Jamiyat | 18:12 / 21.06.2016
21655
8 daqiqa o‘qiladi

Ko‘ngil qo‘ygan kishisiga shantaj yo‘li bilan erishmoqchi bo‘lgan “oshiq” jinoiy javobgarlikka tortildi

Sarvar telefonda adashib, bu Qodir akaning raqami emasligini bilganidan so‘ng yoqimli ovoz sohibasi uni rom etib qo‘ydi. U hozir taxminiy raqamga qo‘ng‘iroq qilgan, agar kimdir ko‘tarsa, qitmirona so‘zlar bilan jig‘iga tegishni rejalashtirgan va shu yo‘l orqali zerikishdan qutulmoqchi edi. Lekin qulog‘iga sohir kuydek eshitilgan ovoz o‘ylarini tonggi tumandek to‘zg‘itib yubordi. So‘ng qiz bilan qanday qilib bo‘lmasin, yaqindan tanishishni maqsad qildi. Bu haqda “Huquq” gazetasi yozmoqda.

– Telefon qilib tursam maylimi, – degan savoliga qizning qat'iylik bilan – Yo‘q!-deya javob bergan bo‘lsada, Sarvar bundan chiroyli shirali ovoz sohibini qo‘ldan chiqarishni istamadi. “Kim bilsin, o‘zi ham ovozidek chiroylidir”...  
Shu kundan boshlab Sarvarning ko‘ngliga o‘t tushdi. “Ovozining nozikligiga qaraganda, hali ancha yosh ko‘rinadi, demak ilintirib olish qiyin kechmaydi”.

Sarvar qizlar borasida anchayin tajribali bo‘lgani bois (bundan oldin ham bir nechta qizlarni o‘zining ta'biri bilan aytganda, “qo‘ldan o‘tkazgan” edi-da), o‘ylanib o‘tirmasdan ishqiy SMSlar yuborishdan boshladi. Javob kelmasa ham reja o‘z samarasini berishiga ishonchi komil yigit ortga chekinishni xayoliga ham keltirmas, ora-orada qo‘ng‘iroq qilib turar, qiz (o‘ylaganidek) yosh, sodda, shu paytgacha sevgi izhorlariga boy maktub olmagani, akasi va sinfdoshlaridan boshqa yigit bilan yaqin munosabatda bo‘lmagani uchun bu holat unda notanish yigitga nisbatan qiziqish uyg‘otgan, shundanmi, qo‘ng‘iroqlarga qo‘rslik bilan bo‘lsa-da javob berib turar, kelgan SMSlarni dugonalariga ko‘rsatib, maqtanib ham qo‘yardi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Sarvar qarmog‘iga ilinib ulgurgan qizni uchrashishga ko‘ndirdi. Qiz kuchli hayajon va bir oz qo‘rquv og‘ushida kelishilgan joyga yetib bordi. Ko‘rinishidan uchrashuvga obdon tayyorlangani shundoqqina sezilib turar, bu hayotidagi ilk uchrashuvi edi uning. 

- Salom berdik.

Yonginasidagi daraxt panasidan to‘satdan chiqib kelgan, qoshlari quyuq, baland bo‘yli, istarali (har holda qizga shunday tuyuldi), ko‘zlariga tushib turgan sochi zamonaviy turmaklangan, siyrak soqoli yangi maysadek unib qolgan, chiroyli kiyingan, tasavvuridagi shahzodasini eslatuvchi o‘sha, boshida bir necha bor jyerkib berishiga qaramay, qayta-qayta ko‘nglini ochavergan, oxir-oqibat ko‘ngliga yo‘l topgan va ovozini eshitganda yuragi bir hapriqib tushadigan bo‘lib qolgan yigitning telefondagiga qaraganda bir oz dag‘al ovozda bergan salomiga sekingina “yaxshimisiz” deb qo‘ya qoldi.

 - Sizni ko‘radigan kun ham bor ekan-ku, qaysarxon.

Xushomaddan anordek qizargancha bejirim tuflisiga tikilib qolgan, belini quchib turgan uzun sochlari tim qora, qayrilma kipriklari yarim oy shaklidagi ingichka qoshlariga tegay-tegay deb turgan, yuzi sutga chayilgandek oppoq, kelinlarga havas qilib, nozik barmoqlariga uzuk taqib olgan, qisiq ko‘zlari joduvash qizga qarab Sarvar qarshisida pari turganiga ishonch hosil qildi. Tasavvur qilganidanda go‘zal! 

Sarvar qizning ismi Shamsiya ekanligini  so‘rab bilgach, yo‘l-yo‘lakay  ismining ma'nosi bilan bog‘liq turli taxminlarni aytib, qizga kulgi ulasha ketdi.

Uchrashuv uchrashuvlarga, suhbat suhbatlarga ulanib, o‘rtada shunchaki qiziqish tufayli yuzaga kelgan munosabat muhabbatga aylanib qolganligini sezmay ham qolishdi. Sarvar qizni haqiqatan ham yaxshi ko‘rib qolgan, Shamsiya ham tengdoshlariga xos orzumand qizlar qatori yigitga bokira tuyg‘ularini ishonib topshirgandi. Yigit orzusidagi qizni uchratganidan terisiga sig‘mas, bir kun kelib unga uylanaman, deya o‘ziga o‘zi va'da ham berib qo‘ygandi.
Munosabatlari chuqurlashib, sevishganlar uchrashuvlardan birida bog‘ning hilvat go‘shasiga o‘tishdi... 

Xuddi “kinolardagidek” sodir bo‘lgan bu holatni telefoniga suratga olgan Sarvar “do‘ppi tor kelganda” ushbu suratlardan foydalandi, ammo...

Roppa-rosa to‘rt yil o‘tganidan so‘ng Sarvar qizning uyiga sovchi yubormoqchi ekanligini aytdi. Qizning roziligini fahmlaganidan so‘ng yigit vaqtni o‘tkazmay sovchi qo‘ydi. Shamsiyaning ota-onasi rad javobini bergach, tutoqib ketgan yigit qanday bo‘lmasin qizni qo‘ldan chiqarmaslik yo‘llarini qidira boshladi.

-  Otangga aytmadingmi meni sevishingni?

-  Yo‘q, aytolmadim, - qisqa javob qaytardi qiz. – Sizdan iltimos, menga boshqa qo‘ng‘iroq qilmang, ota-onamga qarshi chiqolmayman.

Qizning oxirgi gapi mana shu bo‘ldi. Ammo Sarvar bu bilan tinchimadi. Qizga turli raqamlardan qo‘ng‘iroq qilar, akasining qo‘l telefoniga esa uning sha'niga tegadigan, kurakda turmas SMSlar yuborar, alamdan o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Hatto bir safar Shamsiyani ko‘chada uchratib qolganida “Bilib qo‘y, seni mendan boshqa hech kim olmaydi, negaki nomingni fohishaga chiqaraman”, deyishgacha bordi. Ana shunday kunlarda uning joniga yaqin do‘sti Anvar oro kirdi. Sarvar do‘sti Anvarning “maslahat” i bilan  haligi suratlarni Qarshi shahridagi suratxonalarning birida yetarlicha ko‘paytirib, Shamsiya va uning qo‘shnilarining eshigi ostiga tashlab ketdi. Telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng Shamsiyaning tug‘ilgan kunida uyushtirilgan bu “sovg‘a”ni olish uchun qizning otasi va akasi darvozadan chiqdi. Ular darvoza ostiga tashlab ketilgan, Sarvar va Shamsiyaning o‘sha holatlari aks etgan suratlarni ko‘rishdi. Otasining qo‘lidagi bu suratlarni ko‘rgan Shamsiya yig‘laganicha yugurib, xonasiga kirib ketdi.

Qizi bilan gaplashib olgan ota Qarshi shahar IIB boshlig‘i nomiga sha'ni tahqirlangan qizi nomidan ariza yozdi. Afsuski,  o‘z niyatiga yetishishning “o‘zgacha” yo‘lini topgan oshiq bu qilmishining nafaqat insoniylik fazilatlariga, balki qonunga ham to‘g‘ri kelmasligini anglab yetmagandi. Holbuki, birovning sha'niga tegish, yomonotliq qilish, tahqirlash jinoyat hisoblanadi. Sudning hukmi bilan “oshiq” va uning “maslahatgo‘y” oshnasiga qonuniy chora ko‘rilib, ular tegishli jazoga tortildilar.

Qissadan hissa shuki, muhabbat - ulug‘ tuyg‘u. Ko‘ngil qo‘ygan kishisiga inson bunday yo‘l bilan yetishishga urinmaydi. Chiroyli xulq, mardlik bilan erishadi.