O‘zbekistonda ajrashishlar soni ko‘payib, nikohlar soni kamayib ketmoqda
Statistik ma'lumotlar oxirgi yillarda O‘zbekistonda nikohlar soni kamayib, ajrashishlar soni ko‘payganidan darak bermoqda.
O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining oxirgi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilning yanvar-iyun oylarida FHDYo idoralari tomonidan 92,4 mingta nikoh va 14,8 mingta ajrashish qayd etilgan. O‘zbekiston bo‘yicha nikoh tuzish koeffitsiyenti 5,9 promilleni (ya'ni har 1000 kishiga 5,9 ta nikoh to‘g‘ri kelgan), ajrashishlar esa 0,9 promilleni tashkil qilgan.
Agar o‘tgan yillar bilan taqqoslansa, nikohlar soni birmuncha kamaygan. 2014 yil yanvar-iyunida 107,8 mingta yangi oila tuzilgan, 14,4 mingtasi esa tarqab ketgan.
2015 yilda hammasi bo‘lib 287 mingta nikoh qayd etilgan. 2014 yilda esa 295,6 mingta yangi oila paydo bo‘lgan, 28,7 mingtasi tarqab ketgan. 2013 yilda 303 mingta yangi oila paydo bo‘lgan, 24 mingtasi tarqab ketgan.
O‘zbekiston Respublikasi Xotin-Qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova intervyularidan birida O‘zbekistonda ajrashishlar soni yoshlar hali turmush qurishga tayyor emasliklari, o‘z sog‘liqlariga bepisand qarashlari, yosh yigitlar oilasini boshqarish va tebrata olishga qodirmasliklari, o‘z farzandlarining tarbiyasi uchun javobgarlikni his qilmasliklari, qizlar esa oila, onalik nima ekanligini bilmasliklari sababli ko‘payayotganini ta'kidlab o‘tgandi.
Bositxonovaning fikricha, ko‘proq 20-25 yoshdagi yoshlar nikohlarini bekor qilmoqdalar. Bunday yoshdagilarning turmushi uzog‘i bilan yarim yilga boradi. Ajrashishlar muammosi tahlilining ko‘rsatishicha, 18 foiz holatda ajrashish er-xotinning bir-birini tushunmasligi, 22 foiz holatda esa ko‘ngilning yo‘qligi, fe'l-atvorlarning bir-biriga mos tushmasligi sababli yuz bermoqda. Ajrashishlarning boshqa sabablari orasida shuningdek, farzandlarning yo‘qligi, er-xotindan birining kasalligi (misol uchun, ichkilikbozlikka ruju qo‘ygani) kabilar bor.