Navoiy viloyatida yaratilgan ish o‘rinlarining 73 foizi qishloq joylariga to‘g‘ri kelmoqda
2016 yil 9 iyunda o‘tkazilgan mazkur brifing davomida viloyat Mehnat Bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Shakarov jurnalistlarga Navoiy viloyatida 2016 yilning yanvar-may oylarida aholi bandligini ta'minlash, mehnatni muhofaza qilish va mehnat va bandlik sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini ta'minlash orasida amalga oshirilgan ishlar xususida axborot berdi.
Axborotga ko‘ra, viloyat aholisi bugungi kunga kelib 930,7 mingtani, shundan mehnat resurslari 543,5 mingtani tashkil etdi. Shu bilan birgalikda, viloyatda iqtisodiy faol aholi 443 ming nafarni tashkil etib, shundan 421,2 ming nafari bugungi kunda iqtisodiyotning turli sohalarida band.
Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan “Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi”ga binoan viloyat bo‘yicha barcha maqsadli dasturlarga binoan 41 mingdan ortiq ish o‘rinlari tashkil etish belgib olingan. Joriy yilning yanvar-may oylarida viloyatda barcha yo‘nalishlarda 14561 ta ish o‘rinlari tashkil etildi hamda oylik dastur (14822 ta) ko‘rsatkichlari 102 foizga uddalandi.
Yaratilgan ish o‘rinlarining 10790 tasi yoki 73 foizi qishloq joylarida tashkil etilgan bo‘lsa, umumiy yaratilgan ish o‘rinlaridan 13449 tasi yoki 90 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga to‘g‘ri keldi.
Viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning maqsadli dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish orqali 4340 ta ish o‘rinlari tashkil etildi. Shundan sanoat sohasidagi asosiy dasturlarni amalga oshirish natijasida – 1659 ta, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida – 1099 ta, qishloq xo‘jaligida (meva-sabzavot mahsulotini yetishtirish, issiqxona, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik xo‘jaliklarini tashkil etish hisobiga) - 501 ta ish o‘rinlari yaratilgan.
Shu kabi, viloyatda kam quvvatli, faoliyatsiz korxonalar va bo‘sh turgan obektlarni moliyaviy sog‘lomlashtirish dasturlari doirasida 488 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Bundan tashqari tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlari hisobiga 3756 ta, yakka tartibdagi tadbikorlikni rivojlantirish hisobiga 2824 ta, uy mehnatining barcha shakllarini tashkil etish hisobiga 653 ta hamda dehqon va fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish hisobiga 3249 ta ish o‘rinlari yaratildi.
Tuman, shahar Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlariga joriy yilning yanvar-may oylarida jami 3915 nafar fuqarolar ish so‘rab murojaat etishgan bo‘lib, ulardan 3245 nafari ishga joylashtirilgan, 38 nafar ishsizlar qayta kasbga o‘qitildi va ushbu maqsadlarga 7,5 mln so‘m sarflandi, 75 nafar fuqarolar vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan va ushbu maqsadlarga 8,9 mln mablag‘ sarflangan.
Joriy yilda ishsiz fuqarolarni, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish va korxonalarni kerakli kadrlar bilan ta'minlashga yordam berish maqsadida o‘tgan davr mobaynida tuman va shahar hokimliklari, o‘rta-mahsus kasb ta'lim boshqarmasi, tegishli idoralar bilan hamkorlikda 9 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari o‘tkazilgan bo‘lib, yarmarkalarga 609ta korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi 2416 ta bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etishdi. Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga jalb etilgan 1443 nafar fuqarolardan, 462 nafari doimiy ishga joylashish uchun yo‘llanmalar olishdi. Shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari orqali, 420 nafar fuqarolar esa mehnat qonunchiligi bo‘yicha turli xil maslahat, tushuntirishlar oldilar.
Bundan tashqari, har oyda mehnat vazirligining “ish.mehnat.uz” saytiga barcha hududlarda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari joylashtirib borilmoqda.
Aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha ustuvor ravishda asosiy e'tibor mehnat bozoriga birinchi marta kirib kelayotgan yoshlar (14,0 ming kishi), faol ish qidirayotgan aholi (14,7 ming kishi) hamda chet eldan qaytib kelayotgan (7,8 ming kishi) fuqarolarga qaratilgan.
2016 yil yanvar-may oyi davomida bosh boshqarmaning davlat Huquq inspeksiya tomonidan jami 32 ta tekshirish o‘tkazilib, shundan 7 tasi Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Kengashi tomonidan tasdiqlangan 2016 yil tekshirish rejasiga asosan, 9 tasi Nizom talablari asosida, 5 tasi byudjyet hisobidan moliyalashtiriladigan korxona-tashkilotlarda va 11 tasi prokuratura va boshqa organlar topshirig‘iga asosan tekshirishlar o‘tkazilgan.
Shu jumladan, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Kengashi tomonidan tasdiqlangan 2016 yil tekshirish rejasiga asosan o‘tkazilgan 7 ta tekshirishlarda jami 27 ta qonunbuzilishlar aniqlanib, barcha tekshirishlarda xo‘jalik yurituvchi sub'yekt raxbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi va qonunbuzilishlar bartaraf qilinganligi haqida yozma ma'lumotlar olindi. O‘tkazilgan 7 ta tekshirishda qonunni qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘yilgan va bu borada qonunni buzgan 5 nafar mansabdor shaxslarga 1693,1 ming so‘m jarima solinib, xisobot davrida barchasi undirilishiga erishildi.
Shu bilan birgalikda Byudjyet tashkilotlarida o‘tkazilgan 5 ta tekshirishlarda jami 36 ta qonunbuzilishlar aniqlanib, barcha o‘tkazilgan tekshirishlarda tashkilot rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi va qonunbuzilishlar bartaraf qilinganligi haqida yozma ma'lumotlar olindi. O‘tkazilgan 5 ta tekshirishda qonunni qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ygan 5 nafar mansabdor shaxslarga 1302,5 ming so‘m jarima solinib, hisobot davrida barchasi undirilishiga erishildi.
Nizom asosida o‘tkazilgan 9 tekshirishlarda jami 28 ta qonunbuzilishlar aniqlanib, qonunni qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ygan 9 nafar mansabdor shaxslarga 2735,1 ming so‘m jarima solinib, hisobot davrida barchasi undirilishiga erishildi.
Bo‘sh ish joylari bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni haqqoniyligini o‘rganish buyicha 12 ta korxonada monitoringlar o‘tkazilgan va 1 ta korxonada 7 ta bo‘sh ish o‘rinlarini yashirganligi aniqlandi va ushbu korxonaning mansabdor shaxsiga 390,7 ming so‘m jarima solindi.