OAV: AQSh Boltiq dengizidagi mashg‘ulotlar uchun B-52 strategik bombardimonchi samolyotlarini yubordi
AQSh 3ta B-52 rusumli strategik bombardimonchi samolyotlarini Buyuk Britaniyaga olib bordi. Bu samolyotlar Boltiq dengizi hududidagi 2ta harbiy mashg‘ulotda ishtirok etadi. Bu haqda Sputnik agentligi xabar tarqatgan.
Bu samolyotlar yerdagi nishonlarga yadro zarbalari berishni mashq qiladi.
Aniqlik kiritilishicha, B-52 samolyotlari AQSh Qurolli kuchlarining Afrikadagi harbiy manyovrlarida ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.
Samolyotlar Shimoliy Dakotadagi harbiy bazadan Buyuk Britaniyadagi Fairford bazasiga yo‘l olgan. Bu harbiy texnikalar Boltiq dengizining xalqaro suvlari hamda Boltiqbo‘yi mamlakatlari, Polsha va Afrika hududida o‘tkazilayotgan Baltops-16, Saber Strike-16 va Just Hammer harbiy mashg‘ulotlarida ishtirok etadi.
Air Force Times nashrining bildirishicha, B-52 samolyotlari qatnashuvi AQShning Rossiya tomonidan ehtimoliy tajovuzdan xavfsirayotgan NATOdagi ittifoqdoshlarini qo‘llab-quvvatlashiga qaratilgan.
B-52 1946 yilda ishlab chiqila boshlangandi. Sovuq urushning boshlanishi bilan AQShga raqibga uzoq masofadan zarba bera oladigan havo quroli kerak bo‘lib qolgan. Yangi strategik bombardimonchi samolyoti eski B-36 Peacemaker va B-47 Stratojet’ning o‘rnini egallashi lozim edi. Harbiylarning asosiy talabi sobiq Ittifoqning har qanday nuqtasiga ikkita termoyadroviy bomba yetkaza olish salohiyati edi.
Keyingi yillarda takomillashtirib borilgan samolyot 1965 yildan Vetnam urushida qo‘llandi. Samolyotning bu modifikatsiyasi — B-52F — qanotlari ostida 340 kilogrammli 24 aviatsion bombani olib yurishi mumkin edi.
1965 yilning 2 martida AQSh hukumati 1968 yil oktabrigacha davom etgan hamda Ikkinchi Jahon urushidan keyingi eng uzun harbiy operatsiya bo‘lgan «Gulduroq chaqin» amaliyotini boshladi.
Urush davomida umumiy hisobda 31 ta strategik bombardimonchi urib tushirildi. Ularning bir qismi zenit quroliga, bir qismi esa Vetnamning MiG-21 qiruvchilariga nishon bo‘ldi.
Vetnam urushidan so‘ng bombardimonchilar modernizatsiya qilindi, shuningdek, mashg‘ulotlarda va patrulda qatnashdi.
1991 yil 16 yanvarida Fors ko‘rfazidagi urushda esa real nishonlarga zarba berish amaliyotini o‘tkazdi. Samolyotlar AQShning Iroqdagi harbiy kampaniyasi chog‘ida obektlarni bombalashda qo‘llandi.
1999 yilda B-52H Yugoslaviya hududida Serbiya armiyasi obektlarini o‘qqa tutdi.
2001 yilda Stratofortress Afg‘onistonda madad kuchi vazifasini bajardi.
2003 yilning 21 martida B-52H samolyotlari Iroqdagi obektlarga qarata jami yuzta AGM-86C raketalarini uchirdi.
Shundan so‘ng ancha vaqtgacha harbiy harakatlarda foydalanilmagan samolyot 2016 yilning aprelida Iroqda IShID pozitsiyalariga bomba tashladi.
Hozirgi B-52 samolyotlarining jangovar radiusi 7,2 ming kilometr; ular 16 ming km masofani bosib o‘tishi mumkin. Samolyot soatiga 950 kilometr tezlik olishi hamda 31 tonnagacha bomba yukini ko‘tarishi mumkin.