Olimlar televizor pultini kitobga almashtirishni tavsiya qilishdi
Kitob mutolaa qilish nafaqat aqlan zaiflashishning oldini oladi, balki umringizni ham uzaytiradi. Yyel universiteti tadqiqotchilari bu borada ilmiy izlanish olib borib, ana shunday xulosaga kelishdi. Bu haqida newser nashri ma'lum qildi.
Tadqiqotchilar 50 yoshdan oshgan 3 635 kishini mutolaaga bo‘lgan qiziqishi borasida so‘roq qilib, ularni 12 yil davomida kuzatishgan. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bir haftada 3,5 soat yoki bir kunda o‘rtacha 30 daqiqa kitob o‘qish o‘lim xavfini 17 foizga qisqartirgan.
Haftasiga 3,5 soatdan ko‘p kitob mutolaa qiluvchilar uchun esa o‘lim xavfi 23 foizga qisqarishi ma'lum bo‘ldi. Tadqiqotchilarning fikricha, kitoblar "bilim ko‘nikmalari"ni oshirish bilan bir qatorda "hamdardlik, ijtimoiy idrok va hissiy intellektni rivojlantirish"ga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, insonning yashovchanlik xususiyatini oshiradi.
Gazeta va jurnallarni mutolaa qiluvchi kishilar ham umuman o‘qimaydiganlarga nisbatan ko‘proq yashashar ekan. Biroq ularning natijalari kitob o‘qiydiganlarnikidan biroz kamroq bo‘lgan.
"Kitoblar o‘quvchilarga foydali ma'lumotlarni yetkazadi (gazetalarga nisbatan) va shunga muvofiq, ularning hayot davomiyligi ham ko‘proq bo‘ladi", - deya izoh beradi olim. Umumiy natijalarni olganda, tadqiqot o‘tkazilgan 12 yil ichida 33 foiz kitob o‘qimaydigan ishtirokchilarning hayotdan ko‘z yumganligi kuzatilgan, 27 foiz kitobxonlar esa uzoq umr ko‘rishgan. Shu bois tadqiqotchilar televizor pultini tashlab, kitoblarni qo‘lga olishni tavsiya qilishadi.