Braziliya prokuraturasi to‘g‘on buzilgani uchun 44 milliard dollar miqdorida tovon puli talab qilmoqda
Braziliya federal prokuraturasi o‘tgan yilning noyabrida mamlakatning janubi-sharqida ro‘y bergan to‘g‘on buzilishiga mas'ul kompaniyalarga 155 milliard rial (44 milliard dollar) miqdoridagi mablag‘ni to‘lash talabi bilan da'vo ishi ochdi. Bu haqida TASS xabar berdi.
"Bizning nuqtai-nazarimizga ko‘ra, ko‘rilgan choralar yuzaga kelgan vaziyatga nomuvofiq bo‘lgan, shu sababli bizning sudga da'vo arizasi yozishdan o‘zga ilojimiz qolmadi", - dedi organ vakili Adersiu Leyti Sampayyu.
To‘g‘onlar buzilishiga javobgar - Samarco kompaniyasi va uning egalari Braziliyaning Vale hamda Avstraliyaning BHP Billiton muassasalari. Prokuraturada aniqlik kiritishlaricha, talab qilinayotgan mablag‘ "ro‘y bergan hodisaning ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik oqibatlari"ni bartaraf etish maqsadlarida sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Braziliyaning janubi-sharqidagi metallurgiya sanoati chiqindilari bo‘lgan suvni tutib turuvchi ikkita to‘g‘onning 2015 yil, 5 noyabr kunida buzilishi natijasida 19 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lishdi.
Bundan tashqari, Dose daryosiga zaharli chiqindilar tarqaldi, bu daryo mahalliy aholi uchun asosiy chuchuk suv hamda baliqchilik sanoati manbai hisoblanardi. Mintaqa ekologiyasiga yetkazilgan ziyon hali-hanuz to‘liq baholanmagan. Mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, jabr ko‘rgan hududni qayta tiklash uchun 50 yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi. Braziliya prezidenti Dilma Russeff FHni "mamlakat tarixidagi eng yirik ekologik falokat" deb atadi.