17:49 / 18.06.2016
6777

Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi ikki tomonlama munosabatlar haqida gapirdi

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammiti arafasida Xitoy Xalq Respublikasining (XXR) O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze Sinxua axborot agentligi muxbiriga eksklyuziv intervyu berdi. Unda so‘z xitoy-o‘zbek munosabatlari haqida bordi. 

Muxbirning "Siz xitoy-o‘zbek munosabatlarini qanday baholaysiz? degan savoliga elchi Xitoy va O‘zbekiston uzoq yillar davomida do‘stona munosabatlarni saqlab kelayotganini ta'kidladi.

1992 yilda diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik darajasi muntazam ravishda oshib kelgani qayd etildi. 2012 yilning iyunida xitoy-o‘zbek munosabatlari strategik hamkorlik bosqichiga ko‘tarildi. 

So‘nggi yillarda Xitoy va O‘zbekiston davlat rahbarlarining ikki tomonlama hamda ShHT doirasida tez-tez uchrashib turishi kuzatilayotgani ta'kidlandi.

"2015 yilda Xitoy va O‘zbekiston prezidentlari ikki uchrashuv va bitta telefon muloqoti o‘tkazishdi. Ikki davlat rahbari o‘rtasidagi iliq munosabat va do‘stona aloqalar xitoy-o‘zbek munosabatlarining mustahkamlanishiga turtki bo‘lmoqda. Bugungi kunda siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda, shuningdek xavfsizlik borasida sermahsul natijalarga erishildi. BMT, ShHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida Pekin va Toshkent o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalari yuqori pog‘onalarga ko‘tarilmoqda", - dedi Sun Litsze. 

XXR rahbari Si Tszinpinning iyun oyi oxiridagi tashrifidan qanday natijalar kutish mumkinligi to‘g‘risidagi savoliga elchi quyidagicha javob berdi: "Ipak yo‘lida yaxshi do‘st, aka-uka va hamkor bo‘lib kelgan Xitoy va O‘zbekiston xalqlari bu ajoyib yo‘lning tarixini birgalikda yaratishgan. Bugun ikki mamlakat gumanitar aloqalarni rivojlantirib hamda "Ipak yo‘lidagi iqtisodiy tizim"ni hamkorlikda qurish imkonidan foydalanib, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy almashinuv yo‘lida sa'y-harakat qilishda davom etishmoqda.

ShHT sammiti doirasida Si Tszinpin va Islom Karimov ikki tomonlama munosabatlarning keyingi rivojiga va turli sohalardagi hamkorligiga bog‘liq chuqur fikr almashishadi. Ishonchim komilki, bu yilgi tashrif Xitoy-O‘zbekiston munosabatlaridagi yangi sahifani ochadi", - deb javob berdi. 

Shuningdek, XXRning davlatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Xitoy va O‘zbekiston tabiiy resurslar va ishlab chiqarish omillari sohasida bir-birini to‘ldirib turishini ta'kidladi.

"Hozirgi paytda O‘zbekistonda neft va gaz, transport, telekommunikatsiya, tekstil, irrigatsiya va yangi energiya manbalari sohalarida 600dan ortiq xitoy korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda", - dedi Sun Litsze. 

ShHT va uning istiqbollari rivoji to‘g‘risidagi savolga elchi so‘nggi 15 yil ichida barcha sohalardagi hamkorlik aloqalari sermahsul bo‘lgani va xaqaro tashkilotning yangi tipdagi modeli topilgani hamda uning "katta oilaga" aylanganini qayd etdi. XXR ShHT doirasida barcha mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama hamkorlik qilishga katta e'tibor qaratishi hamda Toshkentdagi sammitning muvaffaqiyatli o‘tishi uchun boshqalar bilan teng harakat qilishga tayyor ekanligi ta'kidlandi.

Top