Amerika Qöşma Ştatlari davlat rahbarligiga saylovlar roppa-rosa yuz kundan söng, 8 noyabr kuni bölib ötadi. Amerikaliklar Demokratik partiyadan nomzodi ilgari surilgan Hillari Klinton va uning raqibi respublikaçi milliarder Donald Trampdan birini tanlaşi lozim böladi. Ularning ikkisi ham öz vatanlari kelajagi borasida turliça yondaşuv tarafdorlari ekanini saylovoldi kampaniyasining ilk bosqiçida oşkor qilib bölişdi. 

The Wall Street Journal gazetasining qayd etişiça, asosiy nomzodlarning ikkisi ham "saylovçilarga davlatçilik borasida şunçalik köp turli qaraşlarni taqdim etişmoqdaki, ularni bir-biriga zid deyiş töğri bölar edi". Şu munosabat bilan, naşr ularning içki va taşqi siyosatga oid u yoki bu muammoga nisbatan fikrini jamlaşga qaror qilgan. 

"Tramp Rossiya bilan yangi alyans taşkil etiş ğoyasini bildirgan bölsa, Klinton xonim, Moskva bilan munosabatlarni murakkab deya baholagan. U davlat kotibasi lavozimidan ketişi arafasida prezident Obamaga yozgan memorandumida Rossiya bilan aloqalar eng quyi nuqtasiga yetganini ta'kidlagandi".

Tramp Xitoy bilan munosabatlar borasida ham oçiq-oydin qaraşga ega bölib, "rasmiy Pekinni özining saylovoldi kampaniyasi boşidan beri tanqid qilib keladi. Trampning fikriça, aynan Xitoy AQŞning ayniqsa iqtisodiyot sohasidagi asosiy raqibi hisoblanadi", -deb yozadi The Wall Street Journal.

Milliarder "Janubiy-Xitoy dengizidagi amerikalik harbiylar sonini köpaytirişini ta'kidlaydi". Bundan taşqari, u Amerika intellektual mulkini himoya qilişi va Pekinning subsidiyalar hisobiga eksportni kuçaytirişiga qarşi kuraşişini bildirgandi. 

Öz navbatida, Klinton xonim "doimo Xitoyni inson huquqlari borasida tanqid qiliş"i bilan birga, AQŞ va XXR örtasida "hamkorlikning ijobiy aloqalari" şakllanganini ta'kidlaydi. 

Tramp, The Wall Street Journalning yodga olişiça, "öz çegaralaridan terrorçilarning ötişiga qarşilik körsata olmayotgan yevropalik yetakçilar xususida öta salbiy fikrlarni bildirgan edi".

U, Buyuk Britaniyaning YeI tarkibidan çiqişini ijobiy baholab, Germaniya va boşqa mamlakatlardan NATO byudjyetiga köproq mablağ ajratişni talab qilmoqda.