15:14 / 07.07.2016
4609

Hindiston g‘arbida ro‘y bergan ikkita YTHda kamida 24 kishi qurbon bo‘lgan

Hindistonning Rajaston shtatida sodir bo‘lgan ikkita avtohalokatda kamida 24 kishi nobud bo‘lib, 55 kishi tan jarohati olgan, deb xabar qilmoqda Doordarshan telekanali. 

Birinchi hodisa Bxilvara okrugi Bandor shahrida 7-iyulga o‘tar kecha yuz bergan. Aravasida 50dan ortiq kishini olib ketayotgan traktor tepalik yo‘lida shag‘al olib ketayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. 13 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 40 kishi jabrlangan. 

Ikkinchi baxtsiz voqea Siroxi okrugida 7 iyul ertalab sodir bo‘lgan. Yuk mashinasi bilan to‘qnashgan avtobus ag‘darilib ketishi natijasida 11 kishi halok bo‘lib, 15 kishi yaralangan. 

Aytish joizki, Hindiston yo‘llarining achinarli holati va haydovchilarning malakasiz boshqaruvi jiddiy avtohalokatlarga sabab bo‘ladi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda har kuni 400 kishi avtohalokat qurboni bo‘lsa, bir yilda salkam 150 ming odam shu kabi fojialar tufayli hayotdan ko‘z yumadi. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa, bu raqam so‘nggi yillarda birmuncha oshib, bir yilda 200 ming atrofida inson qurbon bo‘lishini ta'kidlaydi. 

 

Foto:© Flickr

Top