FT: Jahon demokratiyasi inqirozni boshdan kechirmoqda
Butun dunyo demokratiyasi turg‘unlik davrini yashamoqda, deb yozadi Britaniyaning Financial Times gazetasi.
Maqolada qayd etilishicha, ba'zan bir yoki ikkita hodisa jahondagi siyosiy kayfiyatni belgilaydigan bo‘lib qolgan. Masalan, 1990-yili Nelson Mandelaning janubiy Afrika qamoqxonasidan ozod etilishi Berlin devori qulashidan atigi 3 oy o‘tar-o‘tmas sodir bo‘ldi. Biroq, ushbu ikki voqelik butun dunyo demokratlari va liberallariga quvvat bag‘ishladi.
Nashrning afsus bilan qayd etishicha, bugungi kunda xalqaro hamjamiyatning kayfiyati tushkunlikka yuz tutgan bo‘lib, demokratiya tomon yon bosmayapti. Bunga, birinchi navbatda 2011-yili avj olgan «arab bahori» sababdir. Ko‘plab siyosatchilar, endilikda, jamiyatni bevaqt demokratlashtirishning salbiy oqibatlari xususida fikr yuritib, aynan Yaqin Sharqni misol qilib ko‘rsatishmoqda.
Demokratiya uchun yomon davr boshlanganini statistik ma'lumotlar ham isbotlaydi. Freedom House tahliliy instituti ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda butun dunyo bo‘ylab siyosiy erkinliklar qisqarib bormoqda, chegaralanmoqda. 2015-yili ozodlik va erkinliklar borasida jiddiy to‘siqlar qo‘yilgan davlatlar soni 72taga yetgani o‘n yillikning o‘ziga xos rekordidir.
Jahonning eng erksiz hududi hozirda Yaqin Sharq mintaqasi bo‘lib qolmoqda, deb yozadi FT. Biroq, ekspertlarning fikricha, huquq va erkinliklarning u yoki bu darajada buzilishi hamma yerda, Osiyo, Rossiya, Yevropaning qator mamlakatlari, xususan Polsha va Vengriya, hatto «erkin dunyoning yetakchisi hisoblangan» AQShda ham sodir bo‘lmoqda. Jumladan, FT nashriga ko‘ra, AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasi nomzodi Donald Tramp saylovda g‘alaba qozonmagan taqdirda ham, u allaqachon Amerika demokratiyasi nufuzi va obro‘siga putur yetkazib bo‘lgan.
Shu bilan birga, gazeta bu boradagi ijobiy siljishlarni ham qayd etgan. Masalan, Birmada yarim asrdan beri ilk marotaba fuqarolik boshqaruvi hukmronlik qilmoqda. Aholi soni bo‘yicha dunyoning to‘rtinchi mamlakati bo‘lgan Indoneziyada ham demokratiya mustahkam o‘rnashib oldi. Nigeriyada o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida amaldagi davlat rahbari mag‘lub bo‘ldi va hokimiyatni tinch yo‘l bilan yangi vorisiga topshirdi.