14:29 / 05.05.2016
31051

Mirabror Usmonov "Sport" kanaliga intervyu berdi

O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining yarim final uchrashuvidan keyin “Sport” telekanaliga intervyu berdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy sayti xabar bergan.

4 may kuni O‘zbekiston futbol federatsiya prezidenti, O‘zbekiston olimpiya qo‘mitasi prezidenti Mirabror Usmonov “Ardus” va “Do‘stlik” jamoalari o‘rtasida kechgan yarim final uchrashuvini tomosha qilish uchun “O‘zbekiston” sport majmuasiga tashrif buyurgan.

O‘yin tugagach, Mirabror Usmonov “Sport” telekanali jurnalisti Zohid Karimovga ekslyuziv intervyu bergan. 

Intervyu chog‘ida Usmonov futzalning O‘zbekistonda tobora rivojlanib borayotganligi, futzal bo‘yicha jahon chempionati haqidagi savollarga javob berar ekan, sportning ushbu turi ommalashib borayotganligini alohida ta'kidlab, jumladan, shunday dedi:

“Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Bu yutuqning ortida eng avvalo hukumatimizning sportni rivojlantirishga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va Futzal Uyushmasi tomonida amalga oshirilgan katta hajmdagi ishlar, ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashi, OAV, xullas, kattadan katta mehnat yotibdi, desam adashmagan bo‘laman.

Bugun O‘zbekistondagi tuman va shaharlarga boring, yoshlar sport bilan shug‘ullanayotganini ko‘rasiz. Mini-futbol maydonlari har bir mahallaga kirib bordi va har kuni shu maydonlar futbolsevar xalqimiz bilan gavjum. Farzandlari sog‘lom yurt esa, qudratli bo‘ladi”.

Mirabror Usmonov, shuningdek, futzal bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati haqidagi savolga javob berarkan, ishqibozlarning jonkuyarligidan hayratda qolganligini aytib o‘tdi.

“Odamlar nafaqat futzalga kelishni, futzal ko‘rishni boshladi, balki turli musobaqalarda dunyoni havas qildiradigan darajada muxlislik qilishni boshladi.

Futzalchilarni nafaqat taniy boshladi, balki ularni o‘zlariga kumir qilib oldi. Toshkentdagi Osiyo chempionatida bizning muxlislar shunaqa chiroyli muhitni yaratib berishdiki, OFK e'tirofi o‘z yo‘liga, men ular ichida o‘tirgan bir o‘zbekistonlik sifatida ular bilan faxrlandim. Terma jamoamiz bunday muxlislikdan keyin jahon chempionatiga chiqmasa bo‘lmasdi”, - deydi Mirabror Usmonov.

Mirabror Usmonov, shuningdek, milliy terma jamoa mavzusidagi savollarga ham javob berarkan, jahon chempionatiga chiqish vaqti kelganligini aytib o‘tdi.

“Biz terma jamoalarga ularning xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratib berdik. Poydevor qurdik. Zamin hozirladik. Endi, jahon chempionatiga chiqish vaqti keldi va biz buning uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz”, - deydi federatsiya prezidenti.

Mirabror Usmonovning intervyusi ushbu haftada “Sport” telekanalida namoyish etiladi.

Top