

Ukam hayotda mo‘min-qobil, birovning ko‘nglini og‘ritib qo‘yishdan cho‘chiydigan inson edi. Muhriddin esa biroz boshqacharoq, dangal, cho‘rtkesar edi. Husniddinning oilada uch nafar qizi, bir o‘g‘li bor. Nasib etsa, Husniddinning yolg‘iz o‘g‘li Asliddin otasining izidan bormoqchi.
Oilaviy esdalik bo‘lib qoldi...

To‘lqinoy Qoraboyeva (opasi): — Ukam Husniddin besh yoshidan sahnaga chiqqan edi. Maktabdagi bo‘ladigan tadbirlar, Toshkentning ko‘pgina to‘ylari o‘sha kezlarda ukamsiz o‘tmasdi. Hayotda juda ham kamtarin, kamgap bola edi. “Sumalakdan tosh topdim” qo‘shig‘iga klip tasvirga olinayotgan paytda qizlarim, Shahobiddin akamning qizlari, Ozodbek Nazarbekovning ayoli Nazokat, ukamning ayoli Dilnoza, barchamiz jam bo‘lib suratga tushgan edik. Bu oilamiz uchun ham esdalik bo‘lib qoldi.

Bildirilgan ishonch uning yoshidan katta edi...

— Yodimda, ukam, onam va men Rigadagi Dubulti yozuvchilar dachasida hordiq chiqargandik. U yerda faqat yozuvchilar, musiqachilar, kompozitorlar, siyosiy sharhlovchilar dam olardi. Bir kuni biz dacha kinoteatrida film tomosha qilganimizdan so‘ng bir shoira ayol qizi pianino chalib berishini aytdi va o‘tirganlardan ketib qolmasliklarini iltimos qildi. Haligi qiz pianinoni xato qilmasdan, yaxshi chaldi. Ammo haqiqiy san'atkor yurakdan chalishi kerak-da. Shunda men onamga Husniddin ham chalsin, dedim. Onam rahmatlik zukko, bilimdon, har bir so‘zni topib, kiftini kiftiga keltirib gapiradigan ayol edi. Onam o‘rnidan turib, “Endi mening kenjatoyim ham o‘z  hunarini ko‘rsatadi”, dedilar. Hamma nimani qoyillatar ekan, deb hayron. Shunda Husniddin Betxovenning “Elize”sini chala boshladi. Zal suv quygandek jim-jit, barcha musiqani diqqat bilan tinglardi. Ukam chalishdan to‘xtaganida esa hamma o‘rnidan turib qarsak chalib yubordi.
 
Ijod sohasidagilar olqishini olish, ular qalbiga kirish juda mushkul. Lekin ukam buning uddasidan chiqa olgandi. O‘shanda unga juda ko‘p yaxshi takliflar bo‘ldi. Hatto zal direktori shaxsan o‘zi kelib, 14 yasharlik ukamga xohlagan vaqtda kirib mashq qilishi uchun kinoteatr zali kalitini berdi. Kichkina bolaga shuncha katta ishonch bildirilgandi... U shunday ajoyib iste'dod egasi edi. Afsus, orzulari armon bo‘ldi. Sog‘lig‘i pand berib qo‘ydi.

Tunni tongga ulardi...

Farangiz Xoliqova (qizi): — “Sumalakdan tosh topdim” qo‘shig‘i yaratilgan paytda men endi dunyoga kelgan chaqaloq bo‘lganman. Shu bois qo‘shiq yaralish jarayoniga bevosita guvoh bo‘lmaganman. Ammo bu qo‘shiq dadamning repertuaridagi eng omadli qo‘shiqlardan biri bo‘lgan, deyish mumkin. Ushbu qo‘shiqni keyinchalik ikkita opam zamonaviy tarzda kuylab chiqishdi.  Hozir dadam kuylagan nusxasini ham, opalarimning xonishlarini ham tez-tez tinglab turaman. Qo‘l telefonimda qo‘shiq eshitadigan bo‘lsam, birinchi bo‘lib dadamning ashulalaridan boshlayman. Dadamning qo‘shiqlari menga eskidek tuyulmaydi. Agar hayot bo‘lganlarida, hozir o‘sha ashulalarini aytganlarida bugun ham xit darajaga chiqqan bo‘lardi, nazarimda.

Dadam ijod qilishni yaxshi ko‘rar, tunni qo‘shiqlar yozib tongga ulardi.

Oilada yaxshi ota, biz farzandlariga do‘st, juda ham bolajon va mehribon inson bo‘lgan. Bu qiz bola, deb hech qachon ajratmagan. Opam bilan soatlab musiqa chalib o‘tirishardi. Qisqa qilib aytganda, dadamning iste'dodini Alloh yuqtirgan edi.

Qisqacha ma'lumot: 
•  1963 yil 24 dekabr Namangan shahrida tug‘ilgan.
•  1980 yilda Glier nomli musika maktabini tamomlagan.
•  1980 yilda hujjatlarini O‘zbekiston Davlat Konservatoriyasining milliy cholg‘uchilik fakultetiga topshirgan. (Husniddin Xoliqovning yaqinlariga ko‘ra, o‘qituvchilarning biridan qattiq xafa bo‘lib, o‘qishni tashlashga majbur bo‘lgan)
•  1996-1997 yillarda “Pushen” studiyasida faoliyat yuritgan. 90-yillarda “9999” audio-studiyasini tashkil etib, uni boshqargan.

P/S: Shaxsan o‘zim ushbu suhbatni oqqa ko‘chirish jarayonida Husniddin Xoliqov sevib chalgan Betxovenning “Elize” sini tingladim. Ana shuda esa qalbi san'atga chanqoq bo‘lgan ilohiy iste'dod egasining bugun oramizda yo‘qligi beixtiyor qalbimni o‘rtab yubordi. Ammo u  o‘zi yaratgan musiqa ohanglarida, yoqimli xonishlarida, qolaversa, biz kabi tinglovchilari xotirasida  mangu  barhayotligini o‘ylab,  ko‘nglim taskin topdi...

Mohichehra Eshmirzayeva