OAV: Baykal ko‘lida Orol dengizi taqdiri takrorlanishi mumkin
Baykal ko‘li taqdiri ekologik falokat xavfi ostida qolmoqda va zarur chora-tadbirlar ko‘rilmasa, bu hududda ham Orol dengizi fojiasi takrorlanishi mumkin. «Izvestiya» nashrining hukumatdagi va yetakchi kompaniyalardagi manbalariga asoslanib xabar berishicha, bu ko‘l ham Orol dengizi kabi qurib qolishi mumkin.
"Mo‘g‘iliston tomonining Selenga daryosida 3ta ulkan GES qurish bo‘yicha rejasi Baykal ko‘lining holatiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Xitoy banki bu yangi gidroelektrostansiyalar qurilishida homiylardan biri bo‘ladi va infratuzilma uchun 827 mln dollar ajratgan.
Rossiya tomoni bu xavfni chetlab o‘tish uchun yo‘l izlamoqda.
Baykal - Yer yuzidagi eng chuqur ko‘l bo‘lib, uning eng chuqur nuqtasi yer sathidan 1642 m pastda joylashgan.
Orol dengizi o‘tgan asrning 60-yillarida quriy boshlagan. Bunga Amudaryo va Sirdaryo suvlari ekin dalalari sug‘orilishi uchun yo‘naltirilgani sabab bo‘lgan. 1989 yilda bu ko‘l ikki qismga ajralib qolgan: Shimoliy (Kichik) va Janubiy Orol dengizi (Katta). 2014 yili Janubiy orol dengizining sharqiy qismi butunlay qurib qolgan.