O‘zbekiston | 16:08 / 27.05.2016
19008
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston 2016 yili 500 mln kVts elektr energiyasi tejashni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston energiya hajmini kamaytirish chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobiga 2016 yilda 500 million kVts elektr energiyasi va 150 million kub metr tabiiy gaz tejashni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, Iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar umumiy miqyosda 250,1 million kVts elektr energiyasi, 3 million kub metr tabiiy gaz va 20,1 Gkal issiqlik energiyasini iqtisod qilishga olib keladi.

Ayni vaqtda 2015-­2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-­tadbirlari dasturi amalga oshirilmoqda. Hujjatda sotilayotgan maishiy elektr uskunalari, yangidan qurilayotgan bino va inshootlarni energetik markalash va sertifikatlash, sanoat va ijtimoiy obektlarni texnologik jarayonlarni ratsionalizatsiyalash bazasida modernizatsiya qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini faqatgina energiya samarador va energiyatejamkor texnologiyalar asosida barpo etish, yangi turar-joy va ma'muriy binolarni qurish va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorligini ta'minlash, bosqichma-bosqich qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish, shuningdek, energiyatejamkor qurilmalar, uskunalar va materiallar ishlab chiqarilishini kengaytirish, ularni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sektorda keng qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki guruhi hamkorlikdagi "Sanoat korxonalari energiya samaradorligini oshirish" loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha texnologiya va uskunalarni yangilash, ularni zamonaviy, energetik jihatdan yanada samarali qurilmalarga almashtirishni amalga oshiruvchi sanoat korxonalari kreditlash mexanizmini ko‘zda tutadi. 

Loyiha doirasida neft-gaz, tog‘-metallurgiya, kimyo, qurilish, qayta ishlash va elektroenergetika sohalarida faoliyat yurituvchi 30dan ortiq korxonalar mazkur loyihada ishtirok etishadi. Ular 80ta subloyihani amalga oshirishadi.

Ushbu loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishi bir yilda 540 million kVts elektr energiyasini va 252 million kub metrgacha tabiiy gazni tejash imkonini beradi.

Avvalroq O‘zbekiston 2030 yilga qadar yalpi milliy mahsulot hajmini ikki barobarga oshirish barobarida energiya sarfini ham ikki martadan ko‘proqqa qisqartirish vazifasini qo‘ygani xabar qilingan edi.