Pan Gi Mun: “Muhojir va qochqinlar masalasini hal etishda barcha birlashishi kerak”
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy komissari Federika Mogerini muhojirlarning Yevropa Ittifoqiga oqib kelishini aslo to‘xtatib bo‘lmasligini, biroq ularning qonuniy yo‘llar bilan “ko‘hna qita”ga kelishini ta'minlash mumkinligini ta'kidladi. “Biz yevropaliklar odamlarning ommaviy ko‘chishi zamon talabi ekanini tushunib yetishimiz kerak. Biz muhojirlar oqimini to‘xtatib qola olmaymiz. Biroq bu masalani hal qilish mumkin”, dedi Mogerini. Uning aytishicha, muhojirlar muammosini hal qilishda ayrim davlatlarning bir tomonlama qaror qabul qilishi hech narsani o‘zgartira olmaydi. Bu umumevropa vazifasidir. Yevropa Ittifoqi noqonuniy muhojirlarni qonuniylashtirish, umummigratsiya siyosatini ishlab chiqish va Afrikani iqtisodiy rivojlantirish masalasida bir qator ishlarni amalga oshirishga muhtojdir.
Shu bilan birga Federika Mogerini xonim Yevropa Ittifoqining maxsus kuchlari tomonidan so‘nggi olti oy davomida O‘rta Yer dengizida noqonuniy muhojirlarni olib ketayotgan yuzdan ortiq kema yo‘q qilinganini eslatib o‘tdi. Muhojirlarni Yevropaga olib kelishni biznesga aylantirib olgan 69 kishi qo‘lga olindi. Halokatga uchragan kemalarda bo‘lgan 13 mingdan ortiq kishi Yevropa harbiy dengiz kuchlari tomonidan qutqarib olindi.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Muning fikricha, Yevropada kuzatilayotgan muhojirlar bilan bog‘liq inqiroz qochqinlar oqimining ko‘pligi sabab emas, balki qabul qilib olayotgan mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro birdamlik yo‘qligi oqibatida yuzaga kelgan. Uning so‘zlariga qaraganda, qochqin va muhojirlarning 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlardan boshpana topgan. Sakkizta mamlakat jahondagi barcha muhojirlarning yarmidan ko‘pini qabul qilgan. Muhojirlarning og‘ir ahvolini yengillashtirishga qaratilgan BMT mablag‘larnining 75 foizini atigi 10 ta mamlakat beradi”, deyiladi Pan Gi Munning “Kommersant” gazetasida bosilgan maqolasida. U fikrlarini davom ettirar ekan, muhojirlar oqimini bartaraf etishda qo‘rquv va mas'uliyatsizlik halaqit berayotganini tan oldi. Odamlarning talabi ikkinchi o‘ringa tushib qolib, birinchi o‘ringa aqldan ko‘ra toqatsizlik chiqmoqda, deya mulohaza yuritadi Pan Gi Mun. Bosh kotibning fikricha, muhojir va qochqinlar hech qanday xavf tug‘dirmaydi, balki o‘zlarini qabul qilayotgan mamlakatlarga foyda keltiradi. Muhojirlar bilan bog‘liq inqirozlarni bartaraf etsa bo‘ladi. Biroq davlatlar yakka xolda bu muammoni o‘zlari hal qila olmaydi. Bugungi kunda millionlab qochqinlar o‘zlarining asosiy huquqlaridan mahrumligicha qolmoqda. Kelasi haftada bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Jahon gumanitar sammiti arafasida e'lon qilingan maqolada Pan Gi Mun AQSh va boshqa mamlakatlarga murojaat qilar ekan, nizolar davom etayotgan mamlakatlarning qochqinlarini qabul qilishga chaqirdi. Uning fikricha muhojirlarni joylashtirish davlatlarning umumiy ma'suliyatidir. Tahlilchilarning fikricha, 60 milliondan ortiq kishi qurolli to‘qnashuv va majorolar tufayli o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.
Shu yilning 19 aprelida Xalqaro migratsiya tashkiloti e'lon qilgan hisobotda ta'kidlanishicha, 2015 yilda jahondagi muhojirlar soni 244 million kishiga yetgan. 2013 yilda bu raqam 232 million kishini tashkil qilgan edi. Bunga Afrika, Yaqin Sharq va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida qurolli majorolarning davom etayotgani sabab bo‘lgan.
Yevropa Ittifoqi politsiya xizmati va Xalqaro politsiya tashkiloti ekspertlarining fikricha, Yevropaga noqonuniy muhojirlarni olib kelish uyushgan jinoiy guruxlarning biznesiga aylangan. Tashkilotchilar bu biznes orqali 2015 yilda 5 milliard dollardan 6 milliard dollar ishlab olishgan. Bu borada Yevropol va Interpol vakillari qo‘shma hisobot e'lon qildi. Unga ko‘ra, “Ko‘hna qita”ga kelgan har o‘nta muhojirning to‘qqiztasi jinoiy guruhlarning xizmatidan foydalangan. Muhojirlarning ko‘pchiligi vositachilarga 3 ming yevrodan 6 ming yevrogacha haq to‘lagan. Shunisi e'tiborliki, uyushgan jinoiy guruh a'zolari muhojirlar mansub bo‘lgan mamlakatlarning fuqorolaridir. Shu bilan birga ular Yevropa Ittifoqi mamlakatlari pasportlariga ham ega.
Sharofiddin To‘laganov