Jamiyat | 11:22 / 05.05.2016
21416
2 daqiqa o‘qiladi

Biologlar eng mashhur sudralib yuruvchilar reytingini tuzishdi

Oksford olimlari Wikipedia qidiruv so‘rovlarini tahlil qilgan holda dunyodagi eng «mashhur» sudralib yuruvchi jonivorlar reytingini tuzib chiqishdi. Tadqiqot natijasi Biological Conservation jurnalida chop etildi. 

Tadqiqotchilar 2014 yilda Wikipedia’ning inglizcha sahifalaridagi 55,5 millionga yaqin ko‘rib chiqilgan ma'lumotlarni tahlil qilishdi. Wikipedia’da 10 002ta turdagi sudralib yuruvchilar haqida ma'lumotlar kiritilgan bo‘lib, tadqiqotchilar internet foydalanuvchilari asosan zaharli, inson uchun xavfli bo‘lgan turlariga qiziqish bildirishini aniqlashdi. Shuningdek, insonlar qidiruv sahifasida bahaybat tanali yoki yo‘qolib ketish xavfida bo‘lgan jonivorlarni qidirishlari ma'lum bo‘ldi. 

2014 yil sarhisobiga ko‘ra Wikipedia’da  foydalanuvchilarni ko‘proq quyidagi jonivorlar qiziqtirgan: bahaybat indoneziya kaltakesagi, qora mamba, tojli dengiz timsohi, qirollik kobrasi, Arizona kaltakesagi (Heloderma), zaharli suv ilonlari (Gloydius), missisipi alligatori, terisimon toshbaqa, nil timsohi va yana o‘nlab boa bo‘g‘ma ilonlari.

Eng mashhur sudralib yuruvchi hayvon indoneziya kaltakesagi bo‘lib chiqdi — uning Wikipedia’dagi sahifasiga foydalanuvchilar 2 014 932 marta kirishgan. Bu dunyodagi eng katta kaltakesak turi bo‘lib, ba'zilarining uzunligi 3 metr va og‘irligi esa 100 kilogrammdan oshishi mumkin. Ayni damda bu jonzotlar yo‘qolib ketish xavfidagi sudralib yuruvchilardir.

Mazkur tadqiqot natijalari yo‘qolib ketayotgan jonzot turlarini saqlab qolish uchun chora-tadbir ko‘rishda ahamiyatli o‘rin tutishi mumkin. Olimlar o‘z tadqiqotlarini yanada kengaytirib, boshqa turdagi jonivorlar, hattoki o‘simliklarni ham tekshirib chiqishni rejalashtirishdi. Shuningdek, ular Wikipedia’dan tashqari boshqa ma'lumotlarni ham o‘rganib chiqishmoqda.