9 avgust - jahon tub xalqlari xalqaro kuni
BMT Bosh Assambleyasining 1994 yil 23 dekabrda qabul qilgan (№ 49/214) rezolyutsiyaga ko‘ra, 10 yil mobaynida har yili 9 avgustda Jahon tub xalqlari Xalqaro kuni (International Day of the World’s Indigenous) nishonlanishi belgilandi. Oradan 10 yil o‘tib, ya'ni 2004 yil 20 dekabrda Bosh Assambleya yana bir (№ 59/174) rezolyutsiya qabul qildi. Unda jahon tub xalqlari Xalqaro kunini nishonlash borasida ikkinchi o‘n yillik joriy etildi. Ikkinchi o‘n yillik “Harakatlar va qadriyatlar o‘n yilligi” shiori ostida o‘tkazildi. Bosh Assambleya BMT Bosh kotibiga murojaat qilib, hukumatlar bu kunni milliy miqyosda o‘tkazish lozimligi tavsiya qilindi.
Bu kun har yili biror-bir shior ostida nishonlanadi. O‘tgan yili “2015 yildan keyingi kun tartibi: tub xalqlarning sog‘lig‘i va farovonligini ta'minlash” shiori ostida o‘tkazilgan edi. 2014 yilgi shior esa “Tarqoqlikni bartaraf etish: tub xalqlar huquqlarini ta'minlash” edi. Bu yilgi mavzu “Tub xalqlarning ta'lim olish huquqi”, deb nomlanadi. Shuni ta'kidlab o‘tish kerak-ki, tub xalqlarning ta'lim olish huquqlari BMTning tub xalqlar huquqlari to‘g‘risidagi Deklaratsiyada himoya qilingan. Hujjatning 14-moddasida tub xalqlar o‘zlarining ta'lim tizimlari va o‘quv muassasalarini tashkil qilish va nazorat qilish, ona tillarida ta'lim olish huquqiga ega ekanliklari belgilab qo‘yilgan. Tub xalqlar vakillarining ta'lim olish huquqi boshqa xalqaro hujjatlarda ham kafolatlangan.
Biroq shunga qaramay ayrim mamlakatlarda tub xalqlarning ta'lim olish huquqi to‘la ma'noda ta'minlanmagan. Ta'lim tub xalqlar huquqlarini ta'minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, aynan ta'lim orqali ular o‘z madaniyatlari, til va bilimlarini saqlab qolishlari mumkin. Shu sababli ham xalqaro hamjamiyat tub xalqlarning ta'lim olishiga katta ahamiyat qaratib keladi.
Tub xalq vakillari deganda kimlar tushiniladi?
BMTning Kamsitishlarning oldini olish va Kamchilik huquqlarini himoya qilish komissiyasining Maxsus Hisobotida “bosqinchilar egallab olgunga qadar tarixiy hududlarida istiqomat qilgan aholi vakillari tub xalq” deb aytilishi ta'kidlanadi. Bugungi kunda dunyoda 300-500 million atrofida tub xalq vakili istiqomat qiladi. Tub xalqlarni yer yuzining barcha hududlarida uchratish mumkin. Ularning ro‘yxatiga Uzoq Sharqdagi evenki, Shimoliy Amerikadagi eskimos va aleutlarni, Skandinaviyadagi saamlarni, Yangi Zelandiyadagi maorilarni, Amerika hindularini kiritish mumkin. Amerikada hindular “tub amerikaliklar” deyiladi. Ayrim mamlakatlarda tub xalqlar mamlakat aholisining katta qismini tashkil qilsa, boshqa mamlakatlarda ozchilikdan iborat. Shu sababli ham tub xalq vakillari o‘z yerlarini, tillarini, madaniyatlarni, an'anaviy turmush tarzlarini saqlab qolishga intilib keladi. Tub xalqlar boy madaniy xilma-xillikni saqlovchilardir. “Tub xalqlar” iborasi xalqaro-huquqiy muomalaga kiritilgan va BMTning bir qator hujjatlarida o‘z aksini topgan. “Aborigenlar”, “avtoxtonlar”, “tuzemliklar” “tub aholi” kabi atamalar ham bo‘lib, ammo bu iboralar huquqiy hujjatlarda ishlatilmaydi.
Ma'lumki, tub xalqlar muntazam adolatsizliklar bilan to‘qnashib keladi. Bir vaqtlar ularni bosqinchilar o‘ldirishgan, kaltaklashgan, haqoratlashgan, kamsitishgan. Ko‘p hollarda tub xalq vakillari genotsid qurboniga aylangan. Tahlilchilarning fikricha, tub xalqlar jismonan yo‘q qilinmagan taqdirda ham, ularning tili va madaniyati yo‘qolib ketish tahdidi bilan to‘qnash keldi. 15-asrda boshlanib 20-asrgacha davom etgan bosqinchilik yurishlari tufayli tub xalqlar yo‘qolib ketish yoqasiga kelib qoldi. BMT bosh Assambleyasi tomonidan 2007 yil 13 sentabrida qabul qilingan rezolyutsiyada (№61/295) ta'kidlanganidek, tub xalqlar tarixiy adolatsizlik qurboniga aylanishdi. Bugungi kunda ham tub xalqlar bir qator muammolar va tahdidlar bilan to‘qnash kelmoqda. Ayrim mamlakatlarda ular rivojlanishning eng quyi pog‘onasida turadi. Tub xalqlarning vakillari savodsizlik va ishsizlik bo‘yicha eng pastki o‘rinlarda turishi sir emas. Bir qator mamlakatlarda hukumatlar tub xalqlarning huquqlarini inkor qilish holatlari ham uchrab turibdi.
Avvaliga tub xalqlarning huquqlarini asosan ekologik tashkilotlar himoya qilgan bo‘lsa, 70-yillarning o‘rtalaridan boshlab, tub xalqlarning o‘zlari milliy va xalqaro miqyosda o‘z huquqlarini talab qila boshlashdi.
2000 yilda BMTning ixtisoslashgan oltita organidan biri bo‘lmish Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash bir qator muammolarni hal qilish maqsadida tub xalqlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi BMTning Doimiy Forumini joriy qildi. Bu Forum tub xalq vakillaridan iborat 8 nafar ekspertdan iborat bo‘lib, bir yilda bir marta to‘planib, o‘n kun mobaynida Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengash uchun yillik Hisobot tayyorlaydi.
Bundan tashqari, BMTning tub xalqlarning inson huquqlari bo‘yicha Deklaratsiyasi Loyihasining Ishchi guruhi ham faoliyat yuritadi. Ishchi Guruhi ham tub xalqlar huquqlari bo‘yicha ish olib boradi.
Dunyodagi tub xalqlar masalalari bo‘yicha Markaz tadqiqot va ta'lim muassasasi bo‘lib, tub xalqlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayotga jalb qilish bilan shug‘ullanib keladi.
BMTning ayrim muassasalarida ta'lim orqali tub xalqlarning madaniyatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Masalan, Bolalar Jamg‘armasi (YUNISEF) Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrikadagi mamlakatlarda istiqomat qilayotgan tub xalqlar vakillarining bolalari ahvoliga alohida ahamiyat beradi. YUNISEF mazkur mintaqalardagi mamlakatlar hukumatlari bilan tub xalqlar vakillari bolalarining boshlang‘ich ta'lim olishi yo‘lida bir qator loyihalarni hayotga tatbiq etib keladi.
YuNeSKO esa tub xalqlarning madaniyati va turmush tarziga bag‘ishlangan keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Sharofiddin To‘laganov / TNEWS.UZ
Mavzuga oid
17:11 / 15.11.2024
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
17:00 / 05.11.2024
O‘tgan yuz yilda sunami 260 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi - BMT
14:10 / 05.11.2024