Jamiyat | 16:27 / 07.06.2016
9711
6 daqiqa o‘qiladi

“Kamolot” YoIH tuman va hududiy kengashlarning VII konferensiyalarini tashkil etish bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 7 iyun kuni “Yoshlar ijod saroyi”da “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tuman (shahar) hamda hududiy Kengashlarning Konferentsiyalarini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda Harakatning Markaziy Kengashi a'zolari, faol yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Shu yilning iyun-iyul oylari davomida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Ustaviga asosan Harakatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) Kengashlarining VII hisobot-saylov Konferentsiyalari o‘tkazilmoqda.

Harakat mahalliy va hududiy bo‘limlarining oliy organi hisoblangan Konferentsiyalar 2,5 yilda kamida bir marta chaqirilib, unda Kengashning o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan hisobotini tinglanadi, kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilanadi, shuningdek, Kengash raisi va uning o‘rinbosarlari, nazorat-taftish komissiyasining tarkibi saylanadi.

Ayni kunda, Harakatning Markaziy Kengashi tomonidan navbatdagi VII Konferentsiyalarni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilib, chora tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Unga muvofiq, Konferentsiyalarni o‘tkazish yuzasidan quyi tizimlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatildi, tegishli tavsiya va hujjat namunalari ishlab chiqilib, joylarga yuborildi.

Konferentsiyalarni teng huquqlilik, muqobillik va oshkoralik ruhida o‘tishini ta'minlash, o‘tgan davrdagi faoliyat yuzasidan yoshlarning fikr-mulohazalarini o‘rganish, bu jarayonga keng jamoatchilik, xususan, ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilish maqsadida joriy yilning 1-7 iyun kunlari har bir hududda namunaviy hisobot-saylovlar tashkil etildi.

Mahalliy Kengashlarning navbatdagi Konferentsiyasiga saylangan delegatlar Harakat faoliyatining istiqbolini aniq tasavvur etadigan, tashkilotning samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan takliflar bera oladigan faol yoshlardan tarkib topishi aytildi. Konferentsiyalarda turli millat, jins va soha vakillari ishtirok etib, 30 foizidan ortig‘ini ayollar tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Konferentsiyalarning joylarda ochiqlik va oshkoralik prinsiplari asosida o‘tkazish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtiroki ta'minlanishi rejalashtirilgan.

Ta'kidlash lozimki, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda mamlakatimizda yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi eng yirik nodavlat notijorat tashkiloti — “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining o‘z o‘rni bor.

Hozirgi kunda Harakat o‘z atrofida 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 4 milliondan ortiq yigit-qizni birlashtirgan. Tashkilot tizimida “Kamalak” bolalar tashkiloti (10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 2 million nafarga yaqin a'zosi bor), shuningdek, ta'lim muassasalari va mehnat jamoalarida tashkil etilgan 15 mingdan ortiq boshlang‘ich tashkiloti mavjud.

Harakat demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida yoshlarning faol ishtirokini kuchaytirish, mustaqil fikrlaydigan, o‘z hayotiy pozitsiyasi va mustahkam e'tiqodga ega bo‘lgan avlodni tarbiyalash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va bandligini ta'minlash, iqtidor sohiblarini qo‘llab-quvvatlash, sportni rivojlantirish va o‘sib kelayotgan yosh avlod o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish kabi muhim yo‘nalishlarda faoliyat olib bormoqda. Sanab o‘tilgan ushbu barcha yo‘nalishni jamlasak, yoshlarga oid davlat siyosatining yaxlit konsepsiyasi kelib chiqadi.

Oxirgi besh yil mobaynida Harakatning birgina ijtimoiy-huquqiy sohadagi loyihalari salmog‘i 5, ishtirokchilar soni 8, ijtimoiy hamkorlari soni esa 2 barobarga ko‘paydi. Maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi “Huquq bilimdonlari”, akademik litsey va kollej o‘quvchilari o‘rtasidagi “Siz qonunni bilasizmi?” hamda talabalarning “Tafakkur sinovlari” respublika ko‘rik-tanlovlari doirasida yoshlar mamlakatni demokratik yangilash, qolaversa, o‘z hayotiga daxldor qonun loyihalari muhokamasida bevosita ishtirok etib, fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega.

Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, parlamentning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz bilan yaqindan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Shu kungacha yoshlar 10 ga yaqin qonun loyihasi muhokamasiga faol jalb etilib, ulardan qariyb 500 dan ziyod konstruktiv taklif olindi.

Konferentsiyalarda Harakat tomonidan amalga oshirilgan ana shunday ishlar quyi tizimlar misolida xolis tahlil qilinib, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda boshlang‘ich tashkilotlarning mas'uliyati va ta'sirini oshirish, “ommaviy madaniyat” va axborot xurujlariga qarshi kurashishda yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirish, ta'lim sifatini ta'minlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, yoshlarni, ayniqsa o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish va ish bilan ta'minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, yoshlar o‘rtasida erta turmush qurishni oldini olish, voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va huquqbuzarliklarining profilaktikasini samarali tashkil etishda ko‘maklashish kabi masalalarga atroflicha to‘xtalib o‘tiladi.